Zargarlik brendlarining ramziy belgilari
Bezaklar ortida yashiringan ma’nolar
Odatda, zargarlik buyumlarining belgilari brendning tarixi, falsafasi va qadriyatlarini o‘zida jamlagan muhim belgi hisoblanadi. Ushbu elementlar bu buyumlarga o‘ziga xos chuqur ma’noni ifodalaydi. Bugungi kunda esa, zargarlik buyumlari zamonaviy ayollar uchun hayot tarzi, qarashlari va afzalliklarni aks etadi.
Van Cleef & Arpels to‘rt yaproqli bedasi
Butun dunyoda omad va baxt ramzi sanalgan to‘rt yaproqli bedaning sehrli kuchiga ishonishadi. Kunlardan bir kun, Parij bog‘laridan birida, moda uyining zargari Van Arpels qimmatbaho o‘simlikni topib oldi. Bedaning ideal shakllari va simmetriyasidan ilhomlanib, u omadning aniq timsoliga aylanadigan taqinchoq yaratishga qaror qildi.
Yillar davomida kolleksiya moda uyining ramziy uslubida yaratilgan yangi ijod namunalari bilan to‘ldirib kelinmoqda. Hozirda to‘plamdan Van Cleef & Arpels ramziy belgisi bilan yaratilgan turli xil material va ranglardagi zargarlik buyumlarini uchratishingiz mumkin.
Bvlgari iloni
Brend merosining ajralmas qismiga aylangan ilon ramzi Italiya Bvlgari moda uyining eng taniqlisidir. Falsafaga ko‘ra, ilonning ayollik timsoli, qayta tug‘ilish va transformatsiya kabi jihatlari tarixiy ahamiyatga egadir. Ba’zilar uchun ilon timsoli donolik va kuchni anglatsa, boshqalar uchun esa ayyorlik va amalni bildiradi.
Ilk bor bu ramz Serpenti zargarlik buyumlari kolleksiyasida taqdim etildi. Keyinchalik esa aksessuarlarning alohida yo‘nalishi paydo bo‘ldi. 1940-yillarning boshlarida ilonning boshi va dumi sariq tilladan bo‘lgan hamda brilliant toshlar bilan qoplangan birinchi qo‘l soatlari maxsus elastik idishlarda ishlab chiqarildi. Endilikda har yili o‘ralgan ilon ramzi aksessuarlar kolleksiyasida turli ko‘rinishlarda paydo bo‘lmoqda. Ramziy ma’nosi sabab, yanada qadrlanmoqda.
Chopard yuragi
Shveysariyaning Chopard uyi asoschilarining fikricha, zargarlik buyumlari buyum egasining hayotiy qadriyatlari va tarixini aks ettirishi kerak. Shu sababli brend o‘zini “Katta yurakli uy” sifatida taqdim etdi. Buning sharafiga yurak ramzi bilan “Happy Hearts” zargarlik buyumlarining maxsus to‘plami yaratildi.
Chopard uchun yurak nafaqat ayol va erkak o‘rtasidagi sevgi-muhabbat ramzi, balki insonlar orasida saxiylik va g‘amxo‘rlik xislatlarini shakllantirish bilan bog‘liq belgi hamdir. Bugungi kunga qadar, yurak ramziy belgisi zargarlik brendining kolleksiyalarini to‘ldirib bormoqda va bu bilan xaridorlarning sevimli brendiga aylanmoqda.
Versace’ning Gorgona meduzasi boshi
Gianni Versace ilgari yunonlarga tegishli bo‘lgan Kalabriya shahrida tug‘ilgan. Bolalik paytlaridan u Gorgona meduzasining qiyofasiga hayratlanib boqardi. Chiroyli yuzli ayol qiyofasida bo‘lgan meduzaning sochlari o‘rniga ilonlarning boshlari chiqib turardi. Bu maxluq Versace uchun haqiqiy ayollik chiroyi va makkorligini aks ettiruvchi ramz edi.
Ushbu belgi Versace qadriyatlarining timsoli va ramziga aylandi. Versace odamlar bu qiyofani bir ko‘rishda sevib qolishlariga va orqaga yo‘l yo‘qligiga ishonardi. Xuddi shu narsa brend kolleksiyalarini ishlab chiqarishda ham ta’sir kuchini ko‘rsatishi kerak edi. Gorgonaning boshi nafaqat kiyim-kechakni, balki katta-katta zargarlik buyumlarini ham to‘ldirib keladi.
Piaget atirguli
Shveysariya zargarlik buyumlari va soatlari uyining prezidenti bolaligidan gullarni, ayniqsa, atirgullarni yaxshi ko‘rardi. 1982-yilda Yves Piaget xalqaro yangi atirgullar tanlovining hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lishga taklif qilindi. U yerda u 18 karatli oltindan tayyorlangan, haqiqiy o‘lchamdagi atirgulni maxsus mukofot sifatida ta’sis etdi. O‘sha yili Meilland fransuz kompaniyasining guli konkurs g‘olibi bo‘ldi.
Yangi ishlab chiqarilgan atirgul navini Yves Piaget nomi bilan atashga qaror qilindi. Ushbu voqeadan ta’sirlangan brend asoschisi Rose zargarlik buyumlarining butun boshli to‘plamini chiqardi. Mana, 40 yil davomida Uyning ramziy motivi "Piaget bog‘i"dagi so‘lmas gullarning timsoli bo‘lib kelmoqda.
Trinity Cartier
Pushti, sariq va oq oltindan uchta bir-biriga o‘ralib halqa shaklida yasalgan Trinity uzuklari mustahkam aloqa va muhabbat timsoliga aylandi. 1924-yilda kinorejissyor Jean Cocteau Cartier uyi asoschisi, nevarasi Louis Cartierdan uzuk buyurtma qiladi. Bu uzuk barcha ko‘rinishdagi mutlaq sevgining ramziga aylanishi kerak edi.
Tarixga nazar solsak, birgina uzukda birlashtirilgan qimmatbaho metallarning tuslari bitta hissiyotning uchta tarkibiy qismini ifodalaydi. Sariq rang – sadoqat, oq rang – do‘stlik, pushti rang esa – sevgi-muhabbatni anglatadi. Keyinchalik, Trinity ramzi mashhur maqomga ega bo‘ldi va bunday muvaffaqiyat ularning yaratuvchisi taqinchoqlarga singdirgan sodda dizayn va chuqur ma’no bilan bog‘liq edi.