Dmitriy Mitchenko: “Bugungi O‘zbekiston — haqiqiy iste’dodlar xazinasi”
ELLE O’zbekiston o‘zining musiqa muharriri Dima Mitch bilan o‘n to‘qqiz yillik yo‘li, jurnalning musiqa tahririyati mahalliy ijodkorlarni qanday qo‘llab-quvvatlayotgani hamda yangi xalqaro leybl va iste’dodlar agentligi — Object haqida suhbatlashdi.
YO‘L
Siz musiqa sohasida o‘n to‘qqiz yildan beri faoliyat yuritasiz. Professional tarixingizni qaysi nuqtadan boshlaysiz?
Birinchi chiqishim va ilk professional qadamlarimdan. Men shunchaki orzumga ishonib, oldimga maqsadlar qo‘ygan paytimda musiqa chalishni boshlaganman. O‘n to‘qqiz yildan beri o‘zgarishlar va tajriba orqali shu maqsadlar sari boryapman. Musiqa bilan bog‘liq va uning atrofida kechadigan hamma narsani — ijodkorlarni, targ‘ibotni, sahnani yaxshi ko‘raman.
Vaqt o‘tishi bilan tajribamni boshqalarga ham bera olishimni angladim: aloqalarim, tanishlarim va qarashlarim bilan bo‘lisha olaman. O‘z karyeram men uchun hamon juda muhim. Ammo bugun odamlarga o‘z yo‘lini qurishda yordam berish ham menga bundan kam zavq bermaydi.
Qachondan boshlab nafaqat o‘zingizni, balki boshqa ijodkorlarni ham rivojlantirishga qiziqa boshladingiz?
Har bir insonning hayotida burilish davri bo‘ladi. Ichingizda katta quvvat borligini anglaysiz va uni boshqalar bilan bo‘lishish istagi paydo bo‘ladi. Ishonchim komilki, bu faqat o‘z egoingiz ustida ishlab, chinakam ulg‘ayganingizda yuz beradi. Men aytishni yaxshi ko‘rganimdek, yaxshi futbolchi doim yaxshi murabbiy bo‘la oladi.
O‘n to‘qqiz yil davomida mustahkam aloqalar orttirdim, xatolar qildim, qoqildim va tajriba to‘pladim. Oldimga kelayotgan yoshlarga qarab, ular ham o‘sha xatolarni takrorlashi mumkinligini ko‘raman va yo‘l ko‘rsatgim, yordam bergim keladi.
Albatta, bugun bu biznes hamdir. Turli loyihalar va ijodkorlarga investitsiya jalb qilamiz, ularga karyera qurishda yordam beramiz, dunyo bo‘ylab studiyalar bilan ishlaymiz. Mohiyatan, bu musiqa sohasidagi iste’dodlar menejmenti. Biz tobora chuqurroq kirib boryapmiz: kimdir albom, kimdir reliz prodyuserligini so‘raydi, yana kimdir esa butun karyerasini menga ishonib topshirishga tayyor holda keladi. Shunda strategiya va taktikani birgalikda ishlab chiqamiz. Bir vaqtning o‘zida ijodiy va biznes masalalarini hal qilasiz, hamkorlik imkoniyatlarini izlaysiz. Haqiqiy ijod shundan tug‘iladi.
Siz 20 dan ortiq mamlakatda chiqish qilgansiz. Qaysi sahna xotirangizda eng ko‘p qolgan?
Portugaliya, Ispaniya, Shri-Lanka, Tailand, Malayziya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda musiqa chalganman. Qayerga bormayin, bir narsani his qilaman: musiqa — hamfikrlarning ulkan jahon hamjamiyati. Har bir mamlakatning o‘z hamjamiyati bor va siz darhol uning bir qismiga aylanasiz. Istanbul, Bali, Lissabon va Madridda kechalar uyushtiradigan, musiqa yaratadigan, ajoyib studiyalarga ega do‘stlarim bor. Menga yaqin insonlarning deyarli barchasini musiqa tufayli uchratganman.
Musiqa menga dunyoni ham hadya etdi: boshqa mamlakatlarni, ularning taomlari, madaniyati va tabiatini.
Xalqaro darajadagi sahna haqida gapiradigan bo‘lsak, bu Pxuketdagi Cafe del Mar — Osiyoning eng yaxshi klublaridan biri, dunyoning eng yaxshi 100 klubi qatoriga kiradi. Klubning jamoasi ajoyib, rezidentlari — do‘stlarim, ularni ko‘rishdan doim xursandman. Bu yerda sehr sodir bo‘ladi va aynan shu yerda Asiatika loyihamizni amalga oshirganmiz. Shu sahnada qaysi ijodkorlar chiqish qilganiga qarab, o‘n sakkiz yoshingizdan beri qancha yo‘l bosganingizni anglaysiz. O‘shanda bularning barchasi kichik shaharchadan chiqqan yosh yigitning orzusi edi.

INDUSTRIYA VA ISTE’DOD
So‘nggi o‘n yilda musiqa industriyasi qanday o‘zgardi?
Ko‘pchilik industriya noto‘g‘ri tomonga ketayotganini aytadi. U haqiqatan ham an’anaviy modeldan uzoqlashdi. Bugun musiqada ta’sir kuchi katta rol o‘ynaydi va, menimcha, musiqaning o‘zi ikkinchi planga tushib qolish xavfi ostida. Ijtimoiy tarmoqlarda qanday namoyon bo‘lishingiz, qancha obunachingiz borligi va sahifalaringizni qanday yuritishingiz muhim bo‘lib qoldi.
Bu ko‘pchilik uchun muammo. Yaxshi prodyuser yoki musiqachi har doim ham chiroyli postlar tayyorlashni bilavermaydi. Shu sababli birga ishlaydigan odamlarga doim aytaman: bugun shunchaki musiqa yaratishning o‘zi yetarli emas, garchi eng muhim qism aynan shu bo‘lsa ham. Mening qarashim shunday: birinchi o‘rinda musiqa, ikkinchi o‘rinda shaxsiy brend va ijtimoiy tarmoqlar turadi, ular bir-biriga bog‘liq holda ishlashi kerak.
Hozir bu haqda hamma bahslashmoqda. Bozorga katta auditoriyaga ega ijodkorlar kirib kelmoqda, ba’zan ularga professionallik yetishmasa ham, zallarni to‘ldirishmoqda. Bugungi haqiqat shunday: ijodkor brendga aylanmoqda va buni hamma o‘rganishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, men uchun professionallik prinsipial ahamiyatga ega. Har bir trek — sevgi izhoridan tortib singan yurakkacha bo‘lgan bir xabar. Ijodkor yurak iztirobi haqidagi trekni qo‘yib, uning ostida xursand sakrayotganini ko‘rsam, doim hayron qolaman. Nima chalayotganingizni va qanday hissiyotni yetkazayotganingizni tushunish muhim, chunki bu har doim energiya almashinuvidir. Afsuski, hozir bunga yetarlicha e’tibor berilmayapti.
Lekin baribir eng muhimi — musiqa. True Story degani ham shu.

Bunday sharoitda iste’dodning o‘zi qanday rol o‘ynaydi?
Menimcha, bugun ijodkor industriyaga uning menejmenti bilan shug‘ullanadigan va bu vazifalarni bajaradigan kuchli jamoa bilan kirib kelishi kerak. Ijodkor postlarni o‘zi tayyorlashiga hojat qolmasligi lozim. Marketing strategiyasi, puxta brif hamda ijodkorning qiyofasini, qayerga bormoqchi ekanini va buning uchun qanday vositalar borligini tushunadigan jamoa kerak.
Albatta, kimdadir bunga qobiliyat uyg‘onadi, odamlar o‘rganib, shaxsiy brendlarini o‘zlari qurishadi va bu ham ishlaydi. Lekin mening asosiy fikrim shunday: kuchli iste’dodga uni ko‘rsata oladigan va rivojlantiradigan kuchli jamoa kerak.
Bu xulosaga o‘z tajribangiz orqali kelganmisiz?
Ha. Men ham ijodkor sifatida uzoq yo‘lni bosib o‘tganman va ijtimoiy tarmoqlarda o‘zingni namoyon qilish qanchalik qiyinligini o‘z tajribamdan bilaman. Buni o‘rganish yoki mutaxassislarni jalb qilish kerak. Lekin ijodkor yonida uning ijtimoiy tarmoqlarini yuritadigan inson bo‘lgani yaxshiroq. Biz, ijodkorlar, ijtimoiy tarmoqlarga chalg‘imasdan ijod bilan shug‘ullanishni istaymiz.
Odatda hammasi shunday kechadi: musiqangiz yaxshi, auditoriyangiz esa kichik va siz hozir superxit yozaman-u, hammasi o‘zgaradi, deb o‘ylaysiz. Shunday holatlar bo‘ladi, lekin xit buyurtma bilan yozilmaydi. Uning ortida ko‘plab omillar va prodyuserlikdan tortib targ‘ibotgacha butun jamoalarning mehnati turadi. O‘sha paytda esa musiqangiz zo‘r bo‘lsa ham, nega sizni eshitishmayotganini tushunmaysiz. Go‘yo bo‘shliqqa o‘q uzayotgandeksiz. Siz haqingizdagi barcha ma’lumotni to‘plab, strategiya taklif qiladigan jamoa aynan shuning uchun kerak.

BASANTA MUSIC
2019-yilda Xarkivda Basanta Music kompaniyasiga asos solgansiz. Hammasi nimadan boshlangan?
Basanta sanskrit tilida “bahor” degani. Bu hamma narsa gullaydigan, yangilik va o‘sish uchun zamin yaraladigan davr. Men bu obrazni ijodkorlarga ko‘chiraman: ularni sug‘orasiz va ular gullab-yashnaydi. Bu ma’no kompaniyaga boshidanoq singdirilgan.
Keyin musiqa chiqara boshladik, leybllar ochdik, hozirgacha tilga olinadigan kechalar tashkil qilib, ularni Osiyo va Yevropada o‘tkazdik. Prodyuserlik studiyasi va DJ maktabimiz paydo bo‘ldi. Eng qizig‘i, ular yosh musiqachilar uchun mutlaqo bepul edi. Biz bir tamoyilga keldik: ijodkordan o‘z musiqasini yozib olishi uchun pul olmaslik. Bu investitsiyalar tufayli mumkin bo‘ldi. Kuchli taqdimotlar tayyorladik, musiqa industriyasiga investitsiya jalb qildik va shahar ma’muriyati ko‘magini oldik. Shu tariqa yoshlarga o‘z ishlarini yozib olish imkonini berish va kuchli musiqachilarni jalb qilishga erishdik.
Ish boshlaganimizda hammasi qanday ishlashini hali to‘liq tushunmasdik. Bugun esa yaxlit tasavvurimiz bor: ijodkorga nima kerakligini, uning qanday muammolari va musiqa sohasida qanday aloqalarga ehtiyoji borligini bilamiz. Bugungi Basanta Music — leybllar, tadbirlar, ta’lim platformasi, iste’dodlar menejmenti va dunyo bo‘ylab musiqa yaratish uchun hamkor studiyalardir.
Loyihalarimizni Istanbul, Lissabon yoki Tailandda ko‘rsatganimda munosabat doim bir xil bo‘ladi: “Vau”.
Bugun o‘zingizni kim deb his qilasiz: DJ, prodyuser, tadbirkor, mentor yoki kuratormi?
Ilgari menga hammasi ijodkorlik karyeramga borib taqaladigandek tuyulardi. Maqsadlar qo‘yasiz, yuksalishlar va muvaffaqiyatsizliklardan o‘tasiz. Hozir esa tushunaman: har bir ijodkorning maqsadi bo‘lishi kerak, lekin inson butun hayotini faqat unga bog‘lab qo‘ymasligi lozim. Bu juda muhim. Maqsadga haddan ortiq berilib ketganingizda, sizni kuchaytirishi va zavq berishi mumkin bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarni o‘zingiz uchun yopib qo‘yasiz.
Shuning uchun bugun men ELLE musiqa muharriri, mentor, musiqa biznesi va leybllar egasi, ijodkorlarning karyerasini quradigan insonman. Va, albatta, gastrollarda yuradigan ijodkorman. Musiqa yaratilmoqda, yoshlarning karyerasi shakllanmoqda, tadbirlar biznesi o‘smoqda: kompaniyani boshqaraman, chiqish qilaman, dunyoning narigi chekkasida tadbirlar tashkil etaman. Bu rollarning barchasi menda tabiiy uyg‘unlashadi. Men musiqani shu qadar yaxshi ko‘ramanki, uning atrofida sodir bo‘ladigan hamma narsani ham sevaman.

MUSIQA, MODA VA ELLE
Nega musiqa va moda o‘rtasidagi aloqa tobora muhimlashmoqda?
Keinemusik, Black Coffee, Peggy Gou’ga qarang. Ularda bu bog‘liqlik satrlar orasiga yashirilmagan, balki birinchi planga chiqarilgan. Black Coffee o‘z obrazlarini qanday yaratishini bilamiz. Peggy Gou ko‘plab jurnallarning muqovalarida chiqqan. Keinemusik brendlar bilan hamkorlik qiladi.
Bugun yirik DJ’lar moda bilan chambarchas bog‘liq. Ular moda haftaliklari, Formula 1 tadbirlari va dunyoviy kechalarda musiqa chaladi, moda industriyasi uchun musiqa yozadi.
Shu bilan birga, bu ikki industriya juda o‘xshash: ikkalasi ham yorqin shaxslarga tayanadi. Modellik biznesi ham musiqachilar va DJ’lar biznesi singari tuzilgan: menejment, shartnomalar, ba’zan ko‘plab bahsli jihatlarga ega qat’iy shartnomalar. Ijodga ko‘proq erkinlik berish uchun ularni o‘zgartirgimiz keladi.
Siz ELLE O’zbekiston musiqa muharririsiz. An’anaviy moda nashriga alohida musiqa yo‘nalishi nega kerak?
Musiqa tahririyati — ELLE ekotizimidagi yangi yo‘nalish va u aynan O‘zbekistonda paydo bo‘ldi. Bu tajriba edi va u o‘zini to‘liq oqladi. Men uchun ijodkorlarni rivojlantirish, ular haqida yozish va ELLE jahon brendi orqali o‘zbekistonlik iste’dodlarni dunyoga tanitish imkoniyati muhim. Ko‘plab tadbirlar o‘tkazdik, ko‘plab intervyular chiqardik va barchasini ELLE DNKsi hamda musiqa orqali talqin qildik. Bunday media ijodkorlarga qanday turtki va o‘sish berayotganini ko‘rib turibman.
Ikkinchisi — O‘zbekistonning o‘zi. Mamlakat kuchli ijodiy yuksalishni boshdan kechirmoqda. Ko‘chaga chiqasiz va kuchli musiqachilar, fotograflar, dizaynerlar, video ishlab chiqarish mutaxassislarini uchratasiz. Bugungi O‘zbekiston — haqiqiy iste’dodlar xazinasi. Men butun dunyoni kezib chiqdim va ayta olaman: bu ajoyib kechalar va tadbirlari bilan ijodiy industriya uchun eng istiqbolli mamlakatlardan biri. Hozir bu yerda juda yaxshi tadbirlar bo‘lyapti: Close Friends, Sublimation festivali va dunyo bo‘ylab ijodkorlarni olib keladigan yangi Muzone festivali. Ajoyib insonlar, beqiyos mehmondo‘stlik, narxi qulay, kuchli va professional marketing hamda video ishlab chiqarish. Qolaversa, bu yerda ijodiy industriyalarni davlat ham qo‘llab-quvvatlaydi.

ELLE darajasidagi media mahalliy ijodkorga xalqaro auditoriyaga chiqishda yordam bera oladimi?
Ha, musiqa tahririyati aynan shu bilan shug‘ullanadi. Har oy mahalliy ijodkorlar va DJ’larning pleylistlarini chiqaramiz. Ular o‘z musiqiy uslubini namoyish etadi va birinchi navbatda mahalliy sahnalar va klublarning e’tiborini tortadi.
Ijodkorlar ELLE’dagi intervyu yoki pleylistni doim o‘z portfoliosiga qo‘shishini kuzataman. Istalgan mamlakatga borib, siz haqingizda ELLE yozganini aytsangiz, bu ish beradi: brend dunyoda juda yaxshi obro‘ga ega. Bu tanilish sari qadam va e’tiborga loyiq axborot sababidir.
Musiqa tahririyatining qaysi loyihalaridan ko‘proq faxrlanasiz?
Yaqinda Svetlana Loboda bilan intervyu chiqdi. MDH musiqa industriyasining asosiy shaxslaridan biri Natella Krapivina bilan ishlash tajribasi juda qiziqarli bo‘ldi. Bunday insonlar bizga ishonishi biz uchun muhim.
Xalqaro DJ’lar bilan suhbatlashdik. Ispaniyalik La Santa o‘z yo‘li haqida gapirib berdi. O‘z leybllari va dunyo bo‘ylab kechalari bor turkiyalik Elif Turkiyadan chiqqan bir qiz elektron musiqaga qanday kirib kelgani va bu sahnani qanday zabt etgani haqida so‘zlab berdi.
Ammo tahririyatning eng katta faxri — mahalliy sahna. Yosh toshkentlik ijodkorlarga maydon beramiz: RAY, MONE, ZARAYA va boshqa ijodkorlar ELLE O’zbekiston uchun pleylistlar tuzishdi, intervyular berishdi, biz esa ular bilan taqdimot kechalari o‘tkazdik. Men uchun bu nomlarning faqat Toshkentda emas, boshqa joylarda ham yangrashi muhim. ELLE brendi ularni mamlakatdan ancha olisdagi auditoriyaga olib chiqishda yordam beradi.
Visa Fashion Week’ning rasmiy afterpartisi ham biz uchun alohida ahamiyatli bo‘ldi: musiqiy didimizni O‘zbekistondagi moda haftaligi bilan birlashtirdik. Kuchli mahalliy va xalqaro brendlar bilan ham hamkorliklar bo‘ldi.

Musiqa tahririyatining kelajak rejalari qanday?
Formatni kengaytirmoqchimiz. Bir payt faqat elektron musiqa bilan cheklanib qolganimizni tushundik. Shuning uchun bundan keyin pop-industriya vakillari va madaniyat bilan ishlaydigan musiqachilar ko‘proq bo‘ladi.
Men uchun birinchi o‘rinda mashhur nomlar ortidan quvish turmaydi. Yosh ijodkorlarga nega musiqa yozishini, qanday yo‘l bosib o‘tganini aytish, o‘z hikoyalarini bo‘lishish imkonini beradigan maydon yaratmoqchiman. Mahalliy sahnani qo‘llab-quvvatlash — eng muhimi.
Ikkinchi o‘rinda, albatta, jahon yulduzlari. Orzum — Peggy Gou raqamli muqovamizda chiqishi yoki O‘zbekistondagi o‘quvchilar uchun intervyu berishi. Shu yo‘nalishda ishlayapmiz.
Shuningdek, musiqa biznesining taniqli vakillarini taklif qilib, ular O‘zbekiston bilan o‘z fikrlari, yangiliklari va bosib o‘tgan yo‘lini bo‘lishishini istaymiz.
OBJECT
Bugun O‘zbekiston va Markaziy Osiyo ijodkorlariga xalqaro maydonga chiqish uchun eng ko‘p nima yetishmayapti?
Ko‘pchilik hali ham eski qoidalar bo‘yicha ishlaydi: ijodkorni shartnoma bilan cheklash kerak, deb hisoblaydi. Men boshqa yondashuv tarafdoriman, chunki dunyo o‘zgaryapti. Ijodkordan uning ijodi va nomini tortib olish mumkin emas. U siz bilan, leybl bilan, hamjamiyat bilan birga bo‘lishni o‘zi istashi kerak.
Hozir eng muhimi — ijodkorlarga erkinlik berish. Erkin ijodkor ancha samarali va qiziqarli bo‘ladi. Shuning uchun O‘zbekistonda hozir ijodga yangi yondashuvlar vaqti keldi. Mamlakatda o‘zini tanitish va dunyoning musiqiy xaritasida paydo bo‘lish uchun hamma narsa bor.

Bu tamoyilni yangi xalqaro loyihangiz — Object asosiga ham qo‘yyapsizmi?
Ha, bu uning poydevori. Musiqa industriyasining yetakchilari bilan ishlash tajribam bor va ulardan ko‘p narsani o‘rgandim. Ularning yondashuvini ichkaridan ko‘rdim: ayrim jihatlarga qo‘shildim, ayrimlariga esa yo‘q. Va O‘zbekistonda hozir kuchli yoshlar ijodiy hamjamiyatini yaratish uchun zamin borligini tushundim. Object shu tariqa paydo bo‘ldi.
Object — Yevropa, Osiyo va, albatta, shu yerda, O‘zbekistonda ofislari bor xalqaro leybl va iste’dodlar agentligi. Biz haddan tashqari qattiq saralashsiz ishlaymiz. Vazifamiz — ijodkorlarga o‘zini namoyon etish va o‘sishda yordam berish: ularning musiqasini chiqarish, ular bilan birga kuchli muqovalar yaratish, media bilan ishlash va leybl tadbirlarini o‘tkazish.
Bu hech kimning huquqlari olib qo‘yilmaydigan hamjamiyat. U yerda o‘zingiz istaganingiz uchun qolasiz: sizga qiziq, yoningizda hamfikrlar bor. Unda ijodingizni rivojlantirishingiz va hamkorlar hamda media orqali u haqda so‘zlab berishingiz mumkin.
Object’ning asosiy missiyasi — atrofida kuchli ijodkorlarni jamlash va ularning o‘sishiga yordam berish. Buning uchun ko‘plab vositalarimiz va katta tajribamiz bor. Bu loyihani qariyb bir yil o‘ylab yurdim. Qo‘rquv va shubhalar bo‘ldi, uni qanday amalga oshirishni bilmasdim. Ikki oy oldin esa tushundim: men tayyorman, yigit-qizlar tayyor, jamoa tayyor. Boshladik.

O‘N YILDAN SO‘NG
O‘zbekistonning yosh ijodkorlarini bir-ikki jumla bilan ilhomlantirishingiz kerak bo‘lsa, nima der edingiz?
To‘xtamang va orzuingizga ishoning. Maqsadlar qo‘ying, lekin ularga haddan ortiq berilib ketmang: yo‘lning o‘zidan zavqlaning. Aynan shu yo‘ldan rohatlana boshlaganingiz zahoti eshiklar ochila boshlaydi, maqsadlar esa amalga oshadi.
Tasavvur qilaylik, o‘n yildan keyin yana uchrashdik. “Musiqada xohlagan ishimni qildim”, deyishingiz uchun nima sodir bo‘lishi kerak?
Yoshlar sevgan ishlari bilan shug‘ullanishini, natijalarga erishishini va taslim bo‘lmasligini istayman. Ularning konsertlari va relizlariga oid suratlarda yonib turgan ko‘zlarini, tabassumlarini ko‘rishni xohlayman. Musiqalarini tinglab, qancha kuchli albom va chiqishlar yaratganini ko‘rishni istayman.
Va ular bir paytlar, ehtimol, shu intervyuni o‘qib, shunday xulosaga kelganini eslashlarini istayman: u ham biz kabi, shu yo‘lni bosib o‘tgan, maslahat bergan, yo‘naltirgan, taslim bo‘lmaslikka yordam bergan. Shunda muhim ish qilganimni ayta olaman.
DJ’likdan dars berganimda yoshlarga doim shunday deyman: men sizlarga DJ’likni ham, musiqani ham o‘rgatmayman. Men sizlarga ichingizdagi musiqani topishni va uni boshqalar bilan bo‘lishishni boshlashni o‘rgataman.