Sharqona go‘zallik
O‘zbekistondagi milliy pardozning o‘ziga xos xususiyatlari zamonaviy tendensiyalar nuqtai nazaridan

O‘zbekistondagi makiyaj Sharq san’ati va zamonaviy uslubning uyg‘unligidir, shuning uchun u barcha davrlarda o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Uning asosiy xususiyati ko‘zlarning ifodaliligini alohida ta’kidlash - chuqur nigoh hosil qilishdir. Boshqa noyob elementlar sifatida aniq chegarali qoshlar, qalin sochlar va toza teri hisoblanadi. Unda ortiqchalikka o‘rin yo‘q - makiyaj faqat tabiiy go‘zallikni ko‘rsatib, unga yanada joziba baxsh etadi. Ushbu maqolada ELLE O‘zbekiston nafaqat zamonaviy usullarni tahlil qiladi, balki milliy elementlarning yangi urf-odatlarga qanday uyg‘unlashayotgani haqida ham so‘z yuritadi.
Ko‘z pardozi: ifodali nigoh
Sharqda ko‘zlarni qalb ko‘zgusi deb bilish odat tusiga kirgan, shu bois ularga alohida e’tibor qaratiladi. Qadimda o‘zbek ayollari ko‘zlarini surma bilan bezashgan, bu nafaqat ko‘z rangini ajratib ko‘rsatadi, balki bir qator foydali xususiyatlarga ham ega: ko‘zni iflosliklardan tozalaydi, changli muhitda himoya vazifasini bajaradi va kipriklarning o‘sishini tezlashtiradi. Bugungi kunda bu an’ana o‘zgarib, surma o‘rnini ko‘z podvodkasi egalladi. Bodomsimon ko‘zlar cho‘zinchoq o‘qlar va cho‘l motivlarini eslatuvchi soyalarning iliq ranglari bilan mukammal uyg‘unlashadi.

fotо: Abdul Basit
Soch, qosh va kipriklar: tabiiy qalinlik
Yaqin o‘tmishgacha har bir o‘zbek ayolining pardoz sumkachasida sochga chiroyli tus beruvchi va uni mustahkamlovchi tabiiy tarkibli xina yoki basma topilardi. Ko‘plab bog‘larda esa hanuzgacha o‘sma o‘sadi: bu vositadan qadimdan soch o‘sishini tezlashtirish va to‘yingan rang berish uchun foydalanib kelingan. Keng va tabiiy qoshlar donolik belgisi hisoblangan. Bugungi kunda an’anaviy usullar o‘rnini salon muolajalari: qosh va kipriklarni laminatsiyalash, o‘stirish, pudra bilan to‘ldirish kabilar egalladi. Uyda esa ular qosh gellari va kerlerlar bilan almashtiriladi. Pardozdagi qadimiy qat’iy chiziqlar o‘rniga moda tabiiy hajm va yengillika qarab o‘zgardi. Biroq, uzun, qalin va yaltiroq sochlarning ahamiyati asrlar davomida o‘zgarmay, sharq go‘zalining asosiy belgisi bo‘lib qolmoqda.

fotо: Abdul Basit
Silliq teri: tabiiy jilo
O‘zbek ayollarining yuz pardozi azaldan sodda va nozik bo‘lib kelgan. Teriga alohida e’tibor qaratilgan, niqoblar sut, guruch, meva va giyohlar kabi tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan. Ayniqsa, vitaminlar va antioksidantlarga boy bo‘lgan kunjut moyi juda mashhur edi. Zamonaviy texnologiyalar go‘zallik parvarishini ancha osonlashtirdi va barcha foydali moddalar endi krem va zardoblarda mavjud. Yorqin teri ko‘rinishining zamonaviy talqini "shisha teri" (glass skin) trendi bo‘lib, bunga yengil BB-krem, kremsimon yonoq bo‘yoqlari va suyuq xaylayter yordamida erishish mumkin.

fotо: Abdul Basit
Bugungi kunda bo‘yanishdagi bunday aksent dunyoning yetakchi vizajistlarini hayratga solmoqda, chunki uning tabiiy nafosati va ifodali jozibasi zamonaviy tendensiyalarga juda mos keladi. An’anaviy unsurlar allaqachon zamonaviy kosmetika vositalariga moslashib, betakror milliy go‘zallik tushunchasini boyitgan. Shu bois, agar siz sharq ertagi qahramonidek ko‘rinishni istasangiz, maslahatlarimizga amal qiling va shuni unutmangki, tabiiylik hamisha urfda!