Kopengagen moda haftaligi: jahon sahnasida Skandinaviya uslubi

Modaga skandinavcha yondashuv butun sanoatga muhim signal beradi

Foto: SPOTLIGHT

Kopengagen o‘zining eng ilg‘or moda poytaxtlaridan biri ekanligini yana bir bor tasdiqladi. 2025-yilning 27-yanvaridan 31-yanvarigacha Kopengagen moda haftaligi (Copenhagen Fashion Week, CPHFW) o‘tkazildi. Bu tadbir sanoat taqvimidagi oddiy voqea emas, balki yangi me’yorlarni belgilaydigan muhim mo‘ljal hisoblanadi. 2006-yilda asos solingan Haftalik tez orada o‘zini Skandinaviya dizaynerlari uchun yetakchi platforma sifatida tanitdi va uslubga o‘ziga xos qarashni taqdim etdi: funksionallik, minimallik va barqarorlik uyg‘unligi.

Moda haftaligi paytida Kopengagen ko‘chalari o‘tmish va kelajak, an’analar va innovatsiyalar uchrashuvchi tajriba maydoniga aylanadi.

Foto: SPOTLIGHT

Street style: chegarasiz moda

Kopengagen haqli ravishda eng qiziqarli moda maydonlaridan biri hisoblanadi. Bu yerda uslub mavqe masalasi emas, balki o‘zini ifoda etish vositasidir. Hashamatli brendlar ustunlik qiladigan boshqa moda poytaxtlaridan farqli o‘laroq, Kopengagenda eklektiklik, qulaylik va estetika muvozanati, siluetlarning intuitiv tarzda yaratilishi qadrlanadi. Ko‘chalarda keng shimlarni eski bomberlar bilan, massiv poyabzallarni ayollar siluetlari bilan, dag‘al terini mayin ipak bilan uyg‘unlashganini ko‘rish mumkin. Bu uslub trendlarga moslashmaydi – aksincha, ularni o‘zi yaratadi.

Kopengagen moda haftaligi shunchaki namoyishlar emas. Bu zamonaviy sanoatning asosiy qadriyatlari: barqarorlik, inklyuzivlik va o‘zini erkin ifoda etishni aks ettiruvchi madaniy hodisadir.

Foto: SPOTLIGHT

Qish va uslub: daniyaliklar – ko‘p qatlamlilik ustalari

Qish fasli moda tajribalari uchun eng qulay vaqt emasdek tuyuladi. Harorat pasayganda ko‘pchilik qulaylik va issiqlikni tanlaydi, uslubdan voz kechadi. Biroq Kopengagenda bunday emas.

Bu yerda qish ko‘p qatlamlilik bilan ishlash san’atidir. Skandinaviyaliklar kiyimlardan me’moriy obida yaratadilar. Ularning obrazlari harakatda doimo o‘zgarib turadi: birgina imo-ishora va siluet boshqacha ko‘rinish kasb etadi. Bu yerda ko‘p qatlamlilik shunchaki amaliylik emas, balki shakllar, hajmlar va teksturalar bilan o‘ynash usulidir. Bu mavsumda alohida ajralib turgan tendensiyalar orasida:

  • Bosh kiyimlar asosiy urg‘u sifatida. To‘qilgan ro‘mollar, balaklavlar va katta kapyushonlar hamma joyda uchrab, shinamlik va o‘ziga xoslik taassurotini yaratgan. Bu elementlar nafaqat sovuqdan himoya qiladi, balki tasvirning asosiy qismiga aylanadi;
  • Ikki qator tugmali paltolarning qaytishi. Minimalistik modellarning bir necha mavsumidan so‘ng ikki qatorli siluetlar yana e’tiborni tortmoqda;
  • Qo‘lqoplar zamonaviy aksessuar sifatida. Ular faqat funksional detal bo‘lmay qoldi, uslubning yorqin elementiga aylandi. Klassik charm modellar ham, trikotaj va zamshdan tikilgan uzun opera qo‘lqoplari ham mavjud bo‘lib, ular ko‘p qatlamli tasvirlarni ta’sirli yakunlaydi.

Foto: SPOTLIGHT

Kopengagenning ko‘cha uslubida eng ko‘p taassurot qoldiradigan narsa – bu tasvirlarning ishonch va tabiiylik bilan yaratilishi. Bu shunchaki kiyim emas – bu shahar manzarasiga uyg‘unlashib ketgan, mahalliy aholi so‘zlashadigan til.

Vintaj yangi andoza sifatida: uslubga aylangan ongli iste’mol

Kopengagen fast fashionni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu yerda vintaj yangi me’yorga aylandi. Kopengagen moda haftaligida eng mashhur aksessuarlar vintaj dizaynerlik sumkalari bo‘ldi. Har ikkinchi mehmonning qo‘lida bir necha o‘n yillarni boshdan kechirgan va o‘z tarixi bilan yanada qadrli bo‘lgan model borga o‘xshaydi. Louis Vuitton, Dior, Fendi, Balenciaga – bu yerda ular maqom belgilari sifatida emas, balki individual uslubning ifodasi sifatida taqiladi.

Kopengagendagi vintaj do‘konlarining ko‘pligi bu ta’sirni yanada kuchaytiradi. Shaharda zamonaviy garderobga mos keladigan tarixiy buyumlarni topish oson. Vintaj bu yerda o‘tgan davrga taqlid qilishga o‘xshamaydi – bu hayotning tabiiy davomi, zamonlar va ma’nolarning uzviy qorishmasi. Va siz bu odam hozir sumkasidan iPhone emas, balki pushti rangdagi Motorola chiqarayotganini his qilasiz.

Foto: SPOTLIGHT

Moda kelajagi

Kopengagen moda haftaligi kelajak modasi erkinlik, tajriba va onglilikdan iborat ekanini isbotlaydi. Bu yerda hech kim qat’iy qoidalarga amal qilmaydi, uslub esa intuitsiya va shaxsiy his-tuyg‘ularga asoslanadi. Modaga skandinavcha yondashuv butun sanoatga muhim signal beradi: individuallik brendlardan muhimroq, ongli iste’mol esa trend emas, balki yangi me’yordir.

Foto: SPOTLIGHT

Maqolani baham ko'ring

Related articles