Vetnam durdonasi: Fukuok oroli

Qaysi joylarni albatta borib ko‘rish kerak

Fotо: Pexels

Zumrad to‘lqinlar oppoq qumli sohillarni yuvadi, quyosh osmonni shafaq ranglariga bo‘yaydi, dengiz mahsulotlarining yoqimli hidi havoni to‘ldiradi. Fukuok – Vetnamning tropik oroli bo‘lib, u dastlabki daqiqadanoq maftun etadi. ELLE O‘zbekiston tahririyati orolga sayohat vaqtida albatta tashrif buyurish lozim bo‘lgan qiziqarli joylar ro‘yxatini tayyorladi.

VinWonders ko‘ngilochar bog‘i va safari

VinWonders Phú Quốc Vetnamdagi eng yirik ko‘ngilochar bog‘ hisoblanadi. Bu yerda ekstremal attraksionlarda sayr qilish, skandinav vikinglari olamiga sho‘ng‘ish, suv osti tunnelida yurish va favvoralar shousini tomosha qilish mumkin. Safari Phú Quốc esa oroldagi birinchi va yagona safari bog‘i bo‘lib, unda 150 dan ortiq hayvon turi tabiiy sharoitlarga yaqin muhitda yashaydi.

Arqon yo‘li

2018-yilda orolda dunyodagi eng uzun, deyarli 8 km uzunlikdagi arqon yo‘li ochildi. Phu Quoc Cable Car yo‘nalishi Fukuok va Xon Tom orollarini bog‘laydi. 15 daqiqalik sayohat davomida cheksiz dengiz, orollar va qirg‘oq manzaralaridan zavqlanish mumkin. Yo‘l oxirida mehmonlarni Sun World Hon Thom kutib oladi, u yerda dam olish yoki suv attraksionlaridan bahramand bo‘lish mumkin.

O‘pichar ko‘prigi

Kiss Bridge nomli ko‘prik Fukuokning yangi me’moriy diqqatga sazovor joyiga aylandi. U sevishganlar va go‘zal manzaralar ixlosmandlari uchun yaratilgan. Ko‘prikning ikkita egilgan qismi deyarli bir-biriga tegib turadi, ular o‘rtasida ramziy masofa qoldirilgan - bu joyda xohlovchilar bir-birlarini o‘pish uchun yaqinlashishlari mumkin.

Tungi bozor

Phu Quoc tungi bozori – haqiqiy gastronomik sarguzasht. Bu yerda yangi dengiz mahsulotlari, ekzotik mevalar va mashhur Fukuok qora qalampirini tatib ko‘rish mumkin. Oziq-ovqatdan tashqari, bozor turli-tuman suvenirlar bilan to‘la: marvarid taqinchoqlar, xushbo‘y qahva va mahalliy shirinliklar.

Marvarid fermasi

Afsonaviy Fukuok Ngọc Trai Ngọc Hiền (Ngok Tray Ngok Xiyen) marvarid fermasi oroldagi eng qadimiy va mashhur fermalardan biri hisoblanadi. Bu yerda 20 yildan ortiq vaqt davomida yapon texnologiyalaridan foydalangan holda madaniy dengiz marvaridi yetishtiriladi. Ferma tashrif buyuruvchilari marvarid yaratilishining barcha bosqichlarini: chig‘anoqqa yadro kiritishdan tortib, chig‘anoq ichida porloq marvarid paydo bo‘lishigacha kuzatishlari mumkin.

Fermada turli rang va shakldagi tabiiy marvaridlardan yasalgan taqinchoqlarni xarid qilish mumkin bo‘lgan do‘kon ham mavjud.

Ho Quoc ibodatxonasi

Bu Fukuok orolidagi eng ulkan buddaviylik ibodatxonasi bo‘lib, o‘zining mahobatli me’morchiligi bilan hayratda qoldiradi. U dengizga qaragan go‘zal tepalikda joylashgan bo‘lib, meditatsiya va mushohada uchun ideal joy hisoblanadi. Oppoq stupalar, tomlardagi nafis ajdaho tasvirlari va Buddaning ulkan haykali bu joyga alohida ulug‘vorlik baxsh etadi. Sohil manzarasi esa uni nafaqat ma’naviy jihatdan boy, balki orolning eng chiroyli joylaridan biriga aylantiradi.

Dengiz yulduzlari sohili

Fukuokda suv go‘yo tirik yulduzlar bilan qoplangan noyob joylar mavjud. Eng mashhurlaridan biri Rach Vem qirg‘og‘i bo‘lib, u yerda tiniq suvda o‘nlab qip-qizil dengiz yulduzlarini ko‘rish mumkin. Asosiy qoida – kelajak sayohatchilar uchun bu tabiiy mo‘jizani asrash maqsadida yulduzlarni suvdan chiqarmasdan tomosha qilish!

Maqolani baham ko'ring

Related articles