Sirli “Delfos” libosi
Barcha zamonlar uchun libos

Ayollarni korsetdan kim ozod qildi? Yuz yildan buyon Chanel va Pol Puare bu birinchilikni talashib kelmoqda. Ammo yana bir dizayner – Mariano Fortuni ham bor edi. Uning “Delfos” libosi ayollarga erkin nafas olish, egiluvchan harakat qilish, jozibador va zamonaviy ko‘rinish imkoniyatini berdi. Keling, bu libosning noyobligi nimada ekanligini ko‘rib chiqaylik.
Mariano Fortuni – ispan ildizli venetsiyalik dizayner, rassom va ixtirochi edi. Dastlab uning ijodi baxmal, zarbof va gobelen matolariga qaratilgan edi. Usta Uyg‘onish davri Venetsiya texnikasidan foydalanib, matolar yaratardi. 1907-yilda Mariano jamoatchilikka yorug‘likda o‘ynoqi yaltirovchi noyob mayda burmali ipakdan tikilgan “Delfos” ko‘ylagini taqdim etdi. Libos havoday yengil edi, mato tanani nafis o‘rab turardi, erkin oqar, harakatlarga xalaqit bermasdi. Bezakning o‘ziga xos jihati ko‘ylak choklari bo‘ylab Murano shishasidan yasalgan munchoqlar edi. Ular yengil matoni og‘irlashtirardi va uning har tomonga yoyilib ketishiga yo‘l qo‘ymasdi. Xohishga ko‘ra, libosni kamar bilan to‘ldirish mumkin edi.

foto: nasjonalmuseet
Bu libosni inqilobiy, deyish kamlik qiladi. XX asr boshidagi qisib turuvchi S-siluetdan so‘ng, “Delfos” bir tomondan, korset talab qilmasdan, toza havo nafasidek bo‘ldi. Boshqa tomondan esa, bu ijtimoiy me’yorlarga qarshi chiqish edi. Aslida, libos qadimgi yunonlarning xiton – ayollar ichki ko‘ylagi shaklida tikilgandi. O‘tgan asrda bunday havola juda provokatsion edi, shuning uchun ko‘ylak dastlab faqat uyda kiyilardi. Biroq har doim yuqori jamiyatni hayratda qoldirishni yoqtiradigan ayollar bo‘lgan. Klarissa Kuder, Yelena Sorolya Garsiya, Aysedora Dunkan tunika-ko‘ylaklarni kiyib ko‘rishdi va yangi moda hamda yangi kiyinish qoidalarining asoschilariga aylanishdi.
Ko‘ylakning nomi “Delfiya aravakashi” nomli antik bronza haykalidan olingan deb hisoblanadi. XIX asrda Gretsiyada faol arxeologik qazishmalar boshlandi va qumdan ko‘tarilgan qadimgi dunyo insoniyatni hayratga soldi va ilhomlantirdi. Mariano Fortuni grek madaniyatining targ‘ibotchisiga aylandi. Turli xil matolarni ishlab chiqarishni o‘rganib, dizayner ipakni burmalash uchun yangi texnologiyani ixtiro qildi. Bu kashfiyot nozik, ammo bo‘ysunmaydigan ipakni “qo‘lga o‘rgatish” imkonini berdi. Aynan shu matodan ayollarni qadimgi yunon ma’budalariga aylantirgan tunika-ko‘ylaklar yaratildi.

foto: fortuny visitmuve
Modada shunday nozik qoida bor: agar dizaynerning o‘z ixtirosi uchun patenti bo‘lsa, “u mini-yubka, qora ko‘ylak va shunga o‘xshash narsalarni ixtiro qilgan”, deyish mumkin. Mariano Fortuni yaxshi tadbirkor edi va 1909-yilda o‘z ixtirosi uchun patent oldi. Ipakni burmalashning noyob texnikasini dizayner qattiq sir saqlardi. Uning vafotidan so‘ng ishlab chiqarishning faqat ayrim bosqichlarini tasvirlovchi hujjatlar topildi. Butun jarayon sir bo‘lib qoldi. Ammo arxivlar bilan ishlash zoye ketmadi: tadqiqotchilar fotosuratlar, xatlar va patent arizasini topdilar. Unda ixtirochi – Genriyetta Nigrin – Mariano Fortunining rafiqasi, ilhom parisi va ijodiy hamkori ekanligi ko‘rsatilgan edi. Usta faqat patent egasi bo‘lgan. Fransuz dizayneri eri bilan matolar va liboslar yaratgan, uning vafotidan so‘ng esa ijodini kataloglashtirish bilan shug‘ullangan. Tadqiqotchilar er-xotinning arxivlarini o‘rganishni boshlagunga qadar, kitoblar va e’tiroflar ko‘rinishidagi barcha sharaf-shuhrat Marianoga nasib etgandi.

foto: nasjonalmuseet
Bunday sirli tarixga ega ko‘ylak birinchi jahon urushidan keyin mashhur bo‘lganini arxiv suratlaridan ko‘rishimiz mumkin. Ayollar turmush tarzida ko‘proq erkinlikka ega bo‘ldilar. Libos davr didiga mos kelar va ayni paytda ixcham edi. Ko‘ylak tugun shaklida buklangan holda saqlangani uchun kam joy egallar va uni tashish oson edi. Yana bir shubhasiz afzalligi: bunday saqlashdan so‘ng ham u darhol o‘z shaklini tiklardi.

foto: cultura.gob