Tog‘ga tayyorgarlik: himoya va chidamlilik

Tog‘-chang‘i kurortlari uchun to‘g‘ri sanskrin va chidamli pardoz sirlari

21 Yan 2025
fotо: instagram, @limaswardrobe

Hozir yanvar oyi, bu esa O‘zbekistonda tog‘-chang‘i mavsumi boshlanayotganini anglatadi. Chimyon va Bildorsoyning qorli yonbag‘irlari cho‘qqilarni zabt etishga undaydi va shu bilan birga savol tug‘iladi: bunday ekstrimal sharoitlarda terini qanday himoya qilish va makiyajni qanday saqlab qolish mumkin? Qishda tog‘ga chiqish shunchaki dam olish emas. Bu yonbag‘irlardagi faol kunlar va o‘choq oldidagi shinam kechalar nafaqat kuch-quvvatni, balki o‘z-o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishda puxta o‘ylangan yondashuvni ham talab qiladigan turmush tarzidir. Qanday mahsulotlar teringizni sovuqdan, shamoldan va quyoshdan saqlashi, eng og‘ir sharoitlarda ham makiyajni chidamli qilishi haqida gapirib beramiz.

fotо: pexels

Qishda quysohdan himoya nima uchun kerak?

Ko‘pchilik quyoshdan himoyalovchi krem faqat yozda kerak, deb ishonadi, lekin bu unday emas. Tog‘larda ultrabinafsha nurlanish darajasi ancha yuqori, qor esa 80% gacha UV nurlarini qaytarishi mumkin, bu ularning ta’sirini kuchaytiradi. Hatto bulutli kunlarda ham teri shikastlanish xavfi mavjud. Keng himoya spektriga ega Sanskrin (SPF 30 va undan yuqori) – qishki parvarishning majburiy punkti. Rux oksidi yoki titan dioksidi kabi fizik filtrlarga ega vositalarni tanlang, ular yaxshi himoyalaydi va qizarishni oldini oladi.

fotо: pexels

Maslahat: ko‘chaga chiqishdan 15-20 daqiqa oldin sanskrin surting va har ikki soatda yangilab turishni unutmang, ayniqsa, konkida faol uchsangiz.

Sovuq ob-havo uchun chidamli makiyajni qanday tanlash mumkin?

fotо: unsplash

Sovuq havo va yonbag‘irlarda faol harakatlanish makiyajga alohida yondashuvni talab qiladi. U kun bo‘yi chidashi uchun biz quyidagilarni ishlatishni taklif qilamiz:

 

  1. Namlovchi praymer. Terini suvsizlanishdan himoya qiladigan va makiyaj uchun asos yaratuvchi bazadan boshlang. Gialuron kislotali praymerlar qish uchun juda mos keladi.
  2. Himoyali tonalli krem. Namlovchi komponentlar va SPF asosli tonal vositadan foydalaning. Terini quritmaydigan kremli teksturalarni afzal ko‘ring.
  3. Kremli teksturalar. Sovuq sharoitda krem asosidagi rumyana, ten va xayleyterlar yaxshi tanlov – ular kamroq yoriladi va to‘kilmaydi.
  4. Suvga chidamli kosmetika. Qor yoki namlik tufayli yuzdagi makiyaj “oqib ketmasligi” uchun suvga chidamli tush, podvodka va qosh uchun qalam tanlang.
  5. Makiyajni fiksatsiyalash. Yakuniy bosqich – fiksatsiyalovchi sprey. U makiyajni tashqi omillardan himoya qiluvchi ko‘rinmas to‘siq yaratadi.

Lab parvarishi xususiyatlari

Tog‘larda lablar, ayniqsa, shamoldan aziyat chekadi. Chiqish oldidan ozuqaviy yog‘lar va SPF qo‘shilgan balzamni qalin qilib surting. Rang uchun siyoh yoki namlovchi lab bo‘yog‘idan foydalaning –ular tabiiy ko‘rinishni saqlab qoladi va terini quritmaydi.

Kurortda qishki dam olish – bu pardozdan voz kechish uchun sabab emas, lekin uni sharoitga moslashtirish muhim. Parvarishlangan teri va to‘g‘ri tanlangan mahsulotlar tog‘ yonbag‘ri va undan tashqarida o‘zingizni ishonchli his qilishga yordam beradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles