Kuz – Filipp Garrel filmlari mavsumi

Eng yaxshi an’anaviy fransuz kinosi: ayozli kunlarda tomosha qilish uchun uchta film

17 Noy 2024
Foto: Instagram / Milk CineBlog

Deraza ortida kuz hukmronlik qilayotgan va butun olam yengil g‘amginlik pardasiga chulg‘angan pallada alohida filmlar mavsumi boshlanadi. Fransuz rejissyori Filipp Garrel– o‘ziga xos holatni ilg‘ab olish va ifodalash qobiliyatiga ega kichik va kundalik kino ustasi. Uning yorqin ma’yuslik va romantik bardoshlilik bilan to‘ldirilgan oq-qora tasmalari go‘yo mavsumlar oralig‘ida tomosha qilish uchun yaratilgandek. Axir, qalb samimiy, dabdabadan xoli va yuzaki yaltiroqlikdan yiroq narsani talab qiladi-ku.

Tong sarhadida (La Frontière de l’aube, 2008)

Bu film – yo‘qotilgan muhabbat, ma’yuslik va ichki izlanish haqidagi haqiqiy doston. Oq-qora tasvir shunday muhit yaratadiki, unda tomoshabin o‘zini kuzgi Parijning bir bo‘lagi deb his qiladi. Filmda Garrel sevgining bir vaqtning o‘zida ham tasalli, ham azob bo‘lishi mumkinligini tadqiq etadi. Biz suratchi va aktrisa o‘rtasidagi munosabatlarni kuzatamiz. Bu munosabat aytilmagan so‘zlar va yechilmagan ziddiyatlar og‘irligi ostida asta-sekin yemiriladi. 

“Tong sarhadida” – bu oddiy sevgi qissasi emas, balki inson voqelikdan uzilib, xotiralar bilan yashay boshlaganida nima sodir bo‘lishini anglashga urinishdir. Rejissyorning o‘zi bu filmni “chiqish yo‘li bo‘lmagan tush” deb ta’riflagan. Bu yerda syujetning tomoshabop burilishlari yo‘q, ammo har bir sahna nozik lirika va g‘amginlik bilan sug‘orilgan. Bu esa o‘z fikr-xayollariga cho‘mishni istagan uzoq kuzgi oqshomlarga juda mos keladi.

Rashk (La Jalousie, 2013)

Rashk haqidagi hikoyalar kinodagi eng umumiy mavzulardan biri bo‘lsa-da, Garrel uni mutlaqo o‘ziga xos tarzda tasvirlaydi. Voqealar markazida kambag‘allashib qolgan aktyor (rejissyorning o‘g‘li Lui Garrel ijrosida) turadi. U yangi sevgilisi – aktrisa uchun xotini va qizini tark etadi. Biroq, yangi ma’shuqasi tez orada boshqa, moddiy jihatdan ta’minlangan erkakka ko‘ngil qo‘yadi. Bir qarashda hammasi juda oddiy ko‘rinadi – Parijning sovuq ko‘chalari fonida kechayotgan sevgi va xiyonat tarixi. Ammo Garrel chuqurroqqa kirib boradi: u nafaqat qahramonlarning ichki ziddiyatlarini, balki avlodlar o‘rtasidagi murakkab, ba’zan og‘riqli munosabatlarni ham ochib beradi.

Buyuk kino tanqidchilaridan biri Serj Daney aytganidek: “Fransuz kinosi o‘zining ekzistensial tajribaga yaqinligi bilan o‘ziga xos”. Bu fikr “Rashk” filmi uchun juda mos. Bu shunchaki hikoya emas; bu hissiy solnoma bo‘lib, undagi har bir kadr nafas oladi va tomoshabin uni o‘z ichki kechinmalaridek his qiladi. Filmda o‘z bobosi Moris Garrel rolini o‘ynagan Lui Garrel asarga avtobiografik te’ranlik qo‘shadi, bu esa filmni chinakamiga ta’sirchan va kuzgi kayfiyatga mos qiladi.

Ayollar soyasida (L’Ombre des femmes, 2015)

Nomiga qaramay, “Ayollar soyasida” filmi feminizmga madhiya emas, balki er-xotinning murakkab, ammo oddiy munosabatlari haqidagi hikoyadan iborat. Filmda hujjatli filmlar ustida birgalikda ishlaydigan mustaqil rejissyor va uning xotini haqida so‘zlanadi. Biroq, xiyonat va rashk paydo bo‘lgach, ularning hamkorligi va muhabbati xavf ostida qoladi.

Bu asarda Garrel minimalizmda kamolotga erishadi: har bir kadr sinchkovlik bilan o‘ylangan, voqealar esa shoshilmay rivojlanib, tomoshabinga qahramonlarning butun his-tuyg‘ular palitrasini anglab yetish va mulohaza qilish imkonini beradi. Bu katta voqealar soyasida kechadigan hayot haqidagi film bo‘lib, unda ulkan qahramonliklar emas, balki insoniy munosabatlarning butun murakkabligini aks ettiruvchi mayda, ammo muhim lahzalar ahamiyatli hisoblanadi.

Filipp Garrelning filmlari shunchaki ko‘rib, unutib yuborish mumkin bo‘lgan oddiy tasmalar emas. Ular yaxshi vinoga o‘xshab, ochilishi va tomoshabin qalbida iz qoldirishi uchun vaqt talab qiladigan asarlardir. Garrel hayotni qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘rsatishdan cho‘chimaydi: u oddiy, ba’zan shafqatsiz, ammo har doim samimiy hissiyotlarga to‘la. Kuz esa uning ijodini anglash uchun eng qulay fasldir.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin