Italiya kinosining tirik afsonasi

“Ayolni go‘zalligiga ishonishdan ko‘ra go‘zalroq qiladigan hech narsa yo‘q”, – Sophia Loren

Fotо: Instagram / simplysophialoren

Sophia Loren – italyan kinosi va betakror go‘zallik timsoliga aylangan ism. Bugun kino san’atining tirik afsonasi 90 yoshga to‘ladi. Ushbu voqea munosabati bilan ELLE O‘zbekiston tahririyati yorqin parvozlar va yutuqlarga to‘la aktrisaning hayotini yodga oladi. Uslub va nafosat timsoli sifatida u millionlab tomoshabinlarning qalbini zabt etdi va jahon madaniyatida sezilarli iz qoldirdi. 

Yulduzning tug‘ilishi

Sophia Villani Scicolone 1934-yil 20-sentyabrda Rimda dunyoga kelgan. Bolalik va o‘smirlik davrini Neapol yaqinidagi kichik Pozzuoli shahrida o‘tkazgan. Onasi Romilda Villani aktrisa bo‘lish orzusi bilan poytaxtga kelgan va u yerda Sophia hamda singlisi Anna-Maria’ning otasi Riccardo Scicolone bilan tanishgan. O‘sha paytda Riccardo oilali bo‘lib, Italiyada katolik cherkovining qonunlariga ko‘ra ajralish mumkin emas edi. Shunga qaramay, u Sophiani o‘z farzandi sifatida tan olib, unga o‘z familiyasini bergan. Shundan so‘ng Riccardoning Sophia hayotidagi ishtiroki tugagan – Romilda ikki qizini o‘zi tarbiyalagan va butun umrini ularning tarbiyasiga bag‘ishlagan.

 

Kinematografiyaga yo‘l

Sophia 14 yoshga to‘lganida, onasi uni Pozzuoli’dagi “Dengiz qirolichasi” tanlovida qatnashishga ko‘ndirdi. Urushdan keyingi yillarda oila nochor yashagani bois, Romilda pardalardan ko‘ylak tikib, qizining eskirgan poyabzalini oq bo‘yoq bilan bo‘yadi. Bo‘lajak yulduz g‘oliblar uchligiga kirib, onasi va singlisi bilan Rimga ko‘chib o‘tishi uchun sayohat xarajatlari qoplanadi. Poytaxtda Sophia turli kasting, namoyish va tanlovlarda faol ishtirok etdi. Ikki yildan so‘ng u “Miss Italiya 1950” tanlovida qatnashib, “Miss Nafosat” unvonini qo‘lga kiritdi. Sophia hakamlar hay’atini shunchalik lol qoldirdiki, bu mukofot birinchi marta aynan u uchun ta’sis etildi.

 

Keyingi yillarda Sophia model bo‘lib ishlaydi va turli filmlarda rol o‘ynaydi. 1952-yilda u “Rim go‘zali” go‘zallik tanlovida kumush medal sohibiga aylanadi, shuningdek, Italiyaning bosh kino prodyuseri Carlo Ponti’ni maftun qiladi. O‘sha paytda uning ortida yigirmadan ortiq mashhur filmlar va taniqli aktrisa Gina Lollobrigida bor edi.

Carlo unda bo‘lajak yulduzni darhol ilg‘ab oldi va shartnoma tuzishni taklif etdi. U qizga nafaqat aktrisa sifatida, balki ayol sifatida ham mehr qo‘ydi. Carlo unga aktyorlik mahorati bo‘yicha maslahatlar berar, ta’lim olishi uchun eng yaxshi mutaxassislarni yollar va doimo g‘amxo‘rlik qilardi. Aynan u qizga Sophia Loren taxallusini olishni taklif qildiki, bu taxallus keyinchalik go‘zallik va nafislikning timsoli bo‘lib qoldi. Aktrisa o‘z faoliyati davomida ikkita “Oskar”, beshta “Oltin globus” va boshqa ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi.

 

Sophia’ning bosh rolni ijro etib, kino tanqidchilarining e’tiborini jalb qilgan birinchi filmi mashhur “Aida” operasining 1953-yildagi ekranlashtirilishi bo‘ldi. 1950-yillarning o‘rtalariga kelganda Loren Italiyada allaqachon ekran yulduziga aylangan edi. Uning xalqaro ekranlarga chiqqan dastlabki filmi “Attila” bo‘lsa-da, aktrisa jahon kino tanqidchilarining e’tirofiga 1954-yilda “L'Oro di Napoli” (“Neapol oltini”) filmi namoyish etilgandan so‘ng sazovor bo‘ldi.

 

Keyinchalik, “La Ciociara” (“Chocharalik ayol”, 1962) filmi ekranlarga chiqqach, Sophia Loren haqida butun dunyo gapira boshladi. Ushbu filmda u Cesira ismli beva ayol rolini ijro etgan edi. Uning ajoyib aktyorlik mahorati va tabiiy ijrosi kino tanqidchilariga shunchalik kuchli ta’sir ko‘rsatdiki, bu rol uchun u "Oskar" mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bu chet tilidagi film uchun "Eng yaxshi ayol roli" nominatsiyasida ilk bor mukofot berilishi edi. Loren hatto g‘alabani kutmagan edi, chunki ikkinchi nomzod “Breakfast Tiffany’s” (“Tiffaninikidagi nonushta”) filmi bilan Audrey Hepburn edi. 

Loren ikkinchi “Oskar” mukofotini “Matrimonio all'italiana” (“Italiyacha nikoh”) filmidagi roli uchun oldi. U ishtirok etgan boshqa mashhur kartinalar orasida “Sunflower” (“Kungaboqarlar”), “Leri, oggi, domani” (“Kecha, bugun, ertaga”) va “Prêt-à-Porter” (“Yuqori moda”) ham ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

 

Abadiy muhabbat

Sophia Loren Carlo Ponti’ni hamisha hayotining yagona sevgisi deb atab kelgan. Biroq, ularning munosabatlari murakkab kechgan: ular huquqiy qiyinchiliklar, ijtimoiy boykotlar va sog‘liq muammolari kabi ko‘plab sinovlarni boshdan kechirganlar. Shunday bo‘lsa-da, shuningdek sezilarli yosh farqiga qaramay, ularning ittifoqi mustahkam bo‘lib qoldi.

 

Sophia Carloga ikki o‘g‘il tuhfa etdi, Carlo esa uning barcha intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, Sophianing aktrisa va ayol sifatida to‘liq o‘zini namoyon etishi uchun bor kuchini sarfladi. Er-xotin Carloning vafotiga qadar 50 yil birga umr kechirdi. Hozirda Loren Jenevada istiqomat qilmoqda, o‘g‘illarini faol tarzda qo‘llab-quvvatlab, sport bilan shug‘ullanadi hamda jahon brendlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Shuni ta’kidlash lozimki, Sophia ayniqsa sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida xayriya ishlari bilan faol shug‘ullangan. U nafaqat mashhur aktrisa, balki uslub va go‘zallik timsoli ham edi. Uning betakror qiyofasi noziklik va jozibadorlik timsoliga aylandi va bu obraz bugungi kungacha odamlarga ilhom berib kelmoqda.

Maqolani baham ko'ring

Related articles