Verushka xotirasiga: moda tarixini o‘zgartirgan model
Dunyoning ilk supermodellaridan biri 87 yoshida vafot etdi
24-noyabr kuni dunyoga Verushka (Veruschka) nomi bilan tanilgan Vera fon Lendorf vafot etdi. Germaniyalik supermodel, aktrisa va rassom 1960-yillar modasining timsollaridan biriga aylangan edi.
Richard Avedon, Irving Penn, Helmut Nyuton va Franko Rubartelli bilan hamkorlikda moda fotografiyasi tarixida iz qoldirgan suratlar yaratildi. Verushka har bir fotosessiyani o‘ziga xos performansga aylantirib, modelning kamera qarshisidagi roli haqidagi tasavvurlarni kengaytirdi.

1966-yilda u Mikelanjelo Antonionining Blow-Up filmida suratga tushdi. Bir yil o‘tib esa Life jurnali muqovasida paydo bo‘ldi.

1970-yillarda Verushka e’tiborini san’atga qaratdi. Rassom Holger Tryulch bilan birga u bodi-art, fotografiya va performans orqali turli obrazlarga kirish imkoniyatlarini o‘rgandi.
Verushkadan mashhur muqovalar va moda suratlari bilan birga modelga rassom va obrazning hammuallifi sifatida qarash meros qoldi.