Silliq teri va yengil tan sirlari
Limfodrenaj uqalash haqida barcha ma’lumotlar
Limfodrenaj massaji – oddiy go‘zallik muolajasi emas, balki taningiz uchun haqiqiy detoks hisoblanib, yengillikni qayta tiklashga, teri tonusini yaxshilashga va salomatligingizni asrashga yordam beradi. ELLE O‘zbekiston tahririyati ushbu usul qanday ishlashi, kimga mos kelishi va qanday natijalar kutish mumkinligi haqida so‘zlab beradi.
Limfodrenaj uqalash muolajasi – limfa tizimining faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan massaj usuli. U organizmdan toksinlar, ortiqcha suyuqlik va modda almashinuvi mahsulotlarini chiqarib tashlash uchun javobgar.
Bu qanday ishlaydi?
Limfa tizimi tomirlar, tugunlar va limfa - ozuqa moddalarni tashiydigan va chiqindilarni chiqarib tashlaydigan tiniq suyuqlikdan tashkil topgan. O‘z navbatida, limfodrenaj massaji limfa harakatini rag‘batlantirib, uning aylanishini yaxshilaydi.
Uqalash muolajasi qo‘lda va apparat yordamida bajariladi. Birinchisi – bu yumshoq, ritmik va ravon harakatlar bo‘lib, ko‘pincha limfa tomirlari bo‘ylab amalga oshiriladi. Ikkinchisi esa vakuum apparatlari, pressoterapiya yoki mikrotoklar yordamida o‘tkaziladi.
Limfodrenaj massaji nima uchun kerak?
Avvalo, bunday massaj limfa oqimini yaxshilaydi, suyuqlik to‘planishi va shishlar paydo bo‘lishining oldini oladi. Bundan tashqari, u organizmdan toksinlarni chiqarishni tezlashtirish orqali detoksikatsiya jarayonlarini faollashtiradi. Bu usul sellyulit belgilarini kamaytirishga yordam beradi, modda almashinuvi jarayonlarini yaxshilash orqali terini tekislaydi, charchoqni pasaytiradi va umumiy tonusni oshiradi. Shuningdek, massaj operatsiyalarga tayyorgarlik ko‘rishda va tiklanish davrida foydali, chunki u shishlarni kamaytirishga va to‘qimalarning tezroq tiklanishiga yordam beradi.
Limfodrenaj massaji quyidagilarga tavsiya etiladi:
- shishlarga moyil odamlar (oyoqlar, yuz, tana);
- oyoq-qo‘llarida tez-tez og‘irlik hissini sezadigan kishilarga;
- operatsiyalardan so‘ng (shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra);
- varikozning dastlabki bosqichlarida profilaktika uchun;
- sellyulit belgilarini kamaytirishga intilayotganlarga;
- terining umumiy holati va tonusini yaxshilashni istaganlar uchun;
- immuniteti zaif odamlarga.
Qanday natijalar kutiladi?
Limfodrenaj massaji sezilarli natijalar beradi: yuz va tana tortilgan ko‘rinishga ega bo‘ladi, teri silliq, elastik bo‘lib qoladi, sellyulit esa kamroq seziladi. Ortiqcha suyuqlikning chiqib ketishi tufayli tana hajmi kamayadi, modda almashinuvi va umumiy holat yaxshilanadi, quvvat ortadi. Qo‘shimcha foyda sifatida yuz rangi tiniq bo‘ladi va ko‘z ostidagi qora halqalar kamayadi.
Uzoq muddatli natijalar uchun haftasiga 1-2 martadan 10-15 ta muolaja tavsiya etiladi. Qo‘llab-quvvatlovchi massajni oyiga 1 marta o‘tkazish mumkin. Mutaxassis yoki usulni tanlashda organizmning individual xususiyatlarini hisobga olish muhim.
Foto: Pexels
O‘tkir yuqumli kasalliklar, onkologiya, trombozlar, yurak yetishmovchiligi, teri kasalliklari, limfa tizimi buzilishlari va homiladorlik paytida limfodrenaj massajini qo‘llash mumkin emas. ELLE O‘zbekiston tahririyati massaj kursini boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashishni tavsiya etadi.