Lazzatli sayohatlar

Haqiqiy gurmanlar uchun mashhur gastroturlar

Fotо: Unsplash

Gastronomik turlar – bu sayohatning shunday turiki, unda safar maqsadi mamlakatni uning milliy oshxonasi orqali tanib-bilishdan iborat. Agar oddiy sayohatlarda siz arxitektura va tabiat go‘zalligidan yangi taassurotlar olsangiz, gastroturizm esa mamlakatning madaniyatini so‘zma-so‘z «tatib ko‘rish» imkonini beradi.  

Gastrosayohatlar mahalliy bozorlar, restoranlar va fermalarga tashrif buyurishni oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, siz oshpazlik mahorat darslarida qatnashib, maʼlum bir hududning ovqatlanish anʼanalari bilan tanishishingiz mumkin. ELLE Oʻzbekiston tahririyati haqiqiy gurmanlar uchun eng mashhur yoʻnalishlar roʻyxatini tayyorladi.

Italiya

Eng mashhur yoʻnalishlardan biri Italiya hisoblanadi. Bu yerda sayyohlar eng mazali pasta, pitsa, dengiz mahsulotlari va shirinliklardan bahramand boʻlishlari mumkin. Italiyaliklar uchun taom, kulgu va muhabbat doim yonma-yon yuradi. Mamlakatning har bir shahri oʻzining koʻplab qadimiy restoranlari va kafelari bilan mashhur boʻlib, u yerdagi barcha taomlar oʻz tarixiga ega.

Fotо: Unsplash

Fransiya

Fransiya — yuksak oshpazlik sanʼati rivojlangan mamlakat. Uning “taʼm”ini anglash uchun haqiqiy gurmanlar mamlakatning bir nechta shaharlariga tashrif buyurishlari lozim. Parij gastroturlari ichiga mashhur qandolat doʻkonlari, pishloq ishlab chiqarish va mahalliy noz-neʼmatlar taklif etuvchi restoranlarga tashrif buyurish kiradi. Provansda sayyohlar eng sara dengiz mahsulotlari, zaytunlarni tatib koʻrishlari va yangi oʻtlarning hididan bahramand boʻlishlari mumkin. Burgundiyada esa vinochilik olamiga shoʻngʻib, mamlakatning eng yaxshi vinolari sirlarini oʻrganishlari mumkin.

Fotо: Unsplash

Yaponiya

Yaponiya oʻzining noyob pazandachilik anʼanalari bilan mashhurdir. Ushbu mamlakatga gastrosayohat eng mohir oshpazlardan sushi, dengiz mahsulotlari va goʻsht tayyorlash boʻyicha mahorat darslarini oʻz ichiga oladi. Shu bilan birga, siz dengiz mahsulotlari bozorlariga tashrif buyurishingiz va turli xil noyob baliqlardan taomlar tayyorlashni oʻrganishingiz mumkin. Mavsumiy mahsulotlarga ham alohida eʼtibor qaratiladi, masalan, bahorda gullaydigan sakura va uning asosidagi taomlar.

Fotо: Unsplash

Hindiston

Hindiston boʻylab gastrotur — bu nafaqat taom, balki ovqatlanish bilan bogʻliq urf-odatlar haqida hamdir. Taomni tortish tartibi va marosimi mamlakat madaniyatining muhim qismi hisoblanadi. Koʻpincha ovqatlanishdan oldin taom uchun shukronalik duolari oʻqiladi. Har bir hududning oʻziga xos asosiy taomlari va taʼmlari mavjud. Ziravorlar bozorlari va choy plantatsiyalariga tashrif buyurish gastroturning ajralmas qismi hisoblanadi. Bundan tashqari, deyarli hamma joyda mahalliy noz-neʼmatlarni tayyorlash boʻyicha mahorat darslarida qatnashish imkoni bor.

Fotо: Unsplash

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin