“UCHQUN” taqdimoti

O‘zbek san’atkorlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasi

Yandex Music o‘zbek san’atkorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun “UCHQUN” loyihasini taqdim etdi. Taqdimot 15-aprel kuni “Fizika-Quyosh” institutida bo‘lib o‘tdi. Yosh san’atkorlar sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan Yandex Music’ning “Mening to‘lqinim” tavsiya tizimi orqali tanlanadi. Algoritmlar tufayli endigina faoliyat boshlagan ijrochilarning qo‘shiqlari mashhurlikka erishmoqda va ularning eng yaxshilari “UCHQUN”ga kiritilmoqda. Bu media qo‘llab-quvvatlash olish, ijodini chartlarda ilgari surish va hatto xalqaro sahnaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Tadbirning ochilishida Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov kirish so‘zi bilan chiqish qilib, loyiha, uning vazifalari, maqsadlari va rivojlanish rejalari haqida so‘zladi. Shundan so‘ng, san’atkorlar taqdim etilib, ularning o‘ziga xosligi va qanday qilib mashhurlikka erishganliklari haqida ma’lumot berildi.

San’atkorlarning chiqishlari lazer shousi bilan birga o‘tkazilib, u joylashuvning go‘zalligini, ijrochilarning dinamikasini, kosmos g‘oyasini va “Fizika-Quyosh” institutida yangi yulduzlarning paydo bo‘lishini ta’kidladi.

Taqdimotda “Mening to‘lqinim” algoritmlari va striming xizmati tufayli allaqachon e’tirofga sazovor bo‘lgan yosh san’atkorlar chiqish qilishdi. Ularning har biri haqida qisqacha ma’lumot beramiz:

Jamshid Ximmatov – samimiy va ta’sirchan musiqasi bilan tinglovchilar e’tiborini qozongan estrada xonandasi. Uning kliplari o‘n millionlab ko‘rilgan.

AbroBey – reper, uning qo‘shiqlari bolaligi va hayoti, shuningdek, mashhurlikka erishishiga nima yordam bergani haqida hikoya qiladi.

Amelis – yosh qo‘shiqchi, mashhur xit qo‘shiqlarga kaver yozishdan boshlagan va hozirda o‘z musiqasini yaratmoqda.

Kamran Rakhim – qo‘shiqchi va prodyuser bo‘lib, ta’sirchan pop balladalarga ixtisoslashgan.

Yunkaa – “Dardim” xiti bilan musiqiy sensatsiyaga aylangan bloger.

Adan Jabbar – Uchitayy taxallusi bilan tanilgan reper va bit yasovchi.

hamood – romantik pop kompozitsiyalar muallifi.

qarz – chuqur va ma’noli matni bilan ajralib turadigan reper.

Taniyn – BS Records a’zosi bo‘lib, zamonaviy qo‘shiqlari va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi bilan tanilgan.

 

Tashkilotchilar loyihaga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirish jarayoni bilan o‘rtoqlashdilar:

Sabina Avanesova
Yandex Muusic striming xizmati marketologi

"Biz bu loyihani ko‘p oylar davomida tayyorladik, yanvar oyida rejalashtirgandik, lekin hammaga ochiq havoda qulay bo‘lishi uchun aprel oyiga ko‘chirdik. Biz uchun tadbirni aynan shu joyda o‘tkazish muhim edi, chunki bu joy “Uchqun” loyihasi nomi bilan bog‘liq va u yangi yulduzlar va ijrochilarning tug‘ilishi g‘oyasini mukammal aks ettiradi.

Shunday holatlar bo‘lganki, ijrochilar Yandex Music ko‘plab tinglovlar bilan kelgan va algoritmlar tufayli ular yuzlab marta ko‘paygan. Bu loyiha san’atkorning “Mening to‘lqinim” orqali o‘z tinglovchilarini qanday topganini ko‘rsatadi. Biz ularning o‘sishi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda tinglovchilar e’tiborini ko‘proq jalb qilishlariga yordam beramiz".

Odil Muhamedov
moc asoschisi va yetakchi prodyuseri

"Yandex bilan hamkorligimiz biz birinchi marta birlashgan va Sabina bilan tanishgan MOK festivalidan boshlangan edi. O‘shandan beri biz hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni boshladik, turli loyihalarni ishlab chiqdik va oxir-oqibat “UCHQUN” loyihasiga keldik. Biz loyihani samarali ishga tushirishga qaror qildik va kuchli vizual shou hamda loyiha taqdimoti bilan tadbir uyushtirdik. Bu biz uchun muhim bosqich – biz shunchaki tashkilotchi emasmiz, balki butun sohani rivojlantirmoqdamiz.

Umuman olganda, hozir O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotga qiziqish ortib bormoqda, davlat, xalqaro va tijorat tashkilotlari, mahalliy hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Biz sa’y-harakatlar qanday muvofiqlashtirilayotganini ko‘rib turibmiz va hozir san’atkorlar uchun harakat qilishning eng yaxshi payti. Mamlakatimizning salohiyati juda katta, iqtidorli yoshlarimiz ko‘p.

“UCHQUN” – bu bir martalik tadbir emas, balki Rossiya, Qozog‘iston va endi O‘zbekistonda ham faoliyat yuritayotgan to‘laqonli loyiha. Bu mahalliy sahna va butun soha uchun muhim qadamdir".

 

San’atkorlar loyihaning bir qismi bo‘lish ular uchun qanchalik muhimligi va musiqa har bir kishi uchun shaxsan nimani anglatishi haqida so‘zlab berishdi:

Amelis
Xonanda, artist

"Bolaligimdan qo‘shiq aytaman, menda san’atkor bo‘lish istagi doim bo‘lgan. Bir yil oldin qo‘shiqlarimni yozishni boshladim, o‘zimni targ‘ib qilishga qiziqib, musiqalarimni yukladim. Oxir-oqibat Yandex tavsiyalariga kirdim va meni tadbirga taklif qilishdi. Bu mening katta sahnadagi birinchi chiqishim va men juda hayajonlangan, ruhlangan holda turibman.

Bugungi kunda chiqish qilayotgan barcha san’atkorlar allaqachon tanishib bo‘lishgan va bu tarmoq qurishga hamda yangi musiqachilarni kashf etishga ajoyib imkoniyatdir".

qarz
San’atkor, reper

"2015-yilda men allaqachon musiqa bilan shug‘ullanardim, biz Moskvada treklar yozganmiz, ammo muvaffaqiyatga erisha olmadik. O‘tgan yildan boshlab yana bir bor, endi o‘zbek tilida sinab ko‘rishga qaror qildim – agar yana bir bor urinib ko‘rmasam, keyin afsuslanaman, degan fikr bor edi. O‘sha payt ichimda nimadir qo‘zg‘alib, aks-sado berdi. Biz o‘z ijodimizni targ‘ib qilishga harakat qildik, butun jamoa klip suratga olish ishlari bilan shug‘ullandi, targ‘ibot xodimlari treklar reytinglarga kirishi uchun harakat qilishdi – mana, biz ham shu yerdamiz. Umid qilamanki, bu tadbir faqat boshlanishi bo‘ladi va soha rivojlanishda davom etadi. Men doimo madaniyat va musiqa, san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda shunga o‘xshash loyihalarni yoqlayman.

Men uchun musiqa – qalb holati, uni hamma joyda ko‘raman va his qilaman. Hayotimizdagi barcha muhim voqealar qaysidir paytda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan biron-bir musiqa bilan bog‘liq".

 

Taklif etilgan mehmonlar tadbir haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar:

Kamila
Be the change boshqaruvchi hamkori

"Biz bu tadbirda mehmon sifatida mahalliy san’atkorlarning rivojlanishini, musiqachilarning qo‘llab-quvvatlanishini ko‘rishdan xursandmiz. Ilgari tanimaydigan ijrochilar bilan tanishdim, yangi iste’dodli yoshlar paydo bo‘layotganini ko‘rish juda yoqimli".

Amaliya
Musiqachi, saund-prodyuser

"“Mening to‘lqinim” qanday ishlashi va san’atkorlar u yerga qanday tushishi kerakligi men uchun unchalik tushunarli emas edi. Menimcha, ko‘plab ijrochilar allaqachon taniqli bo‘lgan va algoritmlar yangi san’atkorlarga yordam bermay, aksincha allaqachon mashhur bo‘lgan ovozlarni kuchaytirmoqda.

Masalan, Jamshid Himatov yangi kelgan ijrochi sifatida taqdim etildi, garchi u allaqachon eng mashhur ijrochilardan biri – Hamdam Sobirov bilan hamkorlik qilgan bo‘lsa-da, uni hali tanilmagan san’atkorlardan deyish qiyin. Yunkaa ham allaqachon mashhur edi. Uchitayy ham bir yil oldin ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi tufayli mashhur bo‘lgan.

Tadbirning tashkil etilishi juda yoqdi: transport xizmati qanday yo‘lga qo‘yilgani, ovqatlanish - tanlov ko‘p va hammasi mazali edi. Va, albatta, lazer shousi. Loyiha taqdimoti ham meni hayratda qoldirdi. Yagona texnik jihat – tovush aks etishi san’atkorlarning chiqishlaridan biroz chalg‘itardi".

Azizxon
Bu Qala guruhi gitarachisi

"Ehtimol, mening his-tuyg‘ularimni tasvirlaydigan eng aniq so‘z “nihoyat”dir. Shu paytgacha bizda nafaqat tijorat bilan, balki ijodni targ‘ib qilish, madaniy muhit yaratish bilan ham shug‘ullanadigan loyiha yoki xizmat mavjud emas edi. Boshqa mamlakatlarda – AQSH, Yevropa, hatto MDHda ham bunday platformalar anchadan beri bor, bizda esa bu yetishmasdi. Aynan “Yandeks” buni raqamli, zamonaviy musiqa va san’atkorlarni targ‘ib qilish nuqtayi nazaridan ilgari surayotgan birinchi yirik kompaniya bo‘lgani ajoyib.

Ayniqsa, bu yerga nafaqat taniqli shaxslar, balki Amalya va bizning Bu Qala guruhimiz kabi yosh, mustaqil san’atkorlar ham taklif etilgani juda zo‘r. Bu mahalliy ijodga e’tiborni ko‘rsatadi. Tadbirning o‘zi juda jonli, ilhomlantiradigan muhitda o‘tdi.

Menimcha, tashkilotchilarning asosiy vazifalaridan biri – kerakli auditoriyani jalb qilish va san’atkorlar hamda ijodkorlar muloqot qilishi, tanishishi, hamkorlik qilishi uchun aloqa o‘rnatish maydonini yaratishdir".

Suratlar Yandex axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan.

Maqolani baham ko'ring

Related articles