La Santa:

Mening musiqam – bu energiya

02 Iyun 2025

La Santa – zamonaviy elektron sahnaning eng yorqin va o‘ziga xos nomlaridan biri. Uning setlari maftunkor, treklari esa tinglovchilarni energiya, ritm va chuqur musiqiy sayohat muhitiga olib kiradi. Taxallus ortida boy musiqiy tajribaga va ijodga nisbatan o‘ziga xos hissiy yondashuvga ega san’atkor Sandra turadi. Ushbu suhbatda La Santa o‘zining musiqiy ildizlari, ilhom manbalari, treklar yaratish jarayoni, sanoatga munosabati va bir kun kelib O‘zbekistonda tomoshabinlar oldida chiqish orzusi haqida so‘zlab beradi.

Ehtimol, hali bilmaganlar uchun – La Santa qanday boshlangan? Ushbu nomni tanlashing tarixi qanday?

Men musiqa ovqatdek muhim bo‘lgan oilada ulg‘ayganman. Ayniqsa, onamning menga ta’siri katta bo‘lgan. U meni va akamni klassik musiqa konsertlariga olib borar, bizga turli janrdagi musiqalarni eshittirardi, dam olish kunlari klassika sadolari ostida uyg‘otardi... Men elektron musiqa bilan 12-13 yoshimda tanishganman va qayerga bormay, musiqa do‘konlarida soatlab qolib ketardim. Onam esa meni doim sabr bilan kutardi. O‘sha paytda Ispaniyada London yoki Parijdagidek tanlov yo‘q edi – bu shaharlar mening musiqiy idrokimga katta ta’sir ko‘rsatgan.

La Santa nomi ismim, familiyam va ma’naviy  mendagi jihatlarning birikmasidir.

La Santaning ovozi va ruhini qanday ta’riflaysiz?

Doimo takrorlashdan charchamayman: mening musiqam – bu energiya. Men turli janrlarda ijro etishni yaxshi ko‘raman: Deep House’dan Afro Latin Tech va Latin House’gacha. Mening yagona shartim – yuqori darajadagi gruv, energiya va noyob, o‘ziga xos musiqiy sayohat yaratish hamda tomoshabinlar, raqs maydoni bilan aloqa o‘rnatish istagidir.

Musiqada sizni nima ilhomlantiradi - ovoz, vizual va madaniy jihatdan?

Hamma narsa – xushbo‘y hidlar va taomlardan tortib sayohatlargacha, turli madaniyatlar va tovushlargacha, va albatta, bolaligimdan beri tinglab kelayotgan musiqa.

Ovozingiz va vizual uslubingizda yorqin o‘ziga xoslik bor. Ijodiy jarayoningizda estetika qanchalik muhim rol o‘ynaydi?

Juda muhim. Men har bir loyihaga alohida xabar, mansublik tuyg‘usini “joylashga” harakat qilaman, toki insonning barcha his-tuyg‘ulari uyg‘onsin.

Ijodingizga qaysi janrlar va ijrochilar ko‘proq ta’sir ko‘rsatgan?

Bolaligimda tinglagan klassikadan tortib, jahon musiqasigacha, 80-yillar musiqasi, ayniqsa, 80-90-yillar jaz, soul va r&b.

Musiqa yaratish jarayoniga ozgina e’tibor qaratsak, studiyada trek qanday tug‘iladi?

Men ijodda erkinlikni yaxshi ko‘raman. O‘zimni hech narsada cheklamayman, ayniqsa, musiqada. Men o‘z energiyam, so‘nggi sayohatim, tatib ko‘rgan taomim, meni ilhomlantirgan xushbo‘y hid haqidagi fikrlarim bilan uyg‘unlashaman. Barcha his-tuyg‘ular muhim – shuning uchun ularni jalb qilishga harakat qilaman. Keyin odatda xushbo‘y tutatqi yoqaman va biroz meditatsiya qilaman.

Hamkorliklaringiz qanday kechadi – ular tasodifiy, rejalashtirilgan yoki o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladimi?

Turlicha, lekin ko‘pincha ular impulsiv tarzda, qandaydir g‘oyadan kelib chiqadi. Muayyan san’atkor yoki lahza bilan bog‘liqlikni his qilganimda, shunchaki shu tuyg‘u ortidan ergashaman.

Musiqa sanoatiga kirishda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?

Ayol bo‘lish bo‘lsa kerak. Bilaman, bu stereotip, lekin afsuski, hali ham dolzarb. Bu haqda gapirish va eslab qolish muhim.

Ijodiy erkinlik va tijoriy muvaffaqiyat o‘rtasidagi muvozanatni qanday topasiz?

Men har doim birinchi navbatda ijoddagi erkinlik haqida o‘ylayman. O‘zimni erkin his qilishim va qandaydir tijoriy muvaffaqiyatga erishish kerakligi haqidagi fikrlar bilan cheklanib qolmasligim muhim. Men uchun asosiysi – yaratish. Agar bu tijorat nuqtai nazaridan muvaffaqiyatli bo‘lsa, yanada yaxshi.

La Santa Music yordamida amalga oshirmoqchi bo‘lgan aniq missiya yoki harakatingiz bormi?

Ha, albatta. Odamlarni hayotga, o‘zlariga va o‘zlarining eng yaxshi “men”lariga qaytarish.

Bu yil La Santa’dan nima kutish mumkin – yangi relizlar yoki chiqishlar bo‘ladimi?

Ko‘p yangi musiqalar bo‘ladi. Yaqinda Redolent’da mening yangi CINCO to‘plamim chiqdi, unda juda kuchli xabar bor – Ayol kuchi. Bunga MAMBA trekim kiradi. Shuningdek, La Santa va Chus bilan Slave To The Rhythm loyihasi doirasida jahon bo‘ylab turlar rejalashtirilgan.

So‘nggi paytlarda quloqchinlaringizda eng ko‘p nima yangramoqda?

Sade va mantralar.

O‘zbekistondagi elektron musiqa sanoatini qanday baholaysiz? Bu yerda chiqish qilishni rejalashtiryapsizmi?

Uning rivojlanayotganini ko‘rib turibman va bundan juda xursandman! Ajoyib mamlakatingiz va madaniyatingiz bilan tanishish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqdaman. Men O‘zbekistonda chiqish qilishni juda xohlayman, shuning uchun iltimos, meni taklif qilish va energiyamni his etish uchun [email protected] manziliga yozing. Aslida, dekabr oyida meni Yangi yil bayramiga Toshkentga taklif qilishgan edi, ammo o‘shanda men Panamada chiqish qilishim kerak edi. Biroq men hamon kelish imkoniyatini sabrsizlik bilan kutmoqdaman!

Maqolani baham ko'ring

Related articles