San’at va sportning tutashgan nuqtalari
Ikki olam birlashuvi: san’at va sport
San’at va sport butunlay boshqa-boshqa olamlar bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo aslida ular o‘rtasida tasavvur qilganimizdan ko‘ra ko‘proq umumiylik bor. San’at ham, sport ham muvaffaqiyatga erishish uchun intizom, fidoyilik va kuchli mehnat etikasini talab qiladi. Ikkala soha ham insonlarni ilhomlantirish, ko‘nglini ko‘tarish va birlashtirish qobiliyatiga ega.
Sportchilarni ko‘pincha maydon yoki kortdagi nafisligi va mahorati tufayli raqqoslar yoki boshqa san’atkorlarga qiyoslashadi. Masalan, futbol kabi shiddatli sport turini olsak, u tomoshabinlarni hayratga soladigan teatr spektakllariga qiyoslanadi. Chiroyli va jo‘shqin harakatlar o‘yinga ijodiy yondashish bilan birgalikda o‘yinning estetik jihatdan mukammalligini namoyon etadi. Futbolchilar haqida "to‘p bilan raqsga tushyapti", "haqiqiy yulduz" degan gaplarni eshitamiz, shu bois stadionlar ushbu o‘yinni tomosha qilish ilinjidagilar bilan to‘ladi.
Boshqa sport turiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, masalan, voleybolda ham san’at bilan ko‘plab kesishish nuqtalarini topishimiz mumkin. Voleybol o‘yini raqs xoreografiyasiga o‘xshash koordinatsiya, epchillik va uyg‘un harakatlarni talab qiladi. Jamoa a’zolari eng yaxshi natijalarga erishish uchun ohangdosh va muvofiqlashgan tarzda harakat qilishlari zarur, bu ko‘pincha raqs sahnalarini eslatadi.
Voleybol o‘yinlari tomoshabinlarga estetik zavq ham bag‘ishlaydi. O‘yinchilarning ravon, tez va aniq harakatlari, keskin lahzalar va o‘yinning serharakat ko‘rinishi o‘z-o‘zidan san’at shaklidagi manzarani yaratadi. Sport fotograflari o‘yinning noyob va go‘zal lahzalarini suratga tushirishga va haqiqiy san’at asarlari deb atash mumkin bo‘lgan hayratlanarli tasvirlarni yaratishga intiladilar.
Shunday qilib, voleybol va san’at har ikki sohada mavjud bo‘lgan jismoniy ifoda, estetik idrok, hissiy ta’sir va ijodiy elementlar orqali o‘zaro bog‘langan.
San’at, shuningdek, sportchilarni davolash va shaxsiy rivojlanish vositasi sifatida ham qo‘llanilishi mumkin. Ko‘pgina professional sportchilar san’atdan jismoniy va aqliy talablarni yengish usuli sifatida foydalanganlar. San’at terapiyasi sportchilarga jarohatlar va musobaqalardagi stress bilan kurashishda yordam berish uchun ham qo‘llaniladi.
Sport rassom nigohida
Werner Bronkhorst
Tabiatan ijodkor bo‘lgan Werner o‘ziga eng ma’qul kelgan yo‘nalishni topish va o‘z-o‘zini anglash uchun turli xil texnikalar va ijod vositalari bilan tajriba o‘tkazib ulg‘aydi. Zamonaviy rassom Werner Bronkhorst 22 yoshidayoq ko‘pchilik orzu qilgan muvaffaqiyat va ijodiy erkinlikka erishdi.
Ijodiy sanoat inqilobchisi sifatida tan olingan Werner hozirda Avstraliyaning ichki g‘arbiy chekkasida rassom sifatida yashab va ijod qilib kelmoqda.
Werner asli Janubiy Afrikadan. U Avstraliyaga bir yillik ta’tilga borgan va oxir-oqibat u yerda butunlay qolib ketgan. Dastlab u quruvchi bo‘lib ishlar va mebellar yasardi. Xom ashyo bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lgan Werner san’at asarlari yaratishni istayotganini anglab yetdi. U mayda-chuyda detallarni chizishni yoqtirardi.
Avstraliyada uch yil yashab, Werner san’at olamiga sho‘ng‘idi va o‘zini qo‘llab-quvvatlovchi ijodiy jamoani topdi.
Ijod bilan shug‘ullanar ekan, u o‘z asarlarini qanday yaratayotgani haqida videolar suratga olib, ularni TikTokda e’lon qildi. Werner asarlarining asosiy qahramonlari chang‘ichilar, syorferlar va boshqa sportchilardir.