Nika restoranining ochilishi
Poytaxtdagi O‘rta yer dengizi gastronomik olami
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/x-24.png)
Nika yunon-turk oshxonasining birinchi restorani ochildi. Nika restorani Gretsiya va Turkiya an’analarini zamonaviy formatda birlashtirgan noyob maskandir. Muassasa nomi g‘alaba va uyg‘unlikni ifodalovchi qadimgi yunon ma’budasi Nikaga ishora qiladi.
Mehmonlarni O‘rta yer dengizining ta’mi, musiqasi, muhiti va an’analariga to‘la yorqin bayram dasturi kutib oldi. Dasturda pazandalik san’ati timsoliga aylangan oshpazlarning welcome-ichimliklari va shirinliklari, jonli musiqa yangradi. Yunon sirtakilari va turk darveshlari ko‘rinishidagi raqs shoulari bayramona ohang qo‘shib va mehmondo‘stlik muhitiga o‘zgacha zavq berdi.
Xonanda, inflyuyenser va bloger Malika Gaziyeva o‘z taassurotlari haqida gapirdi: “Men avval ham “Sun Group” tarmog‘idagi restoranlarda bo‘lganman. TKX, CuCucina tadbirlarida bo‘ldim va ularning barchasi unutilmas o‘tishini ta’kidlashim mumkin.
Bugun men birinchi marta Nika restoraniga tashrif buyurdim va chin yurakdan aytaman – biz yuz foiz Gretsiya muhitiga tushib qoldik. Xuddi Toshkentda emasdekman: tashqarida sovuq va qish bo‘lsa-da, bu yerda bahor, gullar, shinamlik va iliqlik bor. Bizni an’anaviy yunon libosidagi go‘zal qizlar kutib olishdi, ajoyib xodimlar yuqori darajada xizmat ko‘rsatishdi va barcha taomlar haqida so‘zlab berishdi.
Bu restoranga qaytgim keladi, yaqinlarim va qarindoshlarim bilan bu yerga bir necha bor kelaman. O‘g‘limning tug‘ilgan kunini shu yerda nishonlamoqchiman”.
Layfstayl-bloger Madinet ushbu restoranga bir necha bor tashrif buyurgan va uni bu oshxona nima o‘ziga jalb qilishini aytib berdi:
“Men Nika restoranining ochilishidan xursandman, “Sun Group” restoranlar tarmog‘ini ijodkorlik va konseptuallik uchun yaxshi ko‘raman, oshxona menga juda yoqadi.
Muzqaymoq va yong‘oqli ponchiklar yuragimni zabt etdi, sevimli taomlarim esa juda ko‘p, ularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ushbu restoranni ta’m va masalliqlarning g‘ayrioddiy uyg‘unligi uchun yaxshi ko‘raman”.
Bloger Barno restoran haqida juda iliq fikr bildirdi: “Men bu yerda birinchi marta emasman va menyu bilan tanishman, menga Instagram interyeri yoqadi, bu hozirgi davrda muhim. Taomlarning chiroyli va ijodiy taqdim etilishi hamda yana tashrif buyurishga undaydigan ta’mi”.
Nika yunon-turk taomlari restorani “Sun Group” holding tarkibidagi taniqli restorator Aleksandr Orlovga tegishli. Restoran holdingi O‘zbekiston bozorida faollashib, Toshkentda o‘z tarmog‘ini faol kengaytirmoqda. Hozirda Toshkentda uchta restoran faoliyat yuritmoqda: CuCucina, TKX va Nika. Yil oxirigacha tasdiqlangan loyihalardan uchtasi ochilmoqda, lekin undan ko‘prog‘ini kutmoqdamiz
“Sun Group” holding asoschisi Aleksandr Orlov Nika’ning shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan jihatlarni biz bilan o‘rtoqlashdi:
“Biz Toshkentda hozirgacha yunon-turk oshxonasi yo‘qligini ko‘rdik, chunki u ikki qo‘shni madaniyatning boy oshxona an’analarini o‘zida mujassam etgan. Bizning oshpazlarimiz eng yaxshi retseptlardan ilhomlanish va noyob taomnoma yaratish uchun Gretsiya va Turkiya bo‘ylab sayohat qilishdi”.
Holdingning bosh oshpazlari Andro Sobolev va Pavel Rukomeda mintaqaning tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi original taomlarni ishlab chiqdilar va oshxona boshqaruvini bosh oshpaz Ilya Kotyakovga topshirdilar. Menyuda 20 dan ortiq turdagi eksklyuziv murabbolar, sutli paxlava va an’anaviy turk shirinliklari, yunon xonaki sharobi va qumda tayyorlangan qahva, ochiq oshxona taomlari, jumladan, pishirilgan qovoq va behi mavjud.
Nika restorani bosh oshpazi Ilya ham biz bilan restoranning shakllanish tarixini o‘rtoqlashdi: “Restoran ochish g‘oyasi paydo bo‘lgan bosqichda biz Turkiyaning sharqona koloriti va Gretsiyaning O‘rta yer dengizi musaffoligini birlashtirishga qaror qildik. Bugungi kunga qadar restoranimiz taomnomasidan eksklyuziv taomlarni tanlab oldik va uni yanada takomillashtirishni rejalashtirmoqdamiz”.
Restoran yoqimli syurprizlar va kashfiyotlarga to‘la, endi ulardan hamma foydalanishi mumkin. Mavsumiy menyular sizni taomlarning xilma-xilligi bilan hayratda qoldiradi, interyer esa har qanday ob-havoda bayram va yoz muhitiga g‘arq qiladi.
Foto: Stanislav Boyko