Yangilangan Ipak yo‘li:

Teplo Store London Design Biennial’da Markaziy Osiyo dizaynlarini namoyish etmoqda

10 Iyul 2025

Somerset House’ning hashamatli zallarida o‘tkazilayotgan 2025-yilgi London dizayn biennalesida Teplo Store The Silk Road Pop-Up loyihasini taqdim etmoqda. Bu loyiha Buyuk Ipak yo‘li merosini zamonaviy ijod bilan uyg‘unlashtirgan chakana savdo va madaniy ifoda namunasi hisoblanadi. Madaniy loyihalar prodyuseri Alisa Lisovskaya tomonidan yaratilgan installyatsiya mustaqil dizayn, madaniy xotira va hunarmandchilik orqali hikoya qilish san’atini yorqin tarannum etadi.

2018-yilda Toshkentda Charos va Timur Kamalovlar tomonidan asos solingan Teplo Store bugungi kunda 300 dan ortiq mustaqil brendlarni o‘z ichiga olgan do‘konga aylandi. Ushbu brendlarning 95 foizini ayollar boshqaradi. Loyihaning maqsadi butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi mahalliy dizaynerlar va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, barqaror va axloqiy ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda an’anaviy hunarmandchilikni qayta jonlantirishdan iborat. Bu yil Teplo Store Biennalening birinchi va yagona chakana savdo maydonchasi bo‘ldi – bu ham brend, ham u vakillik qilayotgan mintaqa uchun muhim yutuq hisoblanadi.

ARC Architects arxitektura byurosi tomonidan loyihalashtirilgan pavilyon qadimiy savdo yo‘llarining harakatchanligi va moslashuvchanligini o‘zida mujassam etgan. Uning yumshoq shakllari va iliq to‘qimalari xotira va harakat bilan shakllangan fazoni – zamonaviy Ipak yo‘lini shakl va his-tuyg‘ularda aks ettiradi.

Installyatsiya markazida asli o‘zbekistonlik, hozirda Londonda istiqomat qiluvchi rassom Zulfiya Spovartning ta’sirchan san’at asari joylashgan. Uning mavhum haykaltaroshlik kompozitsiyasi ajdaho va qahramon chavandoz o‘rtasidagi shiddatli kurashni tasvirlaydi.

Fors miniatyuralaridan ilhom olgan Spovart tanish obrazlarni moddiylik va ichki ziddiyat nuqtai nazaridan qayta talqin qiladi. U o‘z asarida yog‘och o‘ymakorligi va tarixiy Toshkent ipak fabrikasining tabiiy bo‘yoqlar – piyoz po‘stlog‘i va avokado po‘chog‘i bilan bo‘yalgan vintage matolarini uyg‘unlashtiradi. Qayta ishlangan kiyimlar bilan to‘ldirilgan yumshoq haykallar tomoshabinlarga shaxsiy o‘ziga xoslik, ayollik va madaniy yo‘qotish mavzularida fikr yuritish imkonini beradi. “Men moddiylikni ichki kurash makoni sifatida o‘rganaman”, deydi Spovart. – “Kiyim metaforaga aylanadi – bir vaqtning o‘zida qalqon va “men” hamda jamiyat o‘rtasidagi chegara vazifasini o‘taydi”.

The Silk Road Pop-Up – ijodi madaniy merosga chuqur ildiz otgan va ayni paytda zamonaviylikni aks ettiruvchi dizaynerlar uchun jonli, barqaroq makondir. Taqdim etilgan brendlar ro‘yxati keramikadan tortib moda va aksessuarlargacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarni qamrab oladi, bunda har bir buyum ortida shaxsiy tarix yashiringan:

  • Moel Bosh, Zuhra Inat loyihasi, to‘qimachilikda xotira va zamonaviylikni uyg‘unlashtiradi;
  • TATEVIK, Tata Karapetyan brendi, keramika parchalarini ifodali, hikoyalarga boy san’at asarlariga aylantiradi;
  • 2BG, Krista va Sabo asos solgan brend toshli zargarlik buyumlarini avloddan avlodga o‘tuvchi sevgi maktublariga aylantiradi;
  • Art and Artisans, Feruza Ismailova rahbarligidagi jamoa, axloqiy moda orqali ta’lim olmagan ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi;
  • LoonyLoop, Karina va Yekaterinaning  brendi erkinlikni ekspressiv trikotaj ko‘rinishida qayta talqin etadi;
  • Dildora Kasimova – an’anaviy kashtachilikni zamonaviy moda ifodalariga aylantiruvchi Dildora Kasimovaning aynan shu nomdagi brendi;
  •  Koz Moon, Albina Sali-Ahmad tomonidan asos solingan brend bolalikdagi himoya tumorlarini qayta jonlantiradi;
  • Suraya Collection, Surayyo va Gulnozaning loyihasi ayollik nafosatini ulug‘lovchi nafis kashtachilik mahsulotlarini ishlab chiqaradi;
  • Tais & I, muallif Taisiya Chursina, sharqona siluetlar va zamonaviy qo‘lda bichishni uyg‘unlashtiradi;
  • La Vitrage, Zamira Ashurova va Tatyana Ziavrina tomonidan asos solingan  vitrajni zamonaviy dizayn tiliga qaytaradi;
  • Dil Saazii, Nimishi Berner-Mund brendi, hind-skandinaviya estetikasi va hind hunarmandchilik an’analarini uyg‘unlashtiradi;
  • Ramz Jewel, Ramza Azizova, an’anaviy o‘zbek zargarlik naqshlarini davom ettiradi va zamonaviylashtiradi;
  • Ipaklar, Dilya Alimovaning brendi, ipak va so‘zana orqali vatan tarixini hikoya qiladi;
  • Soondook, Malika va Rayhona loyihasi, shaxsiy oilaviy hikoyalarni vintage matolardan tikilgan korset va sumkalarda aks ettiradi;
  • ARTBOX, Gulnoza Toshmuhamedova asos solgan brend qadimgi ipak to‘qish san’atini zamonaviy kontekstda qayta jonlantirmoqda.

Har bir dizayner shunchaki buyumni emas, balki o‘zining his qilinuvchi va emotsional nuqtai nazarini taqdim etadi. Shunday qilib, nafaqat buyumlar, balki ularning ortidagi qo‘llar, hikoyalar va xotiralar orqali so‘ylovchi Markaziy Osiyo o‘ziga xosligining ko‘p qatlamli, yaxlit matosi vujudga keladi.

Loyiha londonlik san’at kuratori Alisa Lisovskaya ko‘magida amalga oshirilgan bo‘lib, dizaynerlar va madaniy prodyuserlar ishtirokidagi munozarani o‘z ichiga oladi. Muhokama mavzulari – meros, barqaror ishlab chiqarish va ijodiy mustaqillik. Ushbu tadbir diaspora ichida ham, xalqaro dizaynerlar hamjamiyati bilan ham jonli, tanqidiy muloqot va chuqur aloqa o‘rnatish uchun maydon yaratadi. Hamroh dastur doirasida rassom Zulfiya Spovart mahorat darsi o‘tkazadi, unda ishtirokchilar kashta tikish va matolarni qatlamlash usullaridan foydalangan holda gul kollajlarini yaratishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu mahorat darsi uning meros qolgan materiallar va hunarmandchilikni qayta jonlantirish, ularni shaxsiy va hammabop narsaga aylantirish bo‘yicha badiiy amaliyotini davom ettiradi.

Tez moda va o‘tkinchi trendlar hukmronlik qilayotgan dunyoda Teplo Store’ning The Silk Road Pop-Up loyihasi barqarorlik, ijodkorlik va makon bilan chuqur bog‘liqlikka asoslangan dadil muqobilni taqdim etmoqda. Ushbu installyatsiya orqali O‘zbekiston jahon sahnasida bir vaqtning o‘zida qadimiy va hayratlanarli darajada zamonaviy ovoz bilan o‘zini namoyon etayapti.

6-iyundan 29-iyungacha Somerset House’da London Design Biennial doirasida ushbu installyatsiyani ko‘rib, dizaynerlarning ishlari va hikoyalari bilan tanishishingiz mumkin.

 

Photo: Iroda Inogamova

Maqolani baham ko'ring

Related articles