Creativity: Dead or Alive?
19–20-may kunlari Londonda D&AD Festival bo‘lib o‘tdi. Bu global kreativ industriyaning eng muhim tadbirlaridan biri bo‘lib, dizayn, reklama, art-direksiya, brending, kommunikatsiyalar, texnologiyalar va madaniyatni birlashtiradi. Bu festival kasbni o‘zgartiradigan g‘oyalar, standartlarni belgilaydigan ishlar va kreativ fikrlash chegaralarini kengaytirishda davom etayotgan insonlar haqida.
D&AD (British Design & Art Direction) — 1962-yilda bir guruh dizaynerlar va art-direktorlar tomonidan asos solingan tashkilot. Ular eng yaxshi kreativ ishlarni e’tirof etish va industriyaning standartlarini oshirishni maqsad qilgan. 60 yildan ortiq vaqt davomida D&AD shunchaki mukofot emas, balki professional mezonga aylandi: bugun dizayn va reklamada nima jasoratli, aniq, mahoratli va chinakam muhim deb hisoblanishini belgilaydigan maydonga.

Shu bois D&AD bilan birga biz savol berdik: kreativlik hali ham tirikmi? Bu savolga javobni festival hakamlar hay’ati va uning key speakers vakillari bilan ikki kun davomida — ma’ruzalar, munozaralar, Jury Insight Sessions va industriyaning kelajagi haqidagi suhbatlar orqali izladik.
Hayot va o‘lim masalasi
Kreativlik endi mavjud emas. AI ishimizni tortib olmoqda, bir necha soniya ichida gigabaytlab kontent yaratmoqda. Mashinalar bizsiz ham uddalaydi. Bu dahshatli tush, ammo aslo reallik emas.
Kreativlik, fikrlash, ijodiy jarayon — aynan shular insonni noyob qiladi. Festivalning ko‘plab spikerlari fikricha, biz o‘z kreativligimizning o‘limida istagan narsani ayblashimiz mumkin: sun’iy intellektni, algoritmlarni, mijozlarni, dedlaynlarni, bozorni yoki cheksiz kontent oqimini. Ammo aslida sabab ko‘pincha ancha yaqinroqda — o‘zimizda.
Biz o‘ylash o‘rniga skroll qilishni tanlagan joyda. Tasavvur qilish o‘rniga generatsiya qilishni tanlagan joyda. Kuch sarflash o‘rniga vazifani topshirishni tanlagan joyda. Aynan o‘sha yerda sinish sodir bo‘ladi. Ammo bu, avvalo, o‘zimizga bog‘liq emasmi?
AI barchamizni almashtiradi
Tarix siklik. Biz doim taraqqiyotning yangi yutuqlari bilan to‘qnashamiz — va har safar ular dunyoni o‘zgartiradimi yoki ertasi kuni bu haqda eslamaymizmi, deb kuzatamiz.
Nyu-Yorkda faoliyat yurituvchi kreativ direktor va strateg Court Williams bunga oddiy javob beradi. XV asr kalligraflari bosmaxonachilarga qarshi bo‘lgan. Rassomlar fotograflarga e’tiroz bildirgan. Musiqachilar plastinkalarga yozilishni xohlamagan. Dizaynerlar esa qog‘ozdan tashqaridagi dizayn ham ma’noga ega bo‘lishiga ishonmagan.
Bundan tashqari, ularning barchasi yangi texnologiya ishlarini tortib oladi va industriyani o‘ldiradi, deb hisoblagan.
Xo‘sh, hozir 2026-yil. Har birimizning smartfonimizda kamera, musiqa pleyeri va kitoblar bor. Ammo buni san’atning o‘limi deb atash qiyin, shunday emasmi?
G‘oya qadrsizlanmoqdami?
Ijod uchun onlayn vositalar paydo bo‘lishi va kengayishi, ayniqsa kontentni generatsiya qilish va qayta yaratishga qodir vositalar rivojlanishi bilan, g‘oya o‘z vaznini yo‘qotayotgandek tuyulishi mumkin. Axir endi har kim bir necha daqiqada deyarli istalgan narsani — video, foto, matn yoki hatto g‘oyani ham — yaratishi mumkin. Agar g‘oyalar shunchalik ko‘paygan bo‘lsa, ularning har biri hali ham qadrlimi?
Ammo aslida mavjud platformalarning hech biri hozircha insoniy ma’nodagi yangi g‘oyalarni yarata olmaydi. AI allaqachon mavjud material bilan ishlaydi. Bu internetdagi umumiy fikr, mashina qayta ishlay oladigan ma’lumotlarning o‘rtacha ko‘rinishi. U kombinatsiya qilishi, tezlashtirishi, strukturaga solishi, variantlar taklif qilishi mumkin. Lekin yangi qarash yaratish, kreativ fikr chegaralarini kengaytirish va g‘oyaga haqiqiy ma’no berish — faqat bizning qo‘limizdan keladi.

Zamonaviy grafik dizaynning eng ta’sirli vakillaridan biri, tipografika, vizual madaniyat va go‘zallik mavzusiga provokatsion yondashuvi bilan tanilgan Stefan Zagmayster buni o‘ziga xos hazil bilan shunday ifodalagan: “With AI, people do the same crap they did five years ago, but now they do it faster and cheaper.”
Zamonaviy texnologiyalarning imkoniyatlari bizga mumkin bo‘lgan narsalar chegarasini kengaytirishga yordam beradi. Ilgari faqat orzu qilgan joylarimizga borish imkonini beradi. Bugun qo‘limizda tezroq, chuqurroq va ko‘pincha kichikroq budjetlar bilan harakat qilishga yordam beradigan vositalar bor. Demak, aynan kreativlik uchun ko‘proq vaqt bo‘shaydi.

Hamma bir ovozdan nimani takrorladi?
Texnologiyalarni o‘rinbosar sifatida emas, balki medium sifatida qabul qilish kerak. Ishlash mumkin bo‘lgan yana bir material sifatida. Xuddi bir paytlar qog‘oz, bosma, fotografiya, kino, ovoz yoki raqamli makon bo‘lgani kabi.
Ammo vosita didni bekor qilmaydi. Tezlik mahoratni bekor qilmaydi. Metrikalar ma’noni bekor qilmaydi. Mukammal tasvir har doim ham tirik, nomukammal va insoniy tasvirdan kuchliroq emas. Aksincha, aynan shu nomukammallik tobora ko‘proq inson mavjudligining isbotiga aylanmoqda.
Kelajakka nazar
72andSunny kompaniyasining Chief Creative Officer International lavozimidagi Justine Armour eslatdi: kreativlik har doim oldinga qaraydi. U nafaqat o‘zgarishlarga javob beradi, balki hali mavjud bo‘lmagan narsani tasavvur qilishga yordam beradi. Shuning uchun savol kreativlik AI dunyosida omon qoladimi yoki yo‘qmi deganida emas. Savol shundaki, biz o‘zimiz doimo kuchimiz bo‘lib kelgan narsani boy bermaslik uchun yetarlicha e’tiborli, jasur va tirik bo‘lib qola olamizmi?
Hozirdanoq aniq ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan uchta trend bor: analogue value, community building va creativity itself.
Analogue value
Hamma narsani generatsiya qilish, nusxalash, tezlashtirish va qayta yaratish mumkin bo‘lgan dunyoda jismoniylik, faktura, vaqt va inson qo‘lining iziga ega narsalarning qadri oshadi. Analoglik albatta nostalgiya degani emas. Bu ko‘proq mavjudlik hissiga qaytishdir.
Community building
Kreativlik tobora ko‘proq faqat alohida daholar atrofida emas, balki hamjamiyatlar atrofida mavjud bo‘ladi. Tajriba almashadigan, birga yaratadigan, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan va yangi madaniy kontekstlarni shakllantiradigan insonlar atrofida. Texnologik tezlashuv davrida aynan hamjamiyat ma’noni qaytaradigan kuchga aylanishi mumkin.
Creativity itself
Va nihoyat, kreativlikning o‘zi. Rezyumedagi professional ko‘nikma sifatida emas. Chiroyli prezentatsiya sifatida emas. Kampaniyani tezda o‘ylab topish qobiliyati sifatida emas. Balki fikrlash usuli sifatida. Savol berish odati sifatida. Diqqat bilanroq qarash istagi sifatida. Shunchaki kontent ishlab chiqarish emas, balki ma’noga ega narsa yaratishga bo‘lgan ichki ehtiyoj sifatida.
Xo‘sh, kreativlik o‘lganmi? Aksincha, u yashovchanlik bo‘yicha navbatdagi sinovdan o‘tmoqda.Va biz o‘ylash, shubhalanish, tasavvur qilish, xato qilish, bahslashish, kulish, his qilish va ma’no yaratishga qodir ekanmiz — u aniq tirik.
Source of photos: D&AD Instagram https://www.instagram.com/d_and_ad