Turli mamlakatlarning noodatiy axloq qoidalari
Zamonaviy dunyoda chegaralar yo‘q bo‘lib ketadi, turli davlatlardagi insonlarning odatiy tasavvurlarini o‘zgartiruvchi qadriyatlar esa o‘zgarishsiz qoladi. Har bir xalqning axloq qoidasini bilish shart emas, shunchaki muloyim va tarbiyali bo‘lish yetarli. Ammo o‘zga halqlarning ajoyib odatlari bilan tanishish juda qiziqarli.
Shvetsiya
Ushbu davlat xalqi - shaxsiy chegaralarga qatʼiya rioya qiladi. Shuning uchun shvedlar suhbat davomida suhbatdoshiga teginmaydi. Ular ko‘p gapdan ko‘ra sukut saqlashni afzal ko‘rishadi - maʼnosiz gaplar ular uchun ortiqcha, shvedlar faqat ish bo‘yicha muloqot qilishga o‘rgangan.
Argentina
Argentinada esa hammasi aksi: suhbatdosh muloqot davomida sizga teginishi mumkin, mabodo undan uzoqlashsangiz, qo‘pollik va tarbiyasizlik qilgan bo‘lasiz.
Braziliya
Karnavallar vatanida “okey” imo-ishorasi aslo hammasi joyida degani emas, balki haqorat maʼnosiga ega. Shu boisdan sizdan ishlaring qanday, deb so‘rashsa, siz esa brazil tilini bilmasangiz, yaxshisi “klass” ishorasi orqali javob bering.
Koreya
Xuddi shvedlar kabi koreyslar ham shaxsiy chegaralarni hurmat qilishadi, shu sababdan suhbatdoshga teginish kerak emas. Bundan tashqari, erkaklarga koreys ayolining qo‘lini siqib ko‘rishish tavsiya etilmaydi.
Meksika
Keng sombrero va achchiq chili vatanidagi ayollar esa andisha qilib o‘tirmaydi va tanishuv vaqtida erkaklar bilan bemalol qo‘l berib ko‘rishadi.
Yaponiya
Kunchiqar davlatda axloq qoidalari Yaponiya madaniyati singari nozik va sirli. Suhbatdosh bilan muloqot davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savollar berilmaydi va ularga javob berish ham noaniq, parda ortida qoladi.
Xitoy
Sovg‘ani qabul qilish uchun avvaliga uch marotaba rad etishadi – bu xitoyliklar uchun tabiiy odat. Sovg‘ani qabul qilsangiz, hatto piyola hajmida bo‘lsa ham uni ikki qo‘lda olish kerak.
Tailand
Pozitiv va tabassumga boy tailandliklar inson joni uning bosh qismida joylashganligiga ishonishadi, shu sababdan bu davlatda odamning boshiga teginish odobsizlik sanaladi.
Keniya
Ushbu issiq mamlakatning axloq qoidalari O‘zbekistonnikiga ko‘p jihatdan o‘xshab ketadi. Masalan, kattalarni hurmat qilish kerak, shuningdek, suhbatga kirishishdan oldin suhbatdoshdan oila, salomatlik va shaxsiy ishlar haqida albatta, so‘rash lozim. O‘zbeklarda ham xuddi shunday, ovqatlanish vaqtida yoshi ulug‘ erkak boshlab berishi lozim.