Louis Vuitton
Uch qavatli ulkan flagman do‘kon

Louis Vuitton do‘konlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda – brend 2029-yilgacha Los-Anjelesda ulkan flagman do‘konini ochishni rejalashtirmoqda. Uning loyihasini me’mor Frank Geri va interyer dizayneri Piter Marino ishlab chiqqan. Qurilish ishlari kelgusi yili boshlanadi.
Bino Rodeo-drayv va Beverli-drayv ko‘chalari oralig‘ida joylashadi va piyodalar ko‘prigi bilan bog‘langan ikki qismdan iborat bo‘ladi.
Rodeo-drayv tomonidan 45 000 kvadrat futlik uch qavatli savdo maydoniga kirish imkoniyati bo‘ladi.
U yerda ayollar va erkaklar kolleksiyalari, pardoz-andoz vositalari, atir-upalar, zargarlik buyumlari, shuningdek, sayohat mollari sotiladi. Bundan tashqari, “mijozlar uchun shaxsiy xonalar”ga mo‘ljallangan bir qavat va tomda bog‘ barpo etish rejalashtirilgan.
Beverli-drayvga qaragan bino 55 000 kvadrat fut maydonni egallaydi. Birinchi ikki qavatda Louis Vuitton ko‘rgazma maydoni ochiladi. Uchinchi qavatda qahvaxona va dam olish maskani, tomda esa ochiq ayvonli restoran joylashishi rejalashtirilmoqda.