Prada bayram kampaniyasida eski Disney multfilmlari sehrini qaytarmoqda
Sedi Sink va Mayya Houk qo‘lda yaratilgan animatsiyali qishki ertak qahramonlariga aylandi.
Bir juft tufliga ko‘zi tushgan sichqonlar, ertaknamo jonivorlar va qor bilan qoplangan o‘rmonlar Prada’ning Drawing Prada. Animated by Hand bayram kampaniyasida paydo bo‘ldi. Moda uyi fotografiya va jonli aktyorlik ijrosini bolalikdagi sevimli multfilmlarni eslatuvchi qo‘lda chizilgan animatsiya bilan uyg‘unlashtirdi.

Sedi Sink va Mayya Houkka Chen Haoyu, Kelvin Harrison kichik va Lyuter Ford hamrohlik qildi. Suratlarni Glen Lachford oldi, rassomlar jamoasiga esa Jon Pomeroy boshchilik qildi. Animator «Pokaxontas», «Fantaziya 2000» va «Atlantida» filmlari ustida ishlagan. Shu bois kampaniyaning Disney klassikasini eslatishi bejiz emas.

Kampaniya moda brendlarining qo‘lda chizilgan animatsiya va illyustratsiyaga qaytish tendensiyasiga hamohang. Dior va Loewe ham bu usullarga murojaat qilib, o‘z vizual olamlarini yaratadigan rassomlar mehnatiga e’tibor qaratgan. Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan tasvirlar keng tarqalayotgan bir paytda, bunday tanlov inson mehnati, muallifning o‘ziga xos uslubi va har bir kadrga sarflangan vaqt qadrini ta’kidlash istagi sifatida talqin qilinishi mumkin.
Prada bu urg‘uni «Qo‘lda yaratilgan animatsiya» degan nomning o‘zidayoq ifodalagan. Odatda kiyim va aksessuarlar bilan bog‘laydigan hunarmandchilik yondashuvi bu safar reklama hikoyasining asosiga aylangan.