Retropoyezdlarda sayohat: nima uchun bu urfga aylandi
Yo‘llardan zavqlanish san’ati

Hozirgi kunda odamlar doimiy shoshilinchda yashashga o‘rganib qolgan bir paytda, retropoyezdlarda sayohat qilish sekinlashish va hordiq chiqarishning ajoyib usuli hisoblanadi. Bunday sayohatlar butun dunyo bo‘ylab sayyohlarning qalbini zabt etmoqda: ijtimoiy tarmoqlarda retro poyezdlarning ilhomlantiradigan video va fotosuratlarini tobora ko‘proq uchratish mumkin. ELLE O‘zbekiston tahririyati ushbu trend, shuningdek, bu turdagi sayohatning o‘ziga xos xususiyatlari va afzalliklari haqida so‘zlab beradi.
Nostalgiyadan trendgacha
Samolyotlar va avtomobillar davrida odamlar transportning sekinroq turini tanlashi g‘alati tuyulishi mumkin. Bunday sayohatlarning ommalashuvi ijtimoiy tarmoqlardan boshlandi. U yerda vintaj vagonlar va hashamatli interyerlarning fotosuratlar millionlab odamlarni ilhomlantirdi. Raqamli texnologiyalar va minimalizm dunyosida odamlar tobora ko‘proq o‘tmish muhitiga sho‘ng‘ishga va yoqimli nostalgiya hissini tuyishga intilmoqdalar.

Fotо: Dupe
Safar emas, hordiq
Poyezdda sayohat qilish nafaqat bir manzildan boshqasiga ko‘chish, balki o‘tgan asrlar ruhiga to‘la noyob sarguzashtni boshdan kechirish usulidir. G‘ildiraklar ovozi, sekin sur’at, tasodifiy tanishuvlar va hayratlanarli manzaralar sayohatchi uchun manzilga yetib borishdan ham muhimroq ahamiyat kasb etadi. Ko‘pchilikka tashvishlardan uzilib, tashqi dunyoni vaqtincha unutish imkonini beradigan yo‘ldan zavqlanish hissi tanish. San’atda hatto alohida janrlar ham ajratib ko‘rsatiladi, masalan, kinodagi “Road movie”, bunday filmlarda voqealar bosh qahramonlarning yo‘lda boshidan o‘tkazgan sarguzashtlariga asoslanadi.
Mashhur poyezdlar
Ko‘plab poyezdlar o‘zlarining tarixi va manzarali yo‘nalishlari tufayli allaqachon afsonaviy maqomga ega bo‘lgan. Mana bir nechta misol:
Orient Express – dunyodagi eng mashhur poyezdlardan biri bo‘lib, uning yo‘nalishlari Yevropa shaharlari orqali o‘tadi. Bu poyezdning tarixi XIX asrdan boshlanadi va sayohatchilar ayniqsa uning ichki bezaklarining nafisligini ta’kidlashadi;
Jacobite Steam Train – bu poyezd “Garri Potter” tufayli e’tiborni tortdi, chunki aynan u Shotlandiyadagi mashhur Glenfinnan ko‘prigini kesib o‘tadi. Poyezdning yo‘nalishi yam-yashil manzaralar va ertaknamo muhiti bilan ajralib turadi;
The Ghan – Avstraliya sahrolari va tropiklari bo‘ylab hayajonli sayohat. Sayohatchilar qit’aning haqiqiy ruhi va yovvoyi go‘zalliklarini alohida ta’kidlaydilar.

Fotо: Dupe
O‘zbekistonda ham qadimiy shaharlar bo‘ylab poyezdda sayohat qilish imkoniyati mavjud. Garchi bunday sayohatlar uchun asosan zamonaviy poyezdlardan foydalanilsa-da, yo‘l sarguzashtining o‘ziga xos jozibasi saqlanib qolgan. Sizda nafaqat Buyuk Ipak yo‘li shaharlarini ziyorat qilish, balki samolyotlarda parvoz qilganda e’tiborimizdan chetda qoladigan go‘zal manzaralarni ham tomosha qilish imkoniyati bor.
Retropoyezdda sayohatni qanday tashkil qilish mumkin?
Bu noyob tajribani sinab ko‘rishni xohlovchilar uchun yo‘nalishni oldindan rejalashtirish muhim. Ko‘plab retropoyezdlar oldindan joy band qilishni talab qiladi, ayniqsa eng mashhurlarida. Chiptalar narxi va sotib olish shartlarini oldindan ko‘rib chiqish muhim – aksariyat kompaniyalar buni dunyoning istalgan nuqtasidan onlayn amalga oshirish imkoniyatini beradi.