Kendall Jenner Venetsiya kinofestivalida vintage Armani libosida debyut qildi
Kendall Jenner ilk bor Venetsiya kinofestivalining qizil yo‘lagida paydo bo‘ldi. Model o‘z debyuti uchun Giorgio Armani’ning 1995-yil kuz-qish kolleksiyasidan arxiv libosini tanladi.
Wild Horse Nine filmi premyerasida Jenner yengsiz oq ko‘ylakda ko‘rinish berdi. Libos to‘liq oltin rangdagi o‘simlik naqshlari bilan bezatilgan edi. Obrazni Briony Raymond’ning olmosli ziraklari va Aquazzura bosonojkalari to‘ldirdi. Kendall sochlarini yoyilgan holda qoldirib, o‘ziga xos minimalist uslubiga sodiq qoldi.
Uning Venetsiyadagi chiqishi Jenner va Armani o‘rtasidagi hamkorlikning davomidir. Model Emporio Armani atirlarining global elchisi hisoblanadi. Avvalroq ELLE Canada nashriga bergan intervyusida u Giorgio Armani merosida ayniqsa vaqtga bo‘ysunmaydigan nafislik va klassikani zamonaviy saqlab qolish qobiliyatini qadrlashini aytgan edi.

So‘nggi yillarda Jennerning o‘z garderobiga bo‘lgan munosabati ham o‘zgargan. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi u kiyim tanlashga ancha sinchkovlik bilan yondashadi va o‘tkinchi trendlardan ko‘ra sifat hamda uzoq xizmat qiladigan buyumlarni afzal ko‘radi. Jenner uchun tanlangan kiyimni o‘n yildan keyin ham o‘zida tasavvur qila olish muhim.
Venetsiyaga qadar modelning qizil yo‘lakdagi so‘nggi yirik chiqishi may oyida bo‘lib o‘tgan Met Gala edi. O‘shanda u GapStudio obrazida paydo bo‘lgan.
Foto: VALERIYA KALYUPANOVA