Chet elda ham palovxo‘rlik qilish mumkinmi?
Dunyodagi eng yaxshi 5 ta o‘zbek restorani
Siz London, Tokio, Dubay, Neshvill yoki Milanda yashayapsiz-u, biroq haqiqiy o‘zbek palovini tanovul qilmoqchisiz. Chet elda turib ham, O‘zbekiston nafasini his qilish, o‘zbek milliy taomlarini tatib ko‘rish istagingiz bo‘lsa, sizga ushbu restoranlarni tavsiya etamiz.
OshPaz restorani, London
Restoran menyusida ko‘plab mazali taomlar, jumladan, qo‘zichoq yoki tovuq go‘shti qo‘shib tayyorlangan palovning har xil turlari mavjud. Shuningdek, menyudan go‘shtsiz taomlarning ham joy olgani vegetarianlarga o‘zbek oshxonasidan bahramand bo‘lish va unga baho berish imkoniyatini beradi. OshPaz restorani menyusining eng lazzatli yeguligi, bu – muassasa asoschisining maxsus retsepti bo‘yicha bug‘da pishiriladigan chuchvaralar hisoblanadi.
Ta’mi og‘izda qoladigan mazali kaboblarni xush ko‘ruvchilar uchun esa restoran o‘zining an’anaviy o‘chog‘ida barra go‘shtdan tayyorlangan xushxo‘r taomlarini taqdim etadi. Ayniqsa, go‘shtli kaboblar restoranning tandirda yopilgan noni, mazali salati va maxsus chili sousi bilan birga yanada ishtahani ochadi.
Ammo OshPaz, bu – shunchaki restoran emas, balki turli millatlarni mazali o‘zbek taomlari orqali birlashtiruvchi “O‘zbek madaniyati va taomlari festivali”ning asoschilaridan biri ham sanaladi.
Osh Del Mar, Dubay
Dubaydagi Osh Del Mar deb nomlangan bu oshxona menyusidan o‘zbek va Markaziy Osiyo lazzatlarini o‘zida mujassamlashtirgan fyujn taomlari (jahon oshxonalarining an’analari va turli elementlarining uyg‘unligi) joy olgan.
Samarkand Terrace, Tokio
Takadanobaba metro stansiyasi yaqinida joylashgan bu shinam oshxonada qadrdon yurtimizning nafasi ufurib turadi. Aynan shu yerda o‘zbek manti, somsa va kaboblarini, shuningdek, hatto yapon xalqi sevib iste’mol qiladigan samarqandcha palovni ham tatib ko‘rish mumkin. Bu yerda samarqandcha palovni samarqandlik oshpaz haqiqiy o‘choqda tayyorlaydi. Agar siz chanqagan bo‘lsangiz, qatiqdan tayyorlangan muzdekkina “chalop” ichimligi ayni muddao.
Osh Restaurant & Grill, Neshvill
Bu muassasada Markaziy Osiyoning eng mazali taomlari – og‘izda eriydigan kaboblardan tortib, an’anaviy o‘zbek palovigacha taqdim etiladi. Bu yerdagi shinam atmosfera sizni Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa lazzatlarini o‘zida mujassamlashtirgan qadimiy Buyuk Ipak yo‘li olami tomon chorlaydi. Menyu ko‘plab taomlarni o‘z ichiga olgan, ularning har biri oshpazlik tasavvurining yorqin namunasidir.
Uzbek, Milan
Uzbek – bu Milandagi ilk o‘zbek restorani. Oshpaz Oksana Soyning o‘ziga xos taomlari o‘zbek va koreys ildizlarining mohirona uyg‘unligi bo‘lib, taomga uzoq sayohat ta’mini beradi.
Restoranning eng asosiy taomi, shubhasiz, palov sanaladi. Bu yerda boshqa joylardan farqli o‘laroq, ikki xil turdagi palov taqdim etiladi: go‘shtli va vegetariancha.
Uzbek restorani menyusining xilma-xilligi shundaki, har bir tashrif buyuruvchi O‘zbekiston oshxonasining mashhur taomlaridan lag‘mon, manti, chuchvara, somsa (go‘shtli va vegetariancha) va boshqa ko‘plab ovqatlarni tatib ko‘rish imkoniyatiga ega.