Elza Skiaparelli

“O‘zingizga boshqacha bo‘lishga ruxsat bering”

24 Iyun 2025
fotо: Instagram / Schiaparelli

Bu shunchaki Elza Skiaparellining iqtibosi emas, balki uning hayot falsafasidir. Qahramonimiz modaga ergashmadi – u boshqa voqelikka yo‘l ochdi. Uning ismi estetik isyonning sinonimiga aylandi: syurrealizm, kinoya, e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan pushti rang. U o‘zining telbaligi, bolaligi va tushlarini singdirgan modalar uyini yaratdi. 1927-yilda Schiaparelli Parijda oddiylik, qulaylik va to‘g‘rilikka qarshi manifest sifatida paydo bo‘ldi.

Bugun, deyarli bir asr o‘tgach, Elza Skiaparellining nomi yana Parij peshtoqlarida ko‘zga tashlanmoqda. Bu har doim o‘z davridan ilgarilab ketgan ayolning tantanali qaytishidir.

Bir g‘alati qizning hikoyasi

Elza devorlari qirollarning portretlari bilan bezatilgan, derazalari jinnixona va qamoqxonaga qaragan hashamatli koshonada – Korsini saroyida tug‘ildi. Tashqarisi – barokko, ichkarisi – sovuq. Otasi kitoblar va sanskrit tili bilan band olim. Onasi Neapol aristokrati, mish-mishlarga ko‘ra, Medichi avlodidan. Ammo ertak o‘xshamadi: ota-ona o‘g‘il ko‘rishni xohlashdi va ikkinchi qizaloq tug‘ilganidan noroziligini yashirishmadi.

Elza ularga yoshligidanoq g‘alati ko‘rinardi. U so‘zma-so‘z o‘zida bog‘ yaratishga urinardi. Urug‘larni og‘ziga, qulog‘iga, burniga solardi, gullashni orzu qilardi. Ikkinchi qavatdan soyabon ko‘tarib sakragan va faqat go‘ng uyumiga tushgani uchungina omon qolgan. U goh Isoga, goh botanikaga, goh namoyishlarga, goh she’rlarga mukkasidan ketgandi. Ota-onasi uni monastirga jo‘natishga qaror qilishdi, u yerda hatto cho‘milish ham ko‘ylakda bo‘lardi. U ochlik e’lon qildi. Uning rasmiy yoshligi shu bilan yakun topdi.

Keyin falsafa, musiqa haqidagi maqolalar, mistika, g‘alati erkaklar. Ulardan biri uning eri bo‘ldi – polyak ilohiyotchisi va shomon ma’ruzalariga ishqiboz. Elza u bilan avval Nitssaga, keyin Nyu-Yorkka qochib ketdi. Hamma narsa bo‘ldi: ochlik ham, kazinoda yutqazilgan pullar ham, nikohdagi muammolar ham, falajlangan farzand ham. Elza ersiz, ishsiz, pulsiz Manxetten ko‘chalarida qoldi. Qo‘lidan kelgan ishni qildi: Uoll-stritda, kinoda, antikvar do‘konida ishladi. U shunchaki yashab qolish uchun emas, balki bir kun qayta tug‘ilish uchun balchiq va xo‘rliklardan o‘tdi – Schiap sifatida. Omon qolgan uchqun. Keyinchalik u atrofdagi hamma narsani larzaga soladi.

O‘z uyining kichik eshigi

Parijga qaytgach, Elza tasodifan Pol Puarening moda olamiga kirib qoldi. U mijoz emasdi – shunchaki tanishiga hamrohlik qilardi. Biroq uning ko‘ylaklarini kiyib ko‘rib, bir paytlar qanday bo‘lganini esladi: yorqin, ishonchli, erkin edi. Puare uni darhol payqadi – nafaqat qomati, balki ichki quvvati bilan ham. U shunday dedi: “Siz xohlagan narsangizni, xohlagan joyda kiyishingiz mumkin”. Bu so‘zlar uning qalbida muhrlanib qoldi.

U eskizlar chizishni boshladi. Moda brendlariga ko‘rsatdi. Avvaliga uni masxara qilishdi: “Siz yaxshisi kartoshka yetishtiring”, – lekin bu uning g‘ayratini yanada oshirdi. Tez orada u birinchi g‘oyalarini sotdi va muvaffaqiyatdan ilhomlanib, 1927-yilda o‘zining Schiaparelli moda brendini ochdi.

Trikotajdan boshladi: sviterlar, pijamalar, cho‘milish kiyimlari – amaliy, ammo g‘ayrioddiy. Oq bant tasvirlangan sviter bir zumda shov-shuvga aylandi. U bir vaqtning o‘zida Britaniya, Fransiya va Amerika Vogue jurnallarida paydo bo‘ldi.

Ikki kishilik syurrealizm

1930-yillarga kelib, terisiga gul chizgan o‘sha qizning orzulari nihoyat o‘z shaklini topdi. Va bu shakl madaniy shok edi. Podium endi uning hududiga aylandi. Schiapning har bir kolleksiyasi – provakatsiya, syurrealistik pilikli estetik bomba edi.

Rassomlar bilan hamkorlik davri boshlandi: eng yorqini Salvador Dali bilan bo‘ldi. Ular birgalikda ramziy obrazlarni yaratdilar: qisqichbaqa tasvirli ko‘ylak, “skelet” ko‘ylak, “ko‘z yoshlari”, quti-cho‘ntaklar. Kecha g‘alati deb hisoblangan hamma narsa bugun ikonaga aylandi.

Ayni paytda o‘ziga xos rang – Shocking Pink dunyoga keldi. Yarqiragan, qo‘pol, ilgarigidek bo‘lishi mumkin bo‘lmagan rang. U ayol tanasi shaklidagi idishda Shocking atiri bilan birga chiqdi. Bu oddiy atir emas edi. Bu chaqiriq edi. Sof erkinlik edi.

Skiap kechki liboslarga molniyalarni kiritdi, shar-sumkalar yasadi, tuflisimon shlyapa o‘ylab topdi – va bularning barchasi davr ramzlariga aylandi. 1938-yilga kelib, kolleksiyalar tushlarni eslatardi: xavotirli, g‘alati, bashoratli. “Zodiak jaket”, arlekinlar va qushlar tasviri tushirilgan to‘plamlar paydo bo‘ldi. Matbuot hayajondan titrar edi. Glyans unga sig‘inardi.

Elza apokalipsis rassomiga aylandi. Uning pushti rangi romantika haqida emas edi. U chaqiriq haqida edi.

Qora kunlar

Urush boshlanganda, Schiaparelli ikki o‘t orasida qoldi: modani san’at sifatida himoya qiluvchilar armiyasi va san’atni ortiqcha deb hisoblaydigan yangi tartiblar o‘rtasida. Elza qizining AQShda qolish haqidagi yolvorishlariga qaramay, bosib olingan Parijga qaytdi. U dori-darmonlar olib keldi, xodimlarni qo‘llab-quvvatladi, hatto to‘la vayronagarchilikda ham chiqish yo‘llarini topdi. Ammo Uy endi avvalgidek emas edi. Fransiya omon qolishga urinardi va moda bu haqda hammadan ko‘ra balandroq ovozda gapirardi: yelkalar dahshatli darajada kengaydi, siluetlar qotib qoldi, poyabzallar xunuklashdi. Bu ko‘proq choklarga tikilgan vahimaga o‘xshardi.

Schiaparelli ishlashda davom etardi, ammo brend mish-mishlar va siyosiy keskinlik bilan o‘ralgan edi. Elzani Yuqori moda sindikatiga so‘roqqa chaqirishadi, uni fashistlarga xayrixohlikda gumonsirab – Parijga qaytgani uchun. U shunday javob beradi:

“Mening yagona jinoyatim – fransuz modasini himoya qilish”. Bir urush tugadi-yu, boshqasi boshlandi. Hayot uchun emas, balki tomoshabinlar e’tibori uchun.

Elza bilan vidolashuv

1947-yilda Kristian Dior o‘zining “New Look”ini taqdim etadi va Schiaparelli’ning nafis syurrealizmi birdaniga soyada qoladi. Yangi ideal – muloyim ayollik, keng yubkalar, ingichka bel. Hayratlanarli pushti rang va oyoq kiyim-shlyapalar voqelikdan juda uzoqdek tuyuladi. Uyning urushdan keyingi kolleksiyalari o‘zining keskinligini yo‘qotadi. Xaridorlar ketadi. Moliyaviy bosim kuchayadi.

Deyarli o‘ttiz yillik afsonaviy faoliyatdan so‘ng Schiaparelli yopiladi. Schiap o‘ziga sodiq qolgan holda ketadi. U “Shocking Life” xotiralarini nashr etadi va moda sahnasidan g‘oyib bo‘ladi – baland ovozda, ammo mag‘rur tarzda.

1973-yilda Elza 83 yoshida Parijda vafot etadi. Uni o‘zi imzo qilib qo‘ygan “shocking pink” rangidagi ipak kostyumda dafn etishadi. Na aza, na qora rang. Faqat dadillik.

O‘n yillar o‘tib, Schiaparelli uyi moda sahnasiga qaytadi – telbalik, fantaziya va jasorat madhiyasi sifatida. Elza Skiaparellining nomi yana jaranglab, dunyoga modaning har doim o‘yin, tavakkal va boshqacha bo‘lish erkinligi ekanligini eslatadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles