Dunyodagi musiqiy muzeylar

Jahon xaritasidagi musiqa jonlanadigan besh makon

Surat: nationalbluesmuseum

Musiqani yaxshi ko‘rasizmi? Muzeyga borib zavqlanasizmi? U holda bu ikki sevimli mashg‘ulotni birlashtirib, jahonning oldi musiqiy ekspozitsiyalarini tadqiq etishga nima deysiz? Bu ekspozitsiyalarda afsonaviy musiqa asboblari, sozandalarning shaxsiy esdalik buyumlaridan tortib, interaktiv ko‘rgazmalar va maroqli xotiralargacha, bari mavjud. Kim bilar, balki bu maskanlarning ba’zilarini orzularingiz ro‘yxatiga kiritgingiz kelib qolar.

https://www.instagram.com/countrymusichof/

Country Music Hall of Fame and Museum / Kantri shon-shuhrat zali muzeyi (Nashville, Tennessee, AQSH)

Kantri musiqasi shon-shuhrat zali va muzeyi — mazkur janr ixlosmandlari borib ko‘rishi shart bo‘lgan maskan. Bu yerda janr tarixi va rivojlanishidan hikoya qiluvchi osorlar, ko‘rgazmalar va interaktiv ekspozitsiyalar jamlangan. Mehmonlar afsonaviy san’atkorlarning ijod yo‘lini kuzatishlari, janrning madaniy ta’siri haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishlari va hatto turli cholg‘ularni chalib ko‘rishlari ham mumkin. Bundan tashqari, muzeyda doimiy ravishda jonli konsertlar berilib, ta’lim dasturlari va maxsus tadbirlar tashkillashtiriladi.

The Rock and Roll Hall of Fame / Rok-n-roll shon-shuhrat zali (Cleveland, Ohio, AQSH)

https://www.instagram.com/reel/DLdJavhC8Xj/

Rok-n-roll shon-shuhrat zalida ushbu janr tarixi va ta’sirini yaqqol ko‘rsatib beruvchi musiqiy yodgorlik va artefaktlar saqlanadi. Eksponatlar orasida — Jimi Hendrix qo‘lyozma qo‘shiqlari matnlari, David Bowie va Madonna kabi afsonaviy ijrochilarning sahna kiyimlari, Eric Clapton va Chuck Berry gitaralari, shuningdek unutilmas konsertlardan sahna rekvizitlari mavjud. Muzey ekspozitsiyasi chiqishlardan tasmaga tushirilgan noyob jonli yozuvlar, rok-n-roll tarixini jonlantiruvchi  interaktiv installyatsiyalar hamda multimediyali namoyishlarni ham o‘z ichiga oladi.

Handel & Hendrix House / Handel va Hendrix uyi (London, Buyuk Britaniya)

Londonning Brook Street, 25-uy manzilida qachonlardir buyuk bastakor Georg Fridrix Hendel ijod qilgan bo‘lsa, oradan ikki asr o‘tib xuddi shu xonadonda Jimi Hendrix sevgilisi bilan yashagan. Ikki davr — klassika va rok daholarini bir manzil bog‘lab qo‘ydi.

Bugun Londondagi “Handel & Hendrix” muzeyida mazkur afsonaviy shaxslar olamiga sho‘ng‘ish, tarixiy interyerlarini ko‘rish, jonli konsertlardan yozib olingan musiqalaridan bahra olish hamda meroslari haqidagi ma’ruzalarni tinglash imkoniyati mavjud.

Bob Marley Museum / Bob Marley muzeyi (Kingston, Jamaica)

 

Bu muzey afsonaviy ijrochi yashagan uyda joylashgan bo‘lib, keyinchalik ko‘rgazma maskaniga aylantirilgan. Bob Marley 1975-yildan to 1981-yilgacha, ya’ni vafotigacha shu yerda istiqomat qilgan. Muzeyda uning ko‘plab mashhur qo‘shiqlari yozib olingan studiya hamon saqlanib qolgan, shuningdek, san’atkorning shaxsiy hayotiga nazar tashlash imkonini beruvchi buyumlar ham namoyish etilgan. 

Ko‘rgazmalar orasida — I Threes vokal triosining sahna liboslari hamda Bob Marleyga topshirilgan nufuzli mukofot — Grammy Lifetime Achievement Award (“Musiqaga qo‘shgan ulkan hissa uchun” beriladigan maxsus “Grammy”) esdalik nusxasi ham bor.

National Blues Museum / Milliy blyuz muzeyi (St. Louis, Missouri, AQSH)

Milliy blyuz muzeyi 2016 yildan buyon o‘z arxivini nodir fotosuratlar va audioyozuvlar bilan boyitgan holda mazkur janrning go‘zal an’analarini asrab-avaylab, keng jamoatchilikka tanitib kelmoqda. Ekspozitsiya tarkibida interaktiv installyatsiyalar, ijrochilarning sahna liboslari, shaxsiy buyum va hujjatli videomateriallari mavjud bo‘lib, bu eksponatlar orqali blyuzning Afrikadagi ildizlaridan tortib, hozirgi kundagi holatigacha bo‘lgan tarixini kuzatish mumkin.

Lekin muzey faqat o‘tmishdan hikoya qilmaydi, bu yerda haftaning har payshanba, juma va shanba kunlari jonli konsertlar berib boriladi. 

Bu kabi muzeylar ro‘yxatini hali uzoq davom ettirish mumkin va biz keyingi maqolalarda yana ko‘plab muzeylarni sizga taqdim etamiz. Axir musiqa insoniyat madaniyati va tarixining muhim qismi.

U turli jamiyatlar ijodi, his-tuyg‘ulari va qadriyatlarini aks ettiradi hamda o‘tmishga nazar tashlash imkonini beradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles