Qo‘l telefoningizdagi go‘zallik dastyorlari

Elle O‘zbekiston tahririyati AppStore’dan bu yozda siz uchun foydali bo‘ladigan go‘zallik va salomatlik ilovalarini saraladi!

03 Iyul 2024
Foto: Unsplash, Luke Chesser
Foto: Unsplash, Luke Chesser

Sun Index

“Sun Index – Vitamin D and UV” ilovasi jazirama yozda eng kerakli himoyachingiz bo‘la oladi. Ushbu ilova quyosh nurlari ostida bo‘lishni muvozanatlash, D vitaminining optimal darajasini aniqlash va quyoshda kuyishning oldini olishga yordam beradi. Bu dastur joriy UV indeksini ko‘rsatib, terining sog‘lom va yosh qolishi uchun quyosh nurlari ostida xavfsizlikni ta’minlash haqidagi shaxsiy tavsiyalarni ham berib turadi.
Ilova yordamida siz quyosh nurlaridan himoya qiluvchi istalgan kremning shtrix-kodini skanerlashingiz mumkin. Bu bilan krem sizning teringizga mos keladimi yoki yo‘qmi, shuni aniqlab olasiz. Qolaversa, ilova orqali siz sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalangan holda tanangizdagi xollaringizni ham kuzatishingiz mumkin.

Ilova qanday ishlaydi? Sun Index sizning joylashuvingizga qarab, ob-havo ma’lumotlarini avtomatik tarzda yangilaydi. Ya’ni tashqariga chiqishingiz mumkin bo‘lgan eng xavfsiz vaqtni aniqlaydi va hattoki quyoshdan himoyalovchi kremni qayta surishingizni eslatib turadi (o‘lchamlaringiz va kiyimlaringizdan kelib chiqqan holda miqdorni oldindan hisoblash orqali).

Beautylish

Go‘zallik sayti iPhone uchun maxsus ilova yaratdi, unda siz juda mashhur va tor doiradagi brendlarning ko‘plab mahsulotlari haqida to‘liq ma’lumot olishingiz mumkin. Bu yerdan siz kosmetikadan qanday foydalanish to‘g‘risidagi mutaxassislarning foydali maslahatlarini, yangi mahsulotlar sharhlarini, boshqa hamjamiyat a’zolari bilan suhbatlarni, o‘quv-darslik videolarni va ilhomlantiruvchi kontent-suratlarni topishingiz mumkin.

Beauty Pro Mobile

Bu ilova sanoat professionallari uchun ishlab chiqilgan. U go‘zallik markazlari ma’murlari, ustalari va rahbarlarining ishlarini osonlashtiradi. Ushbu ilova bilan endi yoningizda kompyuteringiz yo‘qligi muammo bo‘lolmaydi. Beauty Pro Mobileda siz mijozlar ro‘yxatini yuritishingiz, ularning tashriflari va xaridlari tarixini yoningizda saqlashingiz, jadval yaratishingiz va uni o‘zgartirishingiz mumkin.
Xuddi shunday funksiyalarni «Masters» dasturi ham taqdim etadi.

Foto: Unsplash, Cut Collective

OPI Nail Studio

Tirnoq bo‘yoqlarini ishlab chiqaruvchi OPI ilovasi sizga keng turdagi ranglar palitrasida to‘g‘ri tanlov qilish imkonini beradi. Unda siz terining tusi va tirnoq uzunligini belgilashingiz, manikyur turini tanlashingiz, shu bilan birga, tanlangan rangning qo‘llaringizda qanday ko‘rinishini kuzatishingiz mumkin. Ilova, shuningdek, foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida brendning so‘nggi yangiliklaridan xabardor bo‘lishga yordam beradi.

Water Balance

Bir nechta ilovalar yordamida tanangizdagi suv balansini nazorat qilish mumkin. Water Balance suyuqliklar hisobini yuritishga yordam beradi. Shuningdek, ilova suyuqlikning – suvning to‘g‘ri iste’molini o‘rgatadi, chunki qahva, choy va gazli ichimliklar suv balansini buzadi, tashqi ko‘rinish va sog‘liq uchun haqiqiy foydani esa aynan suv beradi. Teri holatining yaxshilanishi va vazn o‘zgarishi dinamikasi o‘zini uzoq kuttirmaydi.

«My Water» ilovasida bizga kerak bo‘lgan suv miqdori uchun kalkulyator, eslatmalar va grafiklar ko‘rinishidagi statistika mavjud.

Water Time Tracker Reminder sizga bir stakan suvni ichish vaqti kelganini avtomatik ravishda eslatib turadi. Yoz faslida ushbu ilovadan foydalanish sizga yanada ko‘proq foyda keltiradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles