Kazimir Malevich: san’atdagi inqilobchi
Rassomning eng mashhur 10 ta asari

XX asrning eng ta’sirli rassomlaridan biri Kazimir Malevich 1879-yil 23-fevralda tavallud topgan. U sof shakl va ranglar foydasiga voqelikdan butunlay voz kechgan suprematizm yo‘nalishining asoschisi bo‘ldi. U tasviriy san’at mavzusiz va moddiyat dunyosiga bog‘lanmasdan ham mavjud bo‘lishi mumkinligini isbotlab, san’at haqidagi tasavvurni o‘zgartirdi.
Uning asarlari shunchaki rasmlar emas, balki asosiy jihati rang quvvati, shakl va cheksizlik tuyg‘usi bo‘lgan yangi vizual til falsafasidir. Uning tug‘ilgan kunida ELLE O‘zbekiston tahririyati rassomning san’at tarixida uning nomini abadiy qoldirgan eng mashhur 10 ta asarini yodga oladi.
“Qora kvadrat” (1915)
Suprematizmning mutlaq ramzi va san’at tarixidagi eng inqilobiy asarlardan biri. Malevich uni “shaklning noli” deb atab, an’anaviy rang-tasvirning tugashini e’lon qildi. Asar ma’nosi sof geometriyada mujassam bo‘lgan yangi davrning manifestiga aylandi.

Fotо: Tretyakov Gallery, My Tretyakov
“Suprematik kompozitsiya” (1916)
Suprematizmning asosiy ishlaridan biri: oq fonda oddiy geometrik shakllarning dinamik o‘yini. Bu yerda Malevich o‘z g‘oyasini mukammallikka yetkazadi, unda san’at barcha ortiqcha narsalardan xalos bo‘ladi, faqat rang va harakatning sof quvvati qoladi.

Fotо: Stedelijk Museum, Amsterdam
“Qizil kvadrat (Ikki o‘lchovli ayol)” (1915)
Malevich kinoya bilan bu asarni “ikki o‘lchovli dunyodagi dehqon ayolning rasmi” deb atagan. U realizmdan voz kechish, eng sodda shakl va ranglar orqali ichki mazmunni ifodalashga urinish ramzidir.

Fotо: abcgallery.com
“Charxchi” (1912)
Rassomning kubofuturistik davri asari. Shakllar go‘yo mexanik dunyodan olingandek, burchakli, dinamik shakllarga bo‘lingan. Malevich modernizatsiya inson va uning atrof-muhitini qanday o‘zgartirishini ko‘rsatadi.

Fotо: Yale University Art Gallery
“Chelak ko‘targan ayol” (1912)
Harakat parchalangan shakllar orqali ifodalangan kubofuturistik asar. Bu yerda rassom perspektiva va ritm bilan tajriba o‘tkazadi, kundalik hayot dinamikasini his qilishga erishadi.

Fotо: Museum of Modern Art Matthew Carter
“Sportchilar” (1930-1931)
Shakllar yuz va o‘ziga xoslikdan mahrum bo‘lgan gipnotik asar. Bu davrning yangi, shaxssiz odami ramzi, shu bilan birga harakat, jismoniy kuch va uyg‘unlik madhiyasidir.

Fotо: "Kazimir Malevich Rossiya muzeyida" kitobidan reproduktsiya
“Sigir va skripka” (1913)
Futuristik asar, unda Malevich odatiy shakllarni buzadi va nomuvofiqlikni birlashtiradi. Asar ma’nolar o‘yiniga to‘la: musiqa asbobi va hayvonning birlashuvi san’atdagi ratsional va intuitiv asoslar o‘rtasidagi ziddiyatni anglatadi.

Fotо: Artchive.ru
“Avtoportret” (1933)
Malevichning so‘nggi va eng sirli portretlaridan biri. U o‘zini qat’iy Uyg‘onish davri uslubida tasvirlab, asarni o‘z ismi bilan emas, balki oddiygina “Kazimir Malevich. Rassom” deb imzolagan. Bu tarixda o‘z o‘rnini tasdiqlagan ustaning o‘ziga xos vidolashuv ishorasi edi.

Fotо: Artchive.ru