Dengiz qizlari

Suv parilari qanday bo‘lganligi va ular qayerda yashaganligi haqidagi afsonalar

08 Iyul 2024
Foto: Unsplash, Nsey Benajah

Suv parilari haqidagi hikoyalar dunyo kabi qadimiydir. Bu mavjudotlar haqida ko‘plab afsona va rivoyatlar mavjud. Disney tufayli bizda yoshligimizdanoq qalin qizil sochli va sehrli ovozli go‘zal qizning romantik qiyofasi shakllangan. Bulardan qaysi biri haqiqiy sirenaga mos keladi va boshqa xalqlar uchun suv parisi aslida kim?

Foto: Unsplash, Jeremy Bishop

Suv parilari qayerda yashashgan?

Dengiz qizlarini ko‘pincha Qadimgi Yunonistonda uchratishgan. Yunoniston shaharlarining aksariyati O‘rta yer dengizi bo‘yida joylashgan, shuning uchun yunonlarning ko‘plab afsonalari aynan suv dunyosi bilan bog‘liq ekanligi ajablanarli emas. Qadimgi yunon madaniyatida ko‘plab suv parilari bo‘lgan: nimfalar, okeanidlar, nayadalar, nereidlar, sirenalar.

Foto: Unsplash, Annette Batista

Kim kimligini aniqlaymiz

Nimfalar – ayol jinsidagi sehrli ruhlar bo‘lib, ularni suv havzalarida uchratish mumkin bo‘lgan. Qadimgi yunonchadan «nimfa» «kelin» degan ma’noni anglatadi.

Nayadlar favvoralar, quduqlar va yer osti buloqlarida yashovchi nimfalardir. Nayada chuchuk suvning ruhi, Okeanida esa sho‘r suvning ruhi. Chuchuk suv nimfalari tinch mavjudotlar hisoblangan, ularning suvi, mahalliy aholi e’tiqodiga ko‘ra, shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lgan va ko‘pchilik ularga sig‘inishgan.

Nereidlar faqat O‘rta yer dengizida yashagan. Ular roppa-rosa 50 kishi bo‘lib, keksa Nereyning qizlari bo‘lishgan. Rivoyatlarga ko‘ra, ular opa-singil nimfalar orasida eng chiroylilari bo‘lishgan. Nereidlarning boshqalardan ajralib turadigan jihati bu – ularning ko‘k sochlari bo‘lgan. Bu ko‘k sochli nimfalar ham tabiatan mehribon bo‘lib, ko‘pincha cho‘kib ketayotgan dengizchilarga yordam berishgan. Nereidlar orasidan Peleyga turmushga chiqib, Troya urushining mashhur qahramoni Axillni dunyoga keltirgan Fetida tarixga kirgan. Fetida o‘g‘lini Stiks daryosi suvlarida cho‘miltirib,  uni o‘lmas insonga aylantirgan.

Suv parilari orasida eng zararlilari sirenalar bo‘lishgan. Ular boshqa suv parilaridan asosan yarmi ayol, yarmi qush bo‘lganligi bilan ajralib turishgan. Ular daryo xudosi Axelosning qizlari bo‘lgani uchun suv parilariga mansub bo‘lganlar. Sirenalar haqida gapirganda, odatda, ko‘z o‘ngimizda chiroyli suv parilari gavdalanadi. Aslida esa, qadimgi manbalarga ko‘ra, sirenalarning tashqi ko‘rinishi qo‘rqinchli, ammo dengizchilarni sehrlaydigan ovozi ajoyib bo‘lgan.

Foto: Unsplash, Daniel Bernard

Zamonaviy dunyoda afsonalarga va suv parilari mavjudligiga kamdan kam odam ishonsa-da, bu obrazning mashhurligi haligacha dolzarbligini saqlagan holda ommaviy madaniyat tomonidan ko‘paytirilmoqda. Multfilm qahramoni Ariyel ishtirokida turli mamlakatlarning okeanariumlarida ko‘plab suv osti shoulari o‘tkazib turiladi, animatorlar tomonidan qahramonlar siymosi jonlantiriladi. Shuningdek, bolalar va kattalar uchun suv parilari kostyumlari mavjud. Brend kompaniyalari mahsulotlarida esa dengiz qizi tasviri tushirilgan.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin