Yevgeniya Kim o‘zbek xonadonlari interyerini stul dizaynida qayta talqin qildi
JKim asoschisi Toshkentdagi Designed in Uzbekistan ko‘rgazmasida Folding Chair stulini taqdim etdi.
Liboslardan buyumlar dizayniga — Yevgeniya Kim 1970-yillardagi o‘zbek xonadonlari interyeriga murojaat qildi. Aynan shu muhit Tashkent Design Week 2026 doirasidagi Designed in Uzbekistan ko‘rgazmasida namoyish etilgan Folding Chair yig‘ma stuliga ilhom manbai bo‘ldi.

Asar tanish uy-ro‘zg‘or buyumini zamonaviy kolleksiyabop dizayn kontekstiga olib kiradi. Unda o‘tmish interyeri yangi shakllar manbaiga, kundalik buyum esa odatlar va oilaviy hikoyalar shakllangan makonlarni eslashga sabab bo‘ladi.
Ekspozitsiyada o‘zbekistonlik va xalqaro dizaynerlarning mebellari, mualliflik yoritgichlari hamda dekorativ buyumlari jamlangan. Folding Chair stulini Tashkent City Mall’da 1-noyabrgacha ko‘rish mumkin.