Shisha ichidagi tarix
Afsonaviy xushboʻy atirlar qanday yaratilgan va nega biz ularni yaxshi koʻramiz
Chanel №5
Dunyo miqyosida Chanel №5 atiri har uch soniyada sotiladi. Bu yangi ifor 1921-yil 5-mayda dunyo yuzini koʻrgan. Besh soni Buyuk Mademuzelning baxtli raqami. Mashhur parfyumer Ernest Beaux uni yaratish ustida Fransiya Rivieradagi laboratoriyasida ishlagan. U taklif qilgan kompozitsiyalardan Koko beshinchisini tanlagan.
XX asrning boshlaridagi atirlar - jimjimador bezakli shishalardagi gulli kompozitsiyalar boʻlgan. Va oʻsha vaqtlarda birinchi marta aldegidlar - sintetik ingrediyentlar paydo boʻlgan. Shisha shakli ham xuddi tarkib kabi butunlay yangicha edi. Xushboʻy Chanel uyi uslubini toʻliq aks ettirishi uchun atir lakonik toʻrtburchak shakldagi shaffof shishaga joylashtirilgan, nom sifatida raqam berilgan va oddiy oq yorliqda chop etilgan. Shundan keyin oʻzgacha marketing ishga tushgan. Coco Chanel oʻzining xushboʻy atirini sotmagan. Buning oʻrniga u uyning mijozlari va dugonalariga bir nechta idishlarni sovgʻa qilgan. Yangi mahsulot haqida soʻrashardi, olijanob xonimlar orasida qiziqish paydo boʻldi - va shundan keyin atir sotuvga chiqdi. Nafis ifori hamda tarkibi sababli miqdori biroz cheklangan ushbu atir klassikaga aylandi va 100 yildan ortiq vaqt davomida doimiy muvaffaqiyatga erishib kelmoqda.
Miss Dior
1947-yil qishi. Urushdan keyingi sovuq va melanxolik Parij toʻsatdan uzoq va ogʻir uyqudan uygʻondi - Montaigne avenyusida yosh va uncha taniqli boʻlmagan kutyurye Kristian Dior oʻzining birinchi liboslar toʻplamini taqdim etdi. Ayollik va hashamat dunyo modalari poytaxtida uzoq vaqtdan beri oʻz oʻrnida emas edi, shuning uchun bu shou haqiqiy qayta tugʻilish boʻldi. Ayniqsa, shoudagi gullar barchaning diqqatini jalb qildi. Dior bolaligini Granvilda buvisi bilan birga uning koʻplab gullar ekilgan katta bogʻida oʻtkazgan. Koʻp oʻtmay, allaqachon mashhurlikka erishgan kutyurye o‘zining katta gullagan bogʻi boʻlgan qasriga ega boʻladi. U yerga tashrif buyuruvchi mehmonlar sovuq ko‘chadan atelyega kirganda, notanish xushbo‘y ifordan mast bo‘lib qolishardi. Go‘yo qasr ichidagi pardalar ham shunday hidli suvga chayib olingandek ifor taratardi, shuningdek, gulni eslatuvchi liboslar ham mehmonlarni hayratga solardi.
Ayollik jozibasining jonlanishini ko‘rsatish uchun Dior oʻzining uzoq yillik doʻsti Serj Xeftler-Luisga shipr va gul notalari bilan mutlaqo yangi atir yaratishni ishonib topshiradi. Shipr tufayli ushbu kompozitsiya achchiq iforga ega bo‘ladi. Bu achchiqlik zamirida go‘zal bir qizning achchiq hayoti aks ettirilgan. Ya’ni Kristian atirni singlisiga bagʻishlagan edi. Chunki kurash, sevgilisini yoʻqotish va urush yillari uning singlisi bo‘lmish - Fransiya qarshilik harakati a’zosi Ketrin Dior uchun oson kechmagan edi.
Xushboʻy hid koʻplab qayta ishlovlarni boshdan kechirdi va aktrisa Natali Portman atirning yuziga aylandi. Miss Diorning o‘zgarmas tarkibiy qismi sanalgan gullar muhabbat ramzi bo‘lib qoladi.
Givenchy L’Interdit
"Men sizga xafa boʻlishni taqiqlayman!" - faqatgina doʻstlari uchun tushunarli boʻlgan qiziqarli nomlangan atirni chiqargan holda mashhur fransuz kutyuryesi Hubert de Givengy oʻzining doʻsti va ilhomlantiruvchisi Odri Hepbernga boʻlgan g‘amxo‘rligini yana bir bor mustahkamlashga qaror qildi.
Aristokratik kelib chiqishi, mehnatsevarligi (faoliyatining boshida yosh Hubert Givengy Jak Fath, Kristian Dior, Robber Piaget, Elza Schiaparelli atelyesida yordamchi boʻlib ishlagan) va shaxsiy didi tezda yangi dizaynerni mashhur qildi. 1952-yilda oʻz nomi bilan atelye ochgan Givenchy darhol Parij jamoatchiligining e’tirofiga sazovor boʻldi.
1953-yil nafaqat kompaniya uchun, balki Givenchyning oʻzi uchun ham omadli boʻldi - u oʻzining ilhom parisi boʻlgan, amerikalik aktrisa Odri Hepbern bilan uchrashdi. Aktrisaning filmografiyasi deyarli moda uyining kostyumlari tarixidir – har bir filmida u uchun noyob liboslar yaratilar edi. Kutyurye boshqa mashhur shaxslarni ham kiyintirgan - Greys Kelli, Jaklin Kennedi Onassis, Vindzor gertsoginyasi, baronessa Rotshild. Ammo Hubertni Odri bilan haqiqiy doʻstlik bogʻlab turar edi. Ogʻir hayotiy vaziyatda doʻstini qoʻllab-quvvatlashga intilgan dizayner tomonidan maxsus yaratilgan gul-pudra ifori aktrisaning tashrif qogʻoziga aylandi va keyinchalik millionlab ayollarning koʻnglidan joy oldi.