Dizayner Elnora Ibragimova-Rizayeva moda dunyosidagi inklyuzivlikka e’tiborni jalb etdi
QALDIRG‘OCH kolleksiyasi qaldirg‘och obrazi va erkinlik ramziga ishora qiladi
TFT-Expo 2025’da dizayner Elnora Ibragimova-Rizayeva Ela Ri taxallusi ostida Stone City brendi kolleksiyasini namoyish etdi. QALDIRG‘OCH kolleksiyasi o‘zbek turmush tarzi va urf-odatlarida ayol kishining qaldirg‘och bilan bog‘liqligi hamda bu qush bilan assotsiatsiyasini tadqiq etish mahsuli hisoblanadi.
“Qaldirg‘och obrazi bahor, yangi davr, umid va tanlov erkinligi bilan bog‘liq. Biz bu ramzni o‘z maqsadlari sari shiddat bilan intilayotgan, muvaffaqiyatga erishayotgan, in qurayotgan va farzandlarini voyaga yetkazayotgan shiddatli, kuchli va nozik ayollarga tatbiq etamiz”, – deydi Elnora.
Ko‘rgazmada taklif etilgan ko‘zi ojiz pianinochi, davlat konservatoriyasi doktoranti, Botir Zokirov nomidagi musiqa tarixi va solfedjo instituti o‘qituvchisi Sevara Mirziddinova jo‘r bo‘ldi. Sevara muallif Oydin Abdullayevaning “Amir Temurning tushları” asarini ijro etdi.
“Ushbu hamkorlik orqali biz inklyuzivlik mumkinligini, nogironligi bo‘lgan odamlar sifatli ta’lim olish imkoniyati tufayli muvaffaqiyatga erishishlari va murakkab ijodiy kasblarda o‘zlarini namoyon qilishlari mumkinligini ko‘rsatmoqchi edik”, – deb ta’kidlaydi Elnora.
"Stone City" brendiga sahna ortida Inklyuziv xalqaro xabning moda dizayni yo‘nalishi talabalari yordam berishdi, IIHub’da mobilograf, fotograf va dizayner sifatida ta’lim olayotgan turli xil nogironligi bo‘lgan bolalar ishtirok etishdi.
Elnora O‘zbekiston ijtimoiy hayotiga inklyuzivlikni joriy etish ustida faol ishlayotgan Xalqaro inklyuziv xabda kurator sifatida faoliyat yuritadi.
Ko‘rgazmada o‘zbek an’anaviy naqshlari, kulolchiligi va kolleksiyada talqin qilingan qaldirg‘och mavzusidan ilhom olgan qog‘oz ustasi Mariya Adamova Talamaskning kolleksiyasidan foydalanildi.