Yaponiyaga sayohat

Kunchiqar mamlakat ohanrabosi

foto: pexels

Yaponiyada toshli bog‘ qo‘ynidagi sayr qilasizmi, sintoizm ibodatxonasiga tashrif buyurasizmi, har bir taassurotingiz qalbni o‘zgacha hissiyotlarga oshno qiladi. Bu yerda shiddat bilan rivojlanayotgan taraqqiyot va asrlar davomida saqlanib kelayotgan an’analar bir makonda uyg‘unlashib ketgan, qizig‘i, megapolislarning jo‘shqin ritmida ham, qishloqlarning vazmin turmush tarzida ham uyg‘unlik va muvozanat ruhi hukm suradi. Ko‘plab sayohatchilar uchun Yaponiyaga safar nafaqat madaniyat bilan tanishish, balki ichki dunyosini anglash, xususan qadriyatlarni izlash. hayotning har bir onidan zavqlanishga intilish va kundalik hayotdagi go‘zallikni ilg‘ash tajribasiga aylanadi.

ELLE O‘zbekiston muharririyati Yaponiya madaniyatiga sho‘ng‘ibgina qolmay, o‘zingizni ham kashf etish imkonini beruvchi sayohat rejasini qanday tuzish haqida so‘zlab beradi.

Kunchiqar mamlakat

Yaponiya asrlar davomida yopiq dunyoda yashab kelgan: XIX asrning o‘rtalarigacha mamlakat tashqi olamga ochilmagan bo‘lib, yaponlar o‘z an’analari va kundalik hayot tartibini asrab-avaylagan holda, madaniyatini chet el ta’siridan himoya qilib kelgan. Ushbu tarixiy yo‘l mamlakatga mentaliteti o‘xshash davlatlarnikidan ham ajralib turadigan o‘ziga xoslik baxsh etib, noyob hayot tarzini saqlab qolish imkonini bergan. Biroq aynan chegaralar ochilganidan so‘ng Yaponiya jadal o‘zgarishlarga yuz tutdi: yaponlar o‘z xotirasi va qadimiy urf-odatlarini e’zozlashni davom ettirgan holda, G‘arb texnologiyalarini hayotning barcha jabhalariga faol tatbiq eta boshladilar. Bugungi kunda u dunyodagi eng taraqqiy etgan mamlakatlardan biri bo‘lib, unda kelajakni aks ettiruvchi shaharlar osoyishta ibodatxonalar bilan yonma-yon joylashgan, yangiliklar esa ming yillik an’analar bilan tabiiy ravishda uyg‘unlashib ketgan.

Ko‘p qirrali madaniyat

Yaponiya o‘zining qarama-qarshiliklari bilan kishini hayratga soladi: bu yerda bir kunning o‘zida qadimiy sintoizm ibodatxonasini ziyorat qilish va bir-ikki kvartal nariga o‘tib, anime va pop-madaniyatga bag‘ishlangan yorqin vitrinalar orasiga tushib qolish mumkin. An’anaviy choy marosimlaridan chiqib, ultrazamonaviy oshpazlik san’atidan, uzoq asrlik tarixga ega hunarmandchilik ustaxonalaridan chiqib esa jonli xonandalar emas, balki golografik pop-yulduzlar chiqish qiluvchi konsertdan bahramand bo‘lasiz. Bu ko‘p qirralilik Yaponiya madaniyatining betakrorligini ta’minlaydi, zero bu madaniyat o‘tmish va kelajakni, marosimlar qoidalarining qat’iyligi-yu, ko‘ngilochar tadbirlarning yengilligini, minimalizm hamda yorqin hissiyotlarni birlashtirib turadi. Ushbu yurtda mutlaq erkinlik va mukammal tartib ajoyib tarzda uyg‘unlashgani jahonning turli burchaklaridan sayohatchilarni o‘ziga chorlaydi.

Yaponiyada tashrif buyurishingiz shart bo‘lgan 10 maskan

Yaponiyaga sayohat qilar ekansiz, g‘aroyib qarama-qarshiliklarga guvoh bo‘lmasdan ilojingiz yo‘q. Biz mamlakatni har bir rakursdan ko‘rishga yordam beradigan joylar ro‘yxatini tuzib chiqdik:

  • Tokio

Kelajak va an’analar bir-biriga chirmashib ketgan fantastik shahar. Bu yerda muhtasham Imperator saroyini ko‘rish, osmono‘par binolari, gavjum ko‘chalari va jonli tungi hayoti bilan mashhur Shinjuku tumaniga tashrif buyurish, anime do‘konlari va g‘aroyib mavzuli kafelardan iborat Akihabara muhitiga sho‘ng‘ish mumkin. An’anaviy san’at ixlosmandlari uchun esa qadimiy kabuki san’atining eng sara an’analarini namoyish etuvchi Kabuki-dza teatri ayni muddao. Tokioda har kim ko‘ngliga yaqin mashg‘ulot topa oladi: zamonaviy texnologiyalardan tortib to an’analarning abadiy go‘zalligiga qadar, bari bu shaharda mujassam.

  • Kioto

Mingdan ortiq ibodatxona va bog‘larni o‘z bag‘riga olgan qadimiy poytaxt. An’anaviy Yaponiya ruhi Gionning qadimiy ko‘chalaridan tortib choyxonalar va bambukzorlargacha har bir burchakda sezilib turadi. Kiotoni ziyorat qilish, ayniqsa, bahorda sakura gullagan pallada yoki kech kuzda zarang barglari qizil tusga kirgan mavsumda urfga kirgan.

  • Nara

Ulug‘vor ibodatxonalari va muqaddas bug‘ulari erkin kezadigan bog‘i bilan mashhur shahar. Rivoyatlarga ko‘ra, bu bug‘ular Kasuga-taysha sintoistik ibodatxonasi ma’budlarining elchilari sanaladi. Bugungi kunda Nara bog‘ida mingdan ortiq shunday hayvonni uchratish mumkin - ular xiyobonlarda sayr qiladi, sayyohlarga yaqinlashadi va hatto siz ularga ta’zim qilsangiz, javoban egilib ham qo‘yadi.

  • Xirosima

Fojiaviy voqealar va qayta tiklanishning ramziga aylangan makon. Tinchlik xotira bog‘i va muzeyi o‘tmishni eslatib tursa, zamonaviy shahar ertangi kundan umid va g‘ayrat ila hayotini davom ettirmoqda.

  • Osaka

Yaponiyaning uchinchi yirik shahri bo‘lgan Osaka "mamlakatning oshxonasi" deb ham ataladi. U o‘zining mehmondo‘stligi, yorqin ko‘cha hayoti va gastronomik kashfiyotlari bilan mashhur. Aynan shu yerda takoyaki (xamirdan tayyorlangan va ichiga sakkizoyoq solingan sharsimon taom) kabi asl yapon taomlarini tatib ko‘rish o‘rinlidir.

  • Nikko

YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan kichik shaharcha go‘zal manzaralari va sintoizmning qadimiy ziyoratgohlari bilan o‘ziga rom etadi. Bu yerda tog‘lar, issiq buloqlar, ko‘llar va sharsharalardan iborat Milliy bog‘ ham joylashgan. Diqqatga sazovor joylari orasida Yaponiyadagi eng baland sharsharalardan biri hisoblangan Kegon sharsharasi va mashhur Tyudzenji ko‘li bor.

  • Okinava

Yaponiyaning moviy dengiz, marjon qoyalar va o‘ziga xos madaniyatga ega tropik go‘shasi. Orollarning muhiti materik Yaponiyasidan sezilarli darajada farq qiladi.

  • Fuji

Yaponiya deganda aksariyat sayyohlarning ko‘z oldiga mamlakatning asosiy ramzi bo‘lgan mana shu muqaddas tog‘ keladi. Fuji cho‘qqisiga ko‘tarilish yoki shunchaki uning ulug‘vor manzarasini tomosha qilish — qalbda abadiy iz qoldiradigan tajribaga aylanadi.

  • Xokkaydo

Xokkaydo Yaponiyaning eng shimoliy oroli bo‘lib, iqlimi va madaniyati bilan mamlakatning boshqa hududlaridan ajralib turadi. Bu yerda Tokio yoki Osakadagi kabi zich qurilishlar yo‘q, aksincha keng maydonlar, toza havo va ajoyib tabiiy manzaralar mavjud. Orol o‘zining issiq buloqlari bilan tanilgan, shuningdek, qishki sport turlari ishqibozlari uchun haqiqiy jannat hisoblangan tog‘ chang‘i kurortlari bilan ham mashhur.

  • Kamakura

Samuraylar va qadimiy ibodatxonalar shahri bo‘lib, mashhur Katta Budda haykali aynan shu yerda joylashgan. Sokin va xotirjam muhiti bu joyni meditatsiya qilish va asrlar davomida qad rostlab turgan ziyoratgohlar orasida sayr etish uchun eng maqbul maskanga aylantiradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles