Oltin: ranglar jilosi san’ati
Tanlash yoki uyg‘unlashtirish?

Oltin hech qachon modadan chiqmaydigan metaldir. U qirollik saroylari, oltin ishtiyoqi va avantgard dizayn yechimlari davrlarini boshdan kechirdi, ammo hamon hashamat, uslub va nozik didning ramzi bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda u odatiy quyosh rangidagina emas: oq, pushti, ba’zan ko‘kimtir yoki binafsharang tuslarda tovlanadi va ularning har biri o‘z o‘rniga ega.
Oltin nima uchun turlicha bo‘ladi?
Sof holda oltin taqinchoqlar yasash uchun juda yumshoqlik qiladi, shuning uchun uni boshqa metallar bilan qo‘shib, nafaqat mustahkamligi, balki rangi bilan ham farqlanadigan qotishmalar yaratiladi. Aynan ligatura tarkibi – qo‘shilgan metallarga qarab oltinning klassik sariq nur sochishi, sovuq kumushsimon yaltirashi yoki mayin pushti rangga ega bo‘lishi aniqlanadi.
Proba – qotishmadagi oltin miqdorining ko‘rsatkichidir. Masalan, 585-chi tarkibida 58,5%, 750-chi tarkibida esa 75% oltin borligini anglatadi. Qolgan qismi kumush, mis, palladiy yoki nikel bo‘lib, ular rang palitrasini hosil qiladi.

foto: instagram/davidyurman
Sariq oltin: zamonlar osha abadiy
Klassik sariq oltin - bu abadiy estetika. U kumush va mis bilan uyg‘unlashgani tufayli tabiiy issiqlikni saqlab qoladi va taqinchoqlar uchun eng an’anaviy tanlov bo‘lib qolmoqda.
Kimlar uchun:
- Klassika va vintajni sevadigan insonlar;
- “Asrlar oshgan” taqinchoqlarni tanlaydigan kishilar;
- Terisi iliq tusli bo‘lganlar – ularda sariq oltin ayniqsa uyg‘un ko‘rinadi.
Bunday oltin ko‘pincha oilaviy taqinchoqlar va an’anaviy nikoh uzuklari uchun tanlanadi, chunki u barqarorlik va o‘chmas qadriyat bilan bog‘liq.

foto: instagram/bvlgari
Oq oltin: nozik nafosat
Oq oltin sof ko‘rinishdagi zamonaviylikdir. U platina muqobili sifatida paydo bo‘ldi va minimalizm, ixchamlik hamda bosiq hashamat ramziga aylandi. O‘zining sovuq yaltiroqligini palladiy, nikel yoki kumush qo‘shilishi tufayli oladi, ba’zan esa qo‘shimcha yorqinlik uchun rodiy bilan qoplanadi.
Kimlar uchun:
- Zamonaviy, minimalistik taqinchoqlarni yoqtiradiganlar;
- Olmoslar bilan uyg‘unlashtirib, ularning yorqinligini oshirishni istaganlar;
- Terisi sovuq tusli bo‘lganlar.
Oq oltin universal: u kundalik uslubga ham, kechki libosga ham birdek mos keladi.

foto: instagram/boucheron
Pushti oltin: mayinlik va romantika
Pushti oltin so‘nggi yillarda haqiqiy fenomenga aylandi va uning mashhurligi tobora ortib bormoqda. U tarkibidagi misning ko‘pligi tufayli iliq pushti rangga ega bo‘ladi, bu esa uni bir vaqtning o‘zida nafis va ta’sirchan qiladi.
Kimlar uchun:
- Yumshoq, iliq ranglarni yoqtiradiganlar;
- Nozik, nafis taqinchoqlarni afzal ko‘radiganlar;
- Pastel ranglar va rangli toshlar uyg‘unligini tanlaydigan kishilar.
Pushti oltin, ayniqsa, qadimiy taqinchoqlarda yoki retro uslubidan ilhomlangan zamonaviy to‘plamlarda ajoyib ko‘rinadi.

foto: instagram/messika
Oltinning qaysi rangini tanlash kerak?
Bu yerda qat’iy qoidalar yo‘q – faqat did va o‘zini his qilish muhim. Sariq oltin klassika va an’analarni sevadiganlar uchun juda mos keladi. Oq rang – zamonaviylik va minimalizmga moyil bo‘lganlar uchun. Pushti – romantiklar va yumshoq, pastel ranglarni sevuvchilar uchun.
Ammo, ehtimol, eng yaxshi yechim umuman tanlash emas, balki uyg‘unlashtirishdir? Zamonaviy zargarlik tendentsiyalari tobora ko‘proq turli xil oltin ranglarining aralashmasini taklif etmoqda, bu esa noyob kombinatsiyalar yaratish imkonini beradi. Taqinchoqlar dunyosida ham, modada bo‘lgani kabi, eng muhimi o‘z uslubingizni topishdir.