Bir finjon qahvadagi o‘tmish ta’mi

Dunyodagi qadimiy qahvaxonalar

Foto: Unsplash

Qadimiy qahvaxonalar ba’zi shaharlarning noyob boyligidir. Ularning har biri o‘z tarixiga ega va ushbu diqqatga sazovor joylarga tashrif buyurgan mashhur shaxslar haqida hikoya qiladi.

Caffe Gambrinus, Napoli

Neapoldagi “Gambrinus” nafaqat shahardagi eng qadimiy qahvaxona, balki XIX asr boshlaridagi afsonaviy maskan ham hisoblanadi. Uning noyob dizayni qirollik oilasi a’zolari, rassomlar va mashhur shaxslarni o‘ziga maftun etgan. O‘sha davrning eng iqtidorli rassomlari asarlarini tomosha qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan bu qahvaxonada o‘tirib, kapuchino yoki shirinlikdan bahramand bo‘lish ajoyib g‘oya emasmi? 

Tashqarida ham stollar bor, ammo qahvaxonaning ichki qismi shunchalar go‘zalki, ko‘chaga chiqishni sira ham istamaysiz. Go‘yo qahva hidi va qadimiy muhit sizni ilk daqiqalardanoq maftun etadigan bir muzeyga kirib qolgandek taassurot uyg‘onadi.

Neapol shirinliklarining ko‘pligi va muzqaymoqning boy xilma-xilligi bu joyni shirin taom ixlosmandlari uchun yanada jozibador qiladi. Ta’kidlash joizki, “Caffè Gambrinus” bu yerda qahva ichishga imkoni yo‘q kishilar uchun oldindan to‘langan chek qoldirish an’anasi saqlanib qolgan noyob joylardan biridir. Bu shunday bir maskandirki, bu yerda har bir qahva donasi tarixni shivirlaydi.

 Cafe Majestic, Porto

“Cafe Majestic” dunyodagi eng taassurotli qahvaxonadan ham ko‘proq narsa hisoblanadi. Tashqi ko‘rinishidan tortib, ushbu ajoyib joyning ichki dizaynigacha – uni hech ikkilanmasdan Portugaliyaning sayyohlik maskani deb atash mumkin.

Majestic Café tarixi 1921-yilga borib taqaladi, unga Portu shahrining bir guruh savdogarlari tomonidan asos solingan. Bir paytlar bu muassasa taniqli yozuvchi va rassomlar tez-tez tashrif buyuradigan eng qimmat qahvaxonalardan biri hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda u sayyohlarning eng sevimli maskaniga aylangan. Bu yerdagi har bir detal: stullar, hashamatli bezatilgan ko‘zgular va ularning tepasida tabassum qilib turgan farishtalar haykalchalari bir-biri bilan uyg‘un holatda namoyon bo‘ladi.

Qahvaxonaning ajoyib muhiti va uning qishki bog‘i yil bo‘yi mehmonlarni o‘ziga maftun etishda davom etmoqda.

 Confeitaria Nacional, Lizbon

1829-yilda asos solingan va qirollik oilasiga xizmat ko‘rsatuvchi qandolatxona sifatida faoliyatini boshlagan Confeitaria Nacional kafesi vaqt o‘tishi bilan nafaqat Lissabonning, balki butun Yevropaning eng mashhur qahvaxonalaridan biriga aylandi.

Bu yerda ochiq ayvonda o‘tirib mazali tushlik qilish mumkin, shirinlik uchun esa mashhur “Bolo Rey” – quruq mevalar qo‘shib tayyorlanadigan, ishtaha ochuvchi Portugaliya rojdestvo pirogini keltirishadi. Lazzatli shirinliklarning boy tanlovini rad etish juda qiyin. Qadimiy uslubdagi ichki bezak va Portugaliya oshxonasining ajoyib ta’mlari, eng muhimi, hamyonbop narxlar sizni Yevropaning bu eng qadimiy qandolatxonasiga befarq qoldirmaydi.

Cafe Confeitaria Colombo, Rio-de-Janeyro

Cafe Confeitaria Colombo 1894-yilda portugaliyalik muhojirlar tomonidan asos solingan. Bu joyni bemalol shaharning madaniy va badiiy merosi deb atasa bo‘ladi. Yevropaning mashhur qahvaxonalaridan ilhom olgan Confeitaria Colombo, aslida, hashamatli ballar va turli xil madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan maskan edi. Mintaqaning yuqori tabaqasi: yozuvchilar, rassomlar va o‘sha davr ziyolilari bu yerda yig‘ilib, jamiyatning so‘nggi yangiliklari va mish-mishlari haqida fikr almashishardi.

В период с 1912 по 1918 внутренние залы кафе были отремонтированы в стиле модерн. В 1922 году кафе расширилось за счет второго этажа, большой проем которого позволяет видеть потолок, украшенный витражами.

1912-yildan 1918-yilgacha qahvaxonaning ichki xonalari modern uslubida ta’mirlandi. 1922-yilda qahvaxona ikkinchi qavat hisobiga kengaytirildi, uning katta ochiq qismi vitrajlar bilan bezatilgan shiftni ko‘rish imkonini berardi.

Bugungi kunda Confeitaria Colombo mahalliy aholi va sayyohlarning sevimli maskani bo‘lib, Rio-de-Janeyro shahrining nafis o‘tmishiga biroz tashrif buyurish imkonini beradi. Qahvaxona o‘zining nafis an’analariga sodiq qolgan holda, turli xil shirinliklar, tropik murabbolari va pishiriqlarning keng assortimentini taqdim etmoqda.

Caffe Greco,  Rim

Cafe Greco – Rimning eng qadimgi va mashhur qahvaxonasi bo‘lib, ko‘plab taniqli shaxslar bu yerga bir finjon qahva ichish uchun tashrif buyurganlar va hamon tashrif buyurishmoqda. Ana shunday shaxslardan Stendal, Anderson, Shopengauer, Vagner kabi buyuk siymolarni misol qilib keltirish va ro‘yxatni yana to‘xtovsiz davom ettirish mumkin.

Bu afsonaviy joyning Greco deb nomlanishi uning asoschisi Nikola della Maddalenaning yunon ildizlari bilan bog‘liq bo‘lib, u bu joyni 1760-yilda ochgan edi.

Bu tarixiy joyni ziyorat qilganingizda, ulkan estetik va gastronomik zavq olasiz. Eng sara tiramisu va oliy navli qahvaning lazzati sizni Italiyaning eng qadimiy qahvaxonasiga yana qayta-qayta tashrif buyurishga undaydi.

“Cafe Greco”dagi stolning qimmat narxi sizni cho‘chitmasin, chunki qahvani bar peshtaxtasi oldida ham ancha arzonroq ichish mumkin. Qahvaning har bir qultumidan zavqlanib, bir paytlar bu qahvaxonaga tashrif buyurgan mashhur shaxslarning shaxsiy buyumlari, imzolari va boshqa qiziqarli eksponatlari namoyish etilgan vitrinalarni bemalol tomosha qilishingiz mumkin.

Maqolani baham ko'ring

Related articles