Harflarga muhrlangan she’riyat

Xattotlik – har bir harfdagi go‘zallik

Photo: Instagram / joumajnouna

Xattotlik nima?

Agar siz bu savolning javobini qidirayotgan bo‘lsangiz, unda siz to‘g‘ri yerdasiz. Qisqacha qilib  aytganda, xattotlik – bu nafis va chiroyli belgilarni yaratish hamda bu belgilarni yozuv maydonlariga to‘g‘ri joylashtirish san’atidir.

Harflar shunday joylashtiriladi va yoziladiki, natijada uyg‘unlik, ritm va ijodga to‘la vizuallik yaratiladi… Xattotlikning mohiyati ham aynan shundan iborat. Bu shunchaki harflarni bezatish orqali matn yaratishdan ancha ko‘proq narsani ifodalaydi. 

Xattotlik yozuvlarini yaratishda ko‘pincha oltin va kumushdan foydalaniladi. Lekin bular xattotlikning yordamchi unsurlari xolos. Eng muhimi – chiroyli yozuv va belgilar (harflar)ning joylashuvi.

Boshqacha qilib aytganda, kompyuter shriftida yozilgan bezalmagan matn —  tananing suyak va mushaklariga o‘xshaydi. Xattotlik matnini esa ushbu tana ustidagi nafis kechki libos yoki smokingga o‘xshatish mumkin.

Xattotlik – bu shunchaki chiroyli dastxatdan ko‘ra ko‘proq narsadir

Kalligrafiya qadimgi yunon tilidan tarjima qilinganda, “kalós” va “grafí” – «chiroyli» va «yozaman» degan ma’nolarni anglatadi. Ammo bugungi kunda bu ancha kengroq narsani o‘ziga qamrab olgan. Yozuvning asosiy maqsadi – tezda qaydlar qilish. Bu yerda go‘zallik tezkorlik kabi muhim emas.

Biroq xattotlikning asosiy maqsadi – bu rassomdan tomoshabinga uzatiladigan badiiy reaksiyani yaratish bo‘lib, bu kuzatuvchida estetik hissiyotning paydo bo‘lishiga yordam beradi.

Harf va so‘zlarni yozish ham xattotlikning muhim qismi hisoblanadi. Bu nuqtayi nazardan uni faqat yozuv uslubi bilan cheklash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Hozirgi kunda xattotlik san’atining qo‘llanilish doirasi juda keng: graffiti, peshlavhalar yozish, tipografiya, grafik dizayn va boshqalar shular jumlasidandir.

Xattotlikning nechta turi mavjud?

Xattotlik san’atining 3 ta asosiy turi mavjud.

  • Sharqiy Osiyo;
  • G‘arbiy (yevropacha);
  • arabcha

O‘zbekistonda xattotlik san’ati bugungi kungacha qadrlanib kelinmoqda. Bu san’atning sirlarini mukammal egallagan mashhur xattotlar bu san’atni o‘rganishini xohlaganlarni o‘qitish va ko‘rgazmalarda ishtirok etish orqali ushbu mahoratning hamon yashab kelayotganini namoyish etmoqdalar. Iste’dodli xattotlar Yekaterina Ligay va Shahnoza Qodirova ham aynan shunday ustalardir.

Ligay Yekaterina

Yekaterina Ligay, foto: Regina Kim

2019-yildan beri xattotlik bilan shug‘ullanadi, dars beradi va buyurtma asosida asarlar yozadi. Uning ishlari Copperplate, Spencerian, Italic va shunga o‘xshash boshqa uslublarni o‘z ichiga olgan lotin xattotligiga ixtisoslashgan.

«Xattotlikka bo‘lgan yo‘lim o‘zligimni izlashdan boshlangan. Bir xattotning Instagramdagi bitta videosi men uchun boshlang‘ich nuqta va o‘zimni va yangi san’atni anglash yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishini kim bilibdi deysiz?! Amaliyotga birdaniga emas, 2019-yilda, o‘zim uchun to‘g‘ri vositalarni tanlab, ustoz topganimdan keyingina kirib keldim. Bu oson bo‘lmadi, chunki o‘sha paytda xattotlik unchalik rivojlanmagan va u haqida juda kam odam bilar edi, shuning uchun dastlabki paytlarda hamma narsani o‘zim o‘rganishimga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Bota Razakova

Ko‘nikmalarim tufayli men davlat miqyosidagi ishlarni bajaraman, ishqiy maktublar yozaman, brendlar uchun taklifnomalar va otkritkalar ishlab chiqaman, shuningdek, o‘z bilimimni o‘quvchilarga yetkazaman. Xattotlik nafaqat chiroyli yozish san’ati, balki miyaning moslashuvchanligini, mayda motorikani, diqqat va konsentratsiyani rivojlantirishga yordam beradigan ajoyib vositadir. Bundan tashqari, u kishi asabini bo‘shashtirish va hozirgi kunda urf bo‘lganidek, sekinlashish hamda o‘zini idrok etishga imkon beradi.

Shahnoza Qodirova – xattot, uning asarlarida zamonaviy arab yozuvi abstraktlik bilan uyg‘unlashgan. 

Foto Shaxnoza Qodirova tarafidan taqdim etildi, fotograf Dildora Zokirova

“Harflar bo‘lgan ilk muhabbatim Samarqandda boshlangan. Arxitektura yodgorliklaridagi tarixiy bitiklarni ilk bor ko‘rganimda, yuragimda o‘zgacha iliqlik paydo bo‘lgan. Harflar tushimga kira boshladi:  men ularni tushimda o‘qib, tarjima qilardim. Keyin xattotlikni o‘rganishni boshlamasam, bu davom etaveradi, deb o‘yladim va o‘zimga o‘qituvchi topishga qaror qildim. 

Foto Shaxnoza Qodirova tarafidan taqdim etildi, fotograf Dildora Zokirova

Angliyadan kelgan livanlik xattot rassom Joumana Medlejdan dars ola boshladim. Lekin men bu bilan cheklanib qolmasdan, O‘zbekistondagi mashhur arab xattotlari Salimjon Badalboyev va Fazliddin Po‘latovlardan bilim olishni davom ettirdim. Tajribam oshgani sayin, men nihoyat bugungi kunda foydalanib kelayotgan uslubimni topdim. Men abstraksiya va xattotlikni uyg‘unlashtirishni yaxshi ko‘raman.”

Zamonaviy xattotlik

XV asrda kitob bosishning rivojlanishi bilan qo‘lyozma usuli tezda tanazzulga yuz tuta boshladi. Biroq, matbaa texnikasining rivojlanishi xattotlikning barham topishiga olib keldi, degan xulosaga kelish noto‘g‘ri bo‘lardi. XIX asrdan boshlab xattotlik Uilyam Morris boshchiligidagi san’at va hunarmandchilik harakati tomonidan qayta tiklandi va qabul qilindi.

Zamonaviy xattotlikning eng muhim vakili sifatida keng qirrali qalamning maxsus shaklini ishlab chiqqan Edvard Jonston nomini ham tilga olish mumkin.  Uning ko‘plab qo‘lyozmalari Britaniya muzeyida namoyish etiladi va tashrif buyuruvchilarni maftun etadi.

Bugungi kunda xattotlik graffiti kabi mashhur yondashuvda o‘z o‘rnini topdi deb bemalol aytish mumkin.

Nils Shu Melman, El Sid, Retna va Rostarr o‘z asarlarida xattotlik va graffitini aralashtirib yuboradi.

Bugungi kunda xattotlikning ahamiyati nimada?

Aytish mumkinki, texnologik taraqqiyot natijasida kompyuter ekranlari qog‘oz va, binobarin, yozuv o‘rnini egalladi. Lekin shunga qaramasdan, chuqur ildiz otgan xattotlik davrga qarshi borishda davom etmoqda va yangi muxlislar topmoqda.

Shu ma’noda, hech bir texnologik qurilma, hech bir smartfon xattotlar qo‘lidan jonlanib kelayotgan harflarning san’at asariga aylanish jozibasini bosa olmasligini dadil ta’kidlash mumkin.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin