Yves Saint Laurent: modelyerning tug‘ilgan kunida
Ayollar hayotini o‘zgartirib yuborgan o‘zgarmas ism
Fransuz modelyeri Yves Saint Laurent Jazoirning Oran shahrida tug‘ilgan. U 1936-yil 1-avgustda Marokash, Tunis va Jazoirdagi kinoteatrlar tarmog‘i sohibasi va nozik xulq-atvorli oqsuyak xonim oilasida to‘ng‘ich farzand bo‘lib dunyoga kelgan.
1950-yillarning oxirida u o‘zini moda olamida namoyon qildi. Ammo hammasi teatr va operaga bo‘lgan ishtiyoqidan boshlangan edi. Yves qo‘g‘irchoqlar va dekoratsiyalar uchun liboslar yaratar, singillari Mishel va Brigit uchun tomoshalar uyushtirardi. Uning san’at sohasida shakllanishida Christian Berard asarlari va Henri Matisse, Diego Velazquez, Edouard Manet rassomchiligi sezilarli rol o‘ynagan.
Yves “Paris Match” jurnalida kostyum, palto va ko‘ylakning uchta oq-qora eskizini tanlovga tayyorlash kerakligi haqida o‘qigan va u yerda ishtirok etishga qaror qilgan. U eskizlarga gazlama namunalarini yopishtirgan va uchinchi o‘rinni egallagan.
Ko‘p o‘ylab o‘tirmay, 1953-yilda Yves Saint Laurent "kutyurlardan" rasm chizish kursiga qatnashish uchun Parijga jo‘nadi. U ko‘pdan beri sayohat qilishni orzu qilardi, hatto shahar bo‘ylab xaritasiz yurish uchun barcha yo‘nalishlarni o‘rganib olgandi.
Yvesning eskizlari Christian Diorning ishlarini eslatardi. Keyinchalik Michel de Brunhoff tufayli u fransuz modelyeri bilan tanishishga muvaffaq bo‘lgan. Fransuz Vogue bosh muharriri Brunhoff tanlov paytida Yvesga e’tibor qaratgan va keyinroq Saint Laurentning otasi ham o‘g‘li haqida eslatib qo‘yish uchun muharrirga xat yozgan.
Christian Dior 18 yoshli yigitning ishini ko‘rib, uni studiyaga yordamchi qilib oldi. 1957-yilda Yves Diorning shaxsiy yordamchisi bo‘ldi – unga kelajakdagi kolleksiyalar uchun liboslar yaratishga ruxsat berildi. Xuddi shu yili Christian Dior to‘satdan yurak xuruji tufayli vafot etdi. 21 yoshli Yves Saint Laurent uning davomchisi sifatida modalar uyi direktori lavozimini egalladi.
Yves siluetlarni soddalashtirdi, ko‘chalarda odamlar orasida ko‘rgan kiyimlardan ilhomlandi. U ikki yil ichida bor-yo‘g‘i oltita kolleksiya yaratdi va Diorni o‘z xohishi bilan emas, balki asab kasalligi bilan kasalxonaga tushib qolgani sababli tark etdi.
O‘sha paytdan boshlab, Yves Saint Laurent hayoti tubdan o‘zgardi va yangi sahifadan boshlandi. Uning do‘sti Pierre Berge birgalikda Kutyur uyi qurishga va’da berdi. Va ular shunday qilishdi ham: Pierre – uyni boshqarar edi, Yves – ijod qilib yaratardi, bizneslarini ochish uchun pulning bir qismini Diordan sud orqali undirib olishga muvaffaq bo‘lishdi, ikkinchi qismini esa tadbirkor va xayriyachi Mack Robinson tikdi.
1962-yil 29-yanvarda XVI okrug Spontini ko‘chasidagi 30-bis uyda Yves Saint Laurent o‘zining birinchi kolleksiyasini taqdim etdi. Mutlaqo yangi narsani yaratish uchun dizaynerga uch yil kerak bo‘ldi. 1965-yil kuz-qish yo‘nalishi Yvesning ijodiy yo‘lidagi ana shunday "mo‘jiza" bo‘ldi. Klassik kutyur obrazlari "Mondrian" kalta kokteyl ko‘ylaklari (tantanali marosimlarda kiyiladigan yoqa va yengsiz kalta ko‘ylak) bilan uyg‘unlashgan. Obrazlar aynan o‘zini jasur, har jihatdan yosh, harakatchan hisoblaydigan yangi ayollar uchun yaratilgan edi.
Dizayner nafaqat go‘zallik va nafosatni, balki kuchni ham ko‘rsatmoqchi edi. Shunday qilib, 1966-yil kuz-qish mavsumida Yves Saint Laurent afsonaviy Le Smoking to‘plamini taqdim etdi. Smokinglar birinchi marta ayol qomatining xususiyatlarini hisobga olgan holda tikilgandi. Dastlab tanqidchilar Le Smokingni qabul qilishmadi, ammo Yvesni taniqli do‘stlari va xaridorlari qo‘llab-quvvatladilar.
Bir vaqtlar hamma narsaning boshlanish nuqtasi bo‘lgan rassomlar Saint Laurentning ijodiy yo‘li davomida unga hamroh bo‘lishdi. Andy Warhol va Roy Lichtenstein naqshlari ko‘ylaklarda aks etar, Van Goghning gulsafsarlari va kungaboqarlari kurtkalarda chiroy ochardi, Fernan Lejening oddiy shakllari va Anri Matissning naqsh gullari bir-birini to‘ldirar, Jorj Braquening oq qushlari kelinning liboslarida uchib yurishardi.
Afrika va Sharq har doim Yves Saint Laurent to‘plamlarida o‘z aksini topgan. U odatda dekabr va iyun oylarida kelgusidagi kolleksiyalarning eskizlarini yaratish uchun Marokashga sayohat qilardi. To‘yingan ranglar, odamlar va tabiat uning ishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatardi.
Foto: SPOTLIGHT / Saint Laurent
1963-yilda Pierre Berge Charles of the Ritz bilan YSL brendi ostida parfyumeriya yaratish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Keyingi yili debyut ifori – Y chiqdi. Opium ifori eng shov-shuvli va muvaffaqiyatli ifor bo‘ldi. Balandparvoz shiorlar tufayli janjallar va sotuvdagi taqiqlar "Opium"ga bugungi kungacha o‘chmagan mashhurlikni olib keldi.
1986-yildan boshlab brendda muammolar boshlandi, ulardan xalos bo’lishga Fransiya prezidenti Fransua Mitteran yordam berdi, ammo u o‘z lavozimidan bo‘shaganidan so‘ng, Moda uyida hamma narsa boshidan boshlandi. 1999-yilda Gucci Group brendning nazorat aksiyalarini sotib oldi.
2002-yilgacha Uy uchun ham, Yves Saint Laurentning o‘zi uchun ham qiyin vaqtlar edi. Dizayner o‘ziga faqat kutyur yo‘nalishidagi ishni qoldirgan edi, lekin vaqt o‘tishi bilan undan ham voz kechadi. U so‘nggi marta ta’zim qildi-da, o‘z ulug‘vorligi soyasiga kirib ketdi. 2008-yilda 71 yoshida Yves Saint Laurent vafot etdi.
Uning o‘rnini o‘zining tayinlanishini kutmagan Stefano Pilati egalladi. U brendda sakkiz yil ishladi. Pilati siluetlarni yanada ayollarga xos qildi, yo‘nalishlarni yengillashtirdi, hajmni qo‘shdi. 2012-yilda Edi Sliman ijodiy direktor etib tayinlandi va u bu lavozimda birinchi bor emas edi: 1997-yildan 2000-yilgacha u brendning erkaklar kolleksiyasi ustida ishladi va erkaklar uchun yangi siluet yaratdi.
Moda uyining ijodiy direktori lavozimiga kelishi bilanoq u brend nomidagi yaratuvchi ismidan xalos bo‘ldi: Yves Saint Laurent – Saint Laurent bo‘ldi. U Parijdan emas, Los-Anjelesdan ilhomlanardi.
Saint Laurentdagi qiz portreti dadil, hissiyotli va yosh bo’lib qoldi. 2016-yilda dizayner bugungi kungacha rahbarlik qilayotgan Anthony Vaccarelloga uyning ijodiy direktori lavozimini qoldirdi.
Zamonaviy qizlar Yves Saint Laurentga ayollar siluetidagi erkaklar garderobining elementlari, baland etiklar va smoking uchun minnatdorchilik bildirishlari mumkin, ular abadiy obrazlarning bir qismi bo‘lib qoldi.