Uyqu turizmi

Uyqusizlikdan aziyat chekayotganlar uchun dangasa ta’tilga yangi talab.

Katta shahar oqimida dangasalik bilan dam olishga bogʻliq  yoʻnalish tobora mashhurlikka erishmoqda. Uyqu turizmi, bu – tananing sifatli va toʻlaqonli dam olishiga, uyquni yaxshilashga va resurslaringizni qayta tiklashga qaratilgan sayohatdir. Faollik bilan piyoda sayr qilish yoki bilimingizni oshiradigan ekskursiyalar oʻrniga, “toʻgʻri” uyqu yostiqlari va sun’iy intellekt oʻrnatilgan aqlli karavotlar mavjud.

Pandemiyadan soʻng, avvalgi yillarga qaraganda, sayyoramizning har uchinchi odamida sifatli uyqu koʻrsatkichlari ancha kamaydi. Doimiy uyqusizlik va stress fonida uyqu turizmi davri tez rivojlana boshladi. Ushbu mavsumda ba’zi mehmonxonalar sayohatchilarga sogʻlom uyqu va energiya muvozanatini tiklashga yordam beradigan xizmatlarni taklif qilishni boshladilar.

Foto: PEXELS

Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, turli yoshdagi sayyohlar sayohatni rejalashtirishning asosiy sababi bu – passiv dam olish deb atamoqdalar. Agar avvallari, mashhurlikning eng yuqori choʻqqisida boʻsh vaqtini shovqinli va sarguzashtga boy kechalarda oʻtkazish urf boʻlgan boʻlsa, hozirda odamlar dam olishda sokinlik bilan quvvat olishga intilmoqdalar.

Dangasa dam olish modasi 2020-yilda, Londonda “Zedwell” uyqu mehmonxonasi ochilganda boshlangan. Mehmonxonaning oʻziga xos xususiyati shundaki, u innovatsion ovoz izolyatsiyasi, televizorlarning umuman yoʻqligi, sogʻlom turmush tarzi xizmatlari, meditatsiya, sport kabi afzalliklari bilan farqlanadi. Bu trend Four Seasons, Haryatt, Hilton kabi besh yulduzli mehmonxonalar tomonidan ham qabul qilindi. Vaqt oʻtib, Portugaliyada Hastens Sleep Spa, Gretsiyada Six Sences, Hindiston, Ibitsa va Fiji orollarida ham ana shunday uyqu butik mehmonxonalari paydo boʻla boshladi. 

Foto: Pexels

Butik-mehmonxonalar sizning holatingizni kuzatib borish uchun maxsus dasturlarni taklif qilishadi. Xonalar uyquni tiklash uchun moslashtirilgan maxsus aqlli karavotlar bilan jihozlangan. Shu bilan birga, niqoblar, efir moylari, kitoblar, boshqariladigan meditatsiyalar, uyquni yaxshilash uchun musiqa va hatto uyqu mutaxassisi xizmatlari taqdim etiladi. 

Foto: Pexels

Bugungi kunda, uyquga yoʻnaltirilgan dam olish eng mashhur tendensiyaga aylandi. Deyarli barcha premium mehmonxonalar sayyohlarga turli xil xizmatlarga ega yotoqxonalarni taklif qilmoqdalar. Ular uyquni tiklashga, kuch-quvvatga ega boʻlishga yordam berib kelish bilan bir qatorda, sogʻlom turmush tarzini olib borish XXI asrning eng asosiy tendensiyasi ekanini eslatmoqdalar.

Maqolani baham ko'ring

Related articles