Dakari

Qalblarni birlashtiruvchi musiqa

Dakari — musiqaga kirib kelishi o‘zini anglash va orzuga intilishning qanchalik muhimligi haqidagi hikoyaga aylangan DJ va prodyuser. ELLE O‘zbekiston uchun maxsus intervyuda Karina o‘z yo‘li, birinchi sahnaga chiqishi, ustozlari, ilhomi va kelajak rejalari haqida so‘zlab beradi.

Musiqa – taqdir 

Dakari bolaligidan musiqaga mehr qo‘ygan: u musiqa maktabida o‘qigan, DJ bo‘lishni orzu qilgan, ammo moliyaviy ahvoli sabab o‘qishga imkon bo‘lmagan. Orzu 17 yilga kechikdi.

Biroq sukunat ichida o‘tgan chekinish hamma narsani o‘zgartirib yubordi. “Bir necha kunlik sukunatdan so‘ng, odamlar bilan musiqani baham ko‘rishni istayotganimni angladim”. 32 yoshda, ikki farzandning onasi bo‘la turib, sarmoya va aloqalarsiz, boshqa mamlakatda yangi karyerani boshlash katta sinov edi. “Ammo maqsadingiz bo‘lsa, dunyo o‘zi kerakli odamlar va imkoniyatlarni taqdim etadi”, – deydi Karina.

Dastlabki qadamlar va birinchi chiqish

Dakarining debyuti hayajonli, ammo muvaffaqiyatli bo‘ldi. “O‘zimni xuddi diplom himoyasidagidek his qildim. Biroq meni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan do‘stlarimni ko‘rgach, hayajonim quvonchga aylandi. Setdan so‘ng menga navbatdagi chiqishni taklif qilishdi — bu to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimning belgisi edi”.

Uslub, ustoz va raqs maydonining sirlari

Dakari afroxaus chaladi. “Bu doimo quloqchinlarimda yangrardi. Menga qalblarni birlashtiruvchi hissiy, ta’sirchan va jo‘shqin musiqa yaqin”.

Ijodiy faoliyatida uni ustozi Dima Mitch (ELLE O‘zbekiston musiqa muharriri) qo‘llab-quvvatlaydi. “Men uning bilimi va meni musiqa olamiga nafis tarzda olib kirgani uchun minnatdorman”.

Karinaning fikricha, DJ uchun eng muhimi — samimiylik. “Men odamni hayajonga soladigan treklarni tanlayman. DJ o‘ynayotgan musiqasini sevishi va ayni paytda raqs maydonining ruhini his qilishi kerak. Tajriba ortgan sari bu yaxshiroq chiqadi”.

Sohadagi ayollar va stereotiplar

“DJ sohasida ayollar ko‘payib bormoqda, ammo stereotiplar hali-hanuz mavjud. Kimdir bizning texnik mahoratimizga shubha qiladi, kimdir qizlarga ish topish osonroq deb o‘ylaydi. Lekin men iste’dod va qat’iyat muhimroq ekaniga ishonaman. Asosiysi, isbotlashga kuch sarflamasdan, shunchaki o‘z ustida ishlashdir”.

Dakaridan yangi boshlovchi DJlarga maslahatlar

  1. O‘zingizga rostini ayting: bu kasb sizga nima uchun kerak? Bu yo‘lingizni belgilashga yordam beradi.
  2. O‘zgarishlardan qo‘rqmang. “Men barqaror ishimni o‘zgartirishdan qo‘rqardim, ammo qo‘rquv har doim o‘sish maydonchasi hisoblanadi”.
  3. Rivojlaning. Uslubingizni aniqlang, texnikani takomillashtiring, musiqa kutubxonangizni to‘ldiring.

Eng yorqin lahzalar va orzular

Karina uchun har bir chiqish alohida ahamiyatga ega. “Ba’zi joylarda tomoshabinlar aql bovar qilmas darajada energiya berishadi, boshqa joylarda esa yangi texnik jihatlarni o‘rganaman”.

Gastrol safarlaridan Samui va uning plyaj klublari hamda u qaytishni orzu qilayotgan Toshkent qalbida muhrlanib qoldi.

Oldinda esa — festivallar. “Coachella, Tomorrowland... Bir kun kelib, albatta u yerda bo‘lishimni bilaman”.

Musiqa va ilhom

Dakari allaqachon o‘zining birinchi trekini chiqargan, ammo asosiy e’tibor DJ faoliyatiga qaratilgan edi. “Endi mualliflik musiqasi ustida ko‘proq ishlashni rejalashtiryapman. Bolaligimda istaklar xaritamda disk bor edi. Demak, hammasi o‘z yo‘lida ketyapti”.

2025-yil uchun uning katta rejalari bor:

  • Bir nechta trek chiqarish, ulardan biri xitga aylanadi.
  • Dunyo bo‘ylab gastrollar orqali tinglovchilar doirasini kengaytirish.
  • Eng mashhur san’atkorlar bilan hamkorlik qilish.
  • O‘z leyblini rivojlantirish va dunyoga yangi iste’dodlarni taqdim etish.

DJning asosiy fazilatlari

  1. O‘ziga sodiq qolish.
  2. Tinglovchilarni his qila olish.
  3. Muloqotchan bo‘lish.

Dakarining samimiy maktubi

“Agar o‘z o‘rningizda emasligingizni his qilsangiz, bolalikdagi orzularingizni eslang. Javob o‘sha yerda. Agar o‘zingizga ishonsangiz va harakat qilishni boshlasangiz, hammasi amalga oshishi mumkin.

Orzu qiling, yashang va chin yurakdan raqsga tushing!”

foto: @anastasiia.elty

uslub: @di_koks93

retush: @_anastasia_erna_

kimono: Unihorse

yubka: Volo knots

Maqolani baham ko'ring

Related articles