Uydan yiroqda
Chet elda yashab o ‘zbek madaniyatini targ‘ib qiluvchi uchta qiz
Chet elda yashab, ishlab, ammo o‘zbek madaniyatini o‘z ijodi orqali dunyoga tanitayotgan zamonaviy jamiyat vakillari.
Aziza Qodiriy – ijrochilik san’ati va kengaytirilgan reallik bilan turli sohalarda ishlaydigan rassom, “Qizlar” jamoasining asoschisi. Istiqomat qiladigan mamlakati – Buyuk Britaniya.
Kasb sari yo‘l
Hozir men o‘zimni ko‘p sohalarga ixtisoslashgan rassom deb atayman, lekin har doim ham bunday bo‘lmagan. Kasbim sari yetaklagan yo‘lda anchagina qiyinchiliklarga uchraganman. Bolaligimdan men har doim rasm chizishni va hikoyalarni o‘ylab topishni, olamlarni yaratishni yaxshi ko‘rardim. Maydonchada o‘ynash o‘rniga uy oldidagi asfaltni to‘ldirib rasm chizardim. Ko‘pchilik oilalarda bo‘lgani kabi, oilamizda san’atni sevimli mashg‘ulot sifatida qoldirish va "normal" ish topish kerak, deb hisoblashgan. Shuning uchun san’atga kasb sifatida qarab kirib kelishim tez bo‘lmagan. Men Diplomatiyaga o‘qishga kirdim, lekin tez orada o‘qishni tashlab, Xitoyga jo‘nadim va ancha ijodga yaqin bo‘lgan kiyim dizaynerlik kasbini tanladim. Keyin teatrga qiziqib qoldim, boshida kostyumlar bilan, keyin esa ssenografiya bilan shug‘ullana boshladim.
Qiziqishlarim ikki sababga ko‘ra o‘zgarib turardi: qiziquvchanlik va tashqi vaziyatlar. Qiziquvchanlik meni 3D-dasturlarni o‘rganishga, installyatsiyalar va eksperimental ijrolarni yaratishga undadi. Tashqi vaziyat, masalan, pandemiya yangi yo‘nalishlarni izlashga majbur qildi. 2020-yil pandemiya boshlanganda Central Saint Martinsda magistraturani tamomlaganman. Tabiiyki, men o‘qishni tugatganimda, o‘z kasbim bilan shug‘ullanishning iloji yo‘q edi, shuning uchun yana o‘z qiziqishim bilan qurollanib, kengaytirilgan va virtual reallik va immersiv texnologiyalar nima ekanligini o‘rganishga qaror qildim. Hozirda o‘sha yillar davomida to‘plagan barcha bilim va tajribalarimdan o‘z ijodiy faoliyatimda faol foydalanaman.
Ijodda o‘zbek madaniy kodi
Aynan o‘zbek kashtachiligidan ilhomlangan yorqinlik va bezaklar mening ishlarimda endigina bir yarim-ikki yil oldin paydo bo‘ldi: bularning barchasi mening "9 Oy (9 moons) " loyihamdan boshlandi, uning asosiy qismi to‘qimachilik installyatsiyasidir. Ushbu loyiha meni Markaziy Osiyodagi kashtachilik san’atini o‘rganishga ilhomlantirdi, chunki ishimning asosini katta buvimning yarim yo‘qolgan sepi – Jizzaxdagi so‘zana maktabining qadimiy kashtalari tashkil etardi. Shundan so‘ng men naqshlarning vizual tilini o‘rganishga kirishib ketdim, shuningdek, ular bilan texnologiyalar, sun’iy intellekt bilan muloqot qilish qarashida ishlay boshladim. Ishlarimdagi ko‘plab vizual yechimlar men xorijda ko‘rib ulg‘aygan gibrid, sinkretik obrazlarni aks ettiradi; ya’ni ular o‘ziga xos diaporal optikaning mahsulidir. Kontekstlardagi tafovut tufayli har bir mamlakatda o‘zbek kodlariga munosabat har doim turlicha bo‘ladi. Ozroq Buyuk Britaniya haqida aytadigan bo‘lsam: bu yerda, afsuski, ular Markaziy Osiyo haqida juda kam narsa bilishadi va mening asarlarimni (va tashqi ko‘rinishimni) ko‘rganlarida, ko‘pchilikning miyasida o‘zlariga ko‘proq tanish bo‘lgan Meksika va Markaziy Amerika kabi mintaqalar bilan assotsiatsiyalar paydo bo‘ladi. Shu bois ijtimoiy tarmoqlar men uchun ta’lim kanali, mintaqa ovozi va madaniyatini oshirish platformasi sifatida muhim. Masalan, Instagram sahifamda men oʻz loyihalarim boʻyicha olib borgan tadqiqotlarim bilan oʻrtoqlashaman, bu ingliz tilida soʻzlashuvchi obunachilar uchun tildagi tafovut tufayli odatda bilish imkoniyati boʻlmagan Markaziy Osiyo madaniyati haqidagi bilimlarga ega boʻlishlari uchun ajoyib imkoniyat ekani isbotlangan.
Ijodiy yondashuvi haqida
Mening badiiy yondashuvim kollaborativ va fanlararo usullarga asoslangan bo‘lib, ular yordamida men ham jismoniy, ham raqamli immersiv tajribalarni yarataman. Loyihalarimda migratsiya, ijtimoiy ko‘rinmaslik, o‘ziga xoslik, dekolonizatsiya, feminizm va tilning yo‘qolishi mavzularini o‘rganaman. Meni badiiy tadqiqotlar va ijtimoiy amaliyot kontekstida XR/AR/VR va sun’iy intellekt texnologiyalarining salohiyati qiziqtiradi. Shuningdek, men madaniy meros, ayniqsa, to‘qimachilik va liboslar, an’anaviy "ayollarga xos" deb hisoblangan hunarmandchilik bilan ishlashning yangi usullarini o‘rganaman. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda, men an’anaviy hikoyalarni qayta tasavvur qilaman, ularni bugungi kun uchun dolzarb qilgan holga, zamonaviy tarixlar va muqobil mifologiyalarni birlashtiraman.
Ilhom haqida
Loyihalarni o‘ylar ekanman, men uchun nafaqat hikoya yoki intellektual komponent, balki hissiy – tomoshabin loyihani fenomenologik nuqtayi nazardan qanday qabul qilishi va uni tatbiq qilishi ham muhimdir. Agar men o‘z tajribam orqali meni ma’lum hissiyotlar yoki xotiralarni boshdan kechirishga nima majbur qilganini va ularni ko‘rgazma maydonida qanday qilib qayta yaratishni bilsam, bunda maqsadimga erishish osonroq bo‘ladi. Shuning uchun men ko‘pincha shaxsiy yoki oilaviy voqealar, topilmalar va ichki hayajonlardan ilhomlanaman. Mening energiyamning manbai, ehtimol, cheksiz optimizm (otamdan o‘tgan) va haddan tashqari mas’uliyat hissida (onamdan o‘tgan). Men, shuningdek, odamlar bilan muloqot qilishni, hamkorlikda yoki turli jamoalar bilan ishlashni juda yaxshi ko‘raman. Hatto muqarrar qarama-qarshiliklarda ham qandaydir go‘zal narsaning uchquni paydo bo‘ladi. Venetsiyadagi O‘zbekiston pavilyonida Qizlar bilan taqdim etgan ko'rgazmamiz vaqtida, men rassomlar Munira Al Solh (Livan pavilyoni) va Manal Al Dovayan (Saudiya Arabistoni pavilyoni) bilan tanishdim – ularning loyihalari Wael Shawky boshchiligidagi Misr pavilyoni kabi ajoyib edi. Menga Daisy May Collingridgening skulptura uslubidagi liboslari kabi vaqti-vaqti bilan o‘ynoqi yoki hatto fantasmagorik bo‘lishdan qo‘rqmaydigan san’at yoqadi. Peeping Tom teatr kompaniyasini yaxshi ko‘raman. Ismlarni sanashni to‘xtovsiz davom eta olaman...
London haqida
Men butun hayotim davomida ulkan megapolislarda o‘sganman va yashab kelganman va katta shahardan tashqaridagi hayotni tasavvur qilolmayman. London boy madaniy hayoti, karyera imkoniyatlari, eng qimmatli ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati bilan meni o‘ziga jalb qiladi. “Yashamoqchi bo‘lsang, harakatlanishni bil” maqoli aynan shu shahar haqida. Bu yerda yashash oson emas, London chidamlilikni sinashni yaxshi ko‘radi. Bu meni tetiklashtiradi, doim biror yangi narsani o‘rganishga, bir joyda o‘tirmaslikka undaydi.
Ranglar haqida
Ko‘p yillar davomida (ijodimning boshlarida) rangdan foydalanishda o‘zimni erkin his qilmasdim. Men o‘z ishimga rangni qay usulda kiritishni anglashga qiynalardim. Hatto mening diplom liboslarim kolleksiyasi ham faqat kulrang va to‘q sariq ranglardan iborat bo‘lgan – unda men rang bilan tajribalar o‘tkazishga emas, teksturalarni yaratishga e’tibor qaratganman.
Ammo, ehtimol, men “G'arb madaniyatidagi rang qo‘rquvi” deb ataladigan ta’sir ostida bo‘lgandirman. Men nima uchundir ko‘plab ranglardan foydalanish o‘zini ifodalashning “to‘g‘ri” usuli emasligiga ishonardim. O‘z merosim va o‘zligimni qabul qilish bo‘yicha uzoq yo‘lni bosib o‘tib, men hayotning barcha jabhalarida namoyon bo‘layotgan, Markaziy Osiyo san’atining yorqinligini qadrlashni o‘rgandim. Endi men o‘z ijodiy faoliyatimni uyda (migratsiyada bo‘lsa ham) doimo o‘rab turgan vizual boyliksiz, jumladan, turli-tuman matolar, gilamlar va sopol buyumlarsiz tasavvur qila olmayman. Men uzoq vaqt davomida o‘zim bilmagan holda e’tiborsiz qoldirgan ushbu san’at turlarining qadr-qimmatini anglash – bu ozodlik sarguzashti edi.
Go‘zal Said – Le Cordon Bleuda va me‘morlik yo‘nalishida ta‘lim olgan novvoy, yangilik yaratuvchi oshpaz, Rigada Registan novvoyxona-kafesining asoschisi, shuningdek, ButterDinnerClubda asosiy g ‘oya muallifi, yangilik yaratishdan ilhomlanadigan inson. U Latviyada istiqomat qiladi.
Pazandalik ishtiyoqi
Bizning oilada barcha uchrashuvlar va tadbirlar dasturxon atrofida bo‘lib o‘tadi. Bizda menyu oldindan rejalashtiriladi. Hattoki shahar tashqarisidagi hovlida bo‘lib o‘tadigan eng oddiy oilaviy dam olish kunida ham. Menimcha, aynan shu narsa oshpazlik kasbini tanlashimga turtki bo‘lgan.
Bu sohada ishlayotganimga besh yil bo‘ldi. Lekin bu kasbga tasodifan kirib qolganman. Men restoranning marketing bo‘limida ishlayotganimda shu restoran oshxonasiga kirishni xo‘jaynimdan so‘rab olganman.
Men Le Cordon Bleuda boulangerie (pishiriqlar va non mahsulotlarini yopish) kursini tugatdim. Ammo bu kurs menga bu sohada yaxshi texnik ko‘nikmalar berdi deb hisoblamayman. Shunday bo‘lsa-da, oshpazlik olamida men bitirgan maktab o‘ziga yarasha obro’si va nomiga ega. O‘zbek oshxonasiga meni buvim o‘rgatganlar. Buvim xamirga juda ko‘p ishlov berardilar va xamirni yupqa qilib yoyishga juda usta edilar. Palov tayyorlashni esa dadam o‘rgatganlar va hozirgi kungacha ham o‘rgatib keladilar. Men uchun palov bu mutlaqo “erkaklar taomi”. Ayniqsa, uni ko‘p miqdorda tayyorlash kerak bo‘lsa. O‘zbek madaniy kodini ataylab qo‘shishim shart emas. Madaniy ruh, biron narsani taqdim qila olish ko‘nikmasi va mehmondo‘stlik xislati men bilan barcha loyihalarimda mavjud. Kunlardan bir kun, men go‘shtli bo‘tqa (halim) tayyorlash jarayonida to‘liq ishtirok etdim. Ikkita erkakni bir necha soat davomida yog‘och tayoqlar bilan bug‘doy bilan go‘shtni qorishtirishini ko‘rish bu – bir ajoyib manzara. Men ko‘pincha bu taomni kim va qanday o‘ylab topgani xususida ko‘p o‘ylardim.
Latviyada o‘zbek oshxonasi
Latviyani chet el jamoatchiligi deb atash qiyin. Biz hammamiz har xilmiz. Lekin bizda o‘ylaganimizdan ham ko‘proq o‘xshash jihatlarimiz bor. Masalan, biz barchamiz palov va somsani sevamiz. Men o‘ylashimcha, o‘zbek oshxonasini sevmaslik mushkul. U uglevodlar va yog‘larga boy. Mehmonga taom yoqishi uchun nihoyatda harakat qilishingiz kerak.
Eng qiyin va yorqin loyihalar
Qisqa vaqt ichida, men Range Rover, Rolls Royce, Bang & Olufsen, Pernod Ricard, Aquazzura kabi ko‘plab boshqa mashhur brendlar bilan ishlashga muvaffaq
bo‘ldim. Ular bilan ishlash juda zavqli va maroqli edi. Mening go‘zallik bo‘yicha eng sevimli loyiham bu - Vetrina Toshkent uchun bufet stollarini tayyorlashda Aquazzura idishlarini taqdimoti bilan qatnashgan loyihamdir. Shuningdek, men Rigadagi Bang& Olufsen loyihasidan ilhomlanib immersive ASMR xonasini yaratdik.
Eng qiyin loyihalar bu – xususiy tadbirlar (tug‘ilgan kun, oilaviy bayram tadbirlari). Shuning uchun biz buyurtmalarni istisno tarzida olamiz.
Oshpazlikka oid bo‘lmagan qiziqishlar
Mashinalarga bo‘lgan muhabbatim – meni dizaynga, funksionallikka, insonni rivojlanishga bo‘lgan intilishi, o‘zgartirishga, texnologiyalarni rivojlantirishga
e‘tibor qaratishimda namoyon bo‘ladi. Mashinaning yaratilish dizayni tarixini kuzatib qoyil qolmay ilojim yo‘q.
Mening bo‘sh vaqtim asosan, o‘rmon bo‘ylab uzoq sayr qilishga, dengizni tomosha qilishga, tarixni o‘rganishga, ma’naviy amaliyotimga va yaxshi kitoblarni
o‘qishimga bag‘ishlangan. Men juda ko‘p ishlayman va bo‘sh vaqtimda o’zimni yaxshi kayfiyatda yurishim va yaxshi his qilishim uchun hamma narsa qilaman.
Boshqa maqsadlar haqida
Men restoranni an’anaviy holatda bo‘lishini xohlamayman. Har holda hozir shunday. Bu go‘yoki sevgisiz tuzilgan nikohga o‘xshaydi. Men esa bunga hali tayyor emasman. Men hozirda studiya, oshpazlik laboratoriyasini ochish ustida ishlayapman.
Mishlen yulduzi – bu mening maqsadim emas. Mukofotlar olish uchun biznes ochish bu yaxshi fikr emas. Biz oshpazlik kasbida ta’lim olishga va bunga juda katta ahamiyat beramiz deb o‘ylayman.
Oshpazlik falsafasi
Odamlarni birlashtiradigan narsa bu – ovqat. Men bunga fikrlashdan to tatib ko‘rishgacha bo‘lgan jarayonga qaragandek qarayman. Tushlik, kechki ovqat jarayoni – bu o‘zingizni borligingizcha qabul qilish erkinligi va jasorati deb bilaman. O‘zingiz istagan taomni tayyorlash, xohlaganingizdek yeyish kabi. Albatta, ovqatlanish madaniyati va tayyorlash tartibi bor, ammo, ularni qanday buzishni bilsangiz, buzsangiz bo‘ladi. Oziq-ovqat bu – lazzatlanish va xavfsizlik hissi. Shuning uchun, u ta’mga ega bo‘lishi kerak. Oziq-ovqat bilan san’atning har qanday turi bilan ta’sir qilgandek, insonga ta’sir o‘tkazish mumkin. Mening vazifam esa insonni lol qoldiradigan go‘zallik yaratishdir.
Hulkar Yunusova (Stella Polare) – fransuz-o‘zbek zamonaviy san’at rassomi, noyob rasmlar bilan ipak sharflar yaratadi. Hulkarning asosiy loyihalari YUNESKO, Luvr, Jak Ker saroyida namoyish etilgan. U Fransiyada istiqomat qiladi.
Kasb sari yo‘l
Iqtisodiyot va menejmentni o‘rganganimdan so‘ng men Fransiyadagi farmatsevtika sanoatida yetti yil ishladim. Bolalar onkologiyasi sohasidagi so‘nggi loyiha keyingi bosqichlarda menda katta taassurot qoldirdi.
Kasalxonalarga tashrif buyurish va saraton bilan og‘rigan bolalarni kuzatish menga hayot butunlay boshqacha bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Jismoniy jihatdan nimjon bo‘lgan kichik bemorlar ma’naviy taraflama shunchalik katta edilarki, bu meni o‘ylantirib qo‘ydi. Kasal bolalarda og‘riqning biroz yengillashuvi ular uchun chinakam quvonch edi. Mana shu pallada men o‘zimni san’atga bag‘ishlamoqchi ekanimni tushunib yetdim.
San’at mening yo‘lchi yulduzimga aylandi, shuning uchun mening badiiy taxallusim paydo bo‘ldi, bu ham buvimga hurmat belgisi, chunki "Hulkar" "qutb yulduzi" deb tarjima qilinadi. Men fransuzcha-o‘zbekcha fanlararo rassomman. Rasm va rangtasvir, fotografiya va video, perfomans va installyatsiya, grafik dizayn va to‘qimachilik san’ati, pazandachilik bilan shug‘ullanaman. Mening ishim "vitaculture" – shoshilinch quvonch konsepsiyasiga bag‘ishlangan. Men o‘z tajribamda insoniy munosabatlar chegaralarini, feminizmni, Sharq va G‘arbning o‘zaro ta’sirini, xotira va o‘lim mavzusini tadqiq qilaman, fransuzcha "H" harfining mifologiyasi ustida ishlayman.
Ijodda o‘zbek madaniy kodi
Men uchun o‘zbek kodi buvim va bobom bilan o‘zbek oilasida o‘sgan, ya’ni juda kuchli an’analarga ega bo‘lgan shaxs sifatida shaxsiy identifikatsiyamning bir qismidir.
Ba’zan mohiyatni anglash uchun o‘rganilayotgan mavzudan uzoqlashish kerak. O‘zbek bosma nashrlari bilan 2019-yildan, aniqrog‘i, "O‘zbek qalbi motivlari" loyihasi yaratilishi bilan ish boshladim. O‘zbek milliy bezaklari nihoyatda teran va nafis amaliyot ishlari bo‘lib, shakl va rangning o‘ziga xos uyg‘unligiga ega. Har bir motiv men uchun alohida muqaddas ma’noga ega: ba’zan shifobaxsh, ba’zan himoya samarasi, ba’zan esa gullab-yashnash va farovonlik tilagi. Men bu motivlarni bolalik ta’mi, vatan manzaralari ifori, imtihon yoki boshqa muhim uchrashuvga yaqinlaridan kimnidir "fotiha" va "duo" bilan kuzatib qo‘yayotgan bobo va buvilarning ovozi bilan bog‘layman.
Bugun men Stella Polare Scarves yo‘nalishi doirasida o‘zbek andozalari ustida ishlashni davom ettirmoqdaman. Ro‘mol men uchun maxsus aksessuar bo‘lib, u kiyimda o‘z-o‘zini ifodalash erkinligini ta’kidlaydi. Yevropada bu mavqe belgisi sanalsa, Sharqda esa ayol emansipatsiyasi ramzi hisoblanadi. Shuning uchun odamlar nima uchun ro‘mol o‘rab yurishlari va buni qanday qilishlari haqidagi motivatsiya men uchun erkinlik va e’tiqod masalasidir, eng muhimi, har bir kishi buni o‘z qarashlari va o‘z qarorlariga mos ravishda amalga oshirishi kerak.
O‘zbek madaniyatini aks ettiruvchi san’at bir necha sabablarga ko‘ra xorijda ham o‘z aksini topmoqda. Avvalo, o‘zbek madaniyati Markaziy Osiyodan tashqaridagi ko‘plab odamlar uchun noyob va ekzotikdir. Milliy naqshlar, yorqin ranglar, murakkab bezaklar va an’anaviy motivlar o‘ziga xos uyg‘unligi bilan e’tiborni tortadi. Ikkinchidan, san’at olamida madaniy xilma-xillik hamisha qadrli. Ko‘pgina chet elliklar san’at asarlari orqali boshqa madaniyat haqida bilish imkoniyatini qadrlashadi. Mening ishlarim ko‘pincha O‘zbekistondagi tarix, an’analar, hayot va zamonaviy san’at haqida ko‘proq bilishga qiziqish va istak uyg‘otadi. Bundan tashqari, o‘zbek san’atida mavjud bo‘lgan muhabbat, oila, insoniy munosabatlar, feminizm, xotira va o‘lim kabi umumiy mavzular turli mamlakat va madaniyat vakillarida ham qiziqish uyg‘otmoqda. Bu mavzular madaniy kelib chiqishidan qat’i nazar, barchaga tushunarli va yaqin. Men Fransiyada qanchalik uzoq yashasam, fransuzlar shunchalik o‘zbeklarga o‘xshab ketadigandek taassurot paydo bo‘lgan. Bu subyektiv mushohada faqat madaniyatlarimiz o‘rtasidagi aloqani kuchaytiradi, o‘zbek san’atini fransuz auditoriyasi uchun yanada jozibali va tushunarli qiladi.
Parij haqida
Parij men uchun katta maktab va katta bog‘.
2008-yilda Parijga ko‘chib o‘tishim men qo‘lga kiritgan stipendiya tufayli amalga oshdi, bu menga menejment va boshqaruv sohasida o‘qishni davom ettirish imkonini berdi. Bu o‘z dunyoqarashimni kengaytirish va yangi tajriba orttirish uchun katta imkoniyat edi, bu menga nafaqat kasbiy sohada, balki shaxsiy hayotda ham inson sifatida shakllanishimga yordam berdi.
Bundan tashqari, Parij ko‘plab ajoyibotlarni o‘z ichiga olgan katta bog‘dir. U san’at, fan va madaniyatning jahon poytaxtidir. Bu yerda ko‘plab muzeylar, galereyalar va tadbirlar jamlangan bo‘lib, ular doimiy ravishda uchrashuvlar, o‘z-o‘zini namoyon qilish va professional o‘sish uchun noyob imkoniyatlarni taqdim etadi. Bularning barchasi shaharning hayratlanarli ijodiy jonli energiyasini yaratadi, o‘z tarixini boyitadi. Shunday qilib, Parijda bo‘lish men uchun yangi hamkorlik eshiklarini ochdi va boshqa rassomlar, tanqidchilar va ustozlar bilan tanishish imkonini berdi.
Rejalar va fransuzcha "H" harfi haqida
Men o‘z ishlarim doirasini boshqa turdagi predmetlar va ijodkorlik bilan kengaytirishni rejalashtirmoqdaman. Hozirda men fransuzcha "H" harfi, fransuzcha "Minotavr" haqida 8 ta kitob turkumini boshladim. Bu men yaratgan qahramon.
Qahramonning boshi "Minotavr" ishorasi deb ataladigan barmoqlardan iborat. Fransuzcha "H" harfi haqidagi fikrlar pandemiya davrida paydo bo‘ldi. "Homme" ("Inson") va "Honneur" ("Shon-sharaf") so‘zlari aynan H harfi bilan boshlanadi, shunga qaramay, bu harf go‘yoki vijdonsiz va g‘ayriinsoniy hayot kechirayotgandek hech qachon talaffuz qilinmaydi.
Menimcha, harf fransuz tilining abadiy tutquni va bugun uning maqomini qayta ko‘rib chiqish kerak, chunki biz hammamiz yopiq holda yashash nima ekanligini bilamiz. Umuman, buni hayot deb qanday atash mumkin?
Masalan, men o‘z grafikamda H harfini erkinlik va quvonchga to‘la, ramkadan mahrum bo‘lgan turli makonlarda Minotavr qahramoni timsolida tasvirlayman.
Yuzida tabassum paydo bo‘lgach, qahramon erkin ruh va nihoyat o‘ziga xos vizani – har qanday makonda ramka va qoidalarsiz, yorqinlik va hayot ranglarida yashash huquqini, nihoyat, huquqlar, tinchlik hamda ozodlik uchun uzoq kurashdan keyin ijobiy taassurotlarni oladi.