Londonda o`zbek madaniyati va taomlari festivali
O`zbek bayrami yana bir bor Londonda: mashhur Tower ko`prigining yonida 8-9 iyun kunlari O`zbek madaniyati va taomlari festivali bo`lib o`tmoqda
Oʻzbekiston madaniyati va taomlari festivali – Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya Vazirligi qoshidagi turizm Komiteti tomonidan qo`llab quvvatlanib, o`zbek diasporasi qo`mitasi hamda Buyuk Britaniya Birlashgan Qirolligi va Shimoliy Irlandiyadagi Oʻzbekiston Respublikasi Elchixonasi tomonidan har yili uyushtiriladigan tadbir hisoblanadi. Festival boy Oʻzbekiston madaniy merosi va san`atini tanitishga, oshpazlik lazzatlarini namoyon qilishga hamda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya orasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Mashhur Tower yonidagi bog’da sharqona ertaklar olamiga chorlab turuvchi chodirlar ko’tarilgan, chunki bu yil ham o`zbek madaniyati va taomlari festivali jo`shqin kayfiyat bilan takror o’tqazilmoqda. Tomoshalar 12:00 dan 19:00 gacha Potters Fields Parkida bo’lib o’tmoqda. Mehmonlar ikki kun davomida o’zbek xalqining oshpazlik san’ati, hunarmandlar ko’rgazmasi, milliy ko’ngilochar o‘yinlari namoyishiga guvoh bo‘lishmoqda.
Festivalga kirish bu yil ham bepul. Bu dasturning diqqatga sazovor qismi – pazandalik tomoshasidir. Mehmonlarimiz, o’zbek xalqining asosiy milliy taomi hisoblangan oshning 1 tonna miqdorida tayyorlanishiga guvoh bo’lishmoqda. Bu shoh taomni mohir va mashhur oshpaz Bahriddin Chustiy boshchiligidagi jamoa tayyorlaydi. Oldingi yillari u, 7 tonna osh tayyorlash jarayoni bilan Ginnes rekordlar kitobiga kirishga sazovor bo`lgan edi. Bahriddin va uning jamoasiga yaqindagina Londonning Regent ko’chasida ochilgan OshPaz restoranining asoschisi – oshpaz Muzaffar Sodiqov yordam berib kelmoqda. O‘zbek madaniyati va taomlari festivali – shunchaki madaniyat bayrami emas. U millatlar va madaniyatlararo totuvlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlovchi beqiyos platformadir. Shu boisdan ham, mana ikki yildirki, o’z o’rni va ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda.
Festivalga tashrif buyuruvchilar, bir qator amaliy va san’at dasturlari orqali, musiqa, raqs, hunarmandchilik hamda me’morchilik san’ati va shu bilan birga an’anaviy o’zbek oshxonasining sirli dunyosiga kirib borish imkoniyatiga ega bo`lishmoqda. Ular O‘zbekiston madaniyati va an’analarini keng ommaga yetkazishda jonbozlik qilib kelayotgan Buyuk Britaniyadagi o‘zbek diasporasi bilan uchrashish va muloqot qilish imkoniga ham ega bo’ladilar. Festival an’anaviy o‘zbek musiqasi sadolari ostida tantanali ochilib, o’zbekona uslubda bezatilgan sahnada milliy cholg’ulardan taralgan sado va raqs olamiga sayr qilinmoqda. Tantanada taniqli musiqachilar, xonandalar va raqqosalar, hattoki DJ-lar ham chiqishadi. Mehmonlar O‘zbek madaniyati va san’atining serqirraligini namoyish etuvchi madaniy ko‘rgazmalar bilan tanishish, qo’lda to’qilgan shoyi matolardan tortib, dizaynerlik kiyimlari, aksessuarlar, nafis kulolchilik namunalari va miniatyura rasmlarigacha bo’lgan hunarmandchilik mahsulotlaridan zavqlanish, hattoki xarid qilish imkoniga ega bo’ladilar.
Oʻzbekistonning Britaniyadagi Elchisi janob Ravshan Usmonov, Festival haqida fikr bildirar ekan: “Festival – Britaniyadagi o’zbek jamoatchiligi birligi, Oʻzbekiston Turizm qo’mitasi va Madaniyat vazirligi, hamda Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko’magida tashkil etilgan bo’lib, Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya o’rtasidagi madaniyat va tajriba almashish hamda hamkorlikni rivojlantirish uchun platforma vazifasini bajarib kelmoqda”, - deb ta’kidladi.
“OshPaz” brendi asoschisi Muzaffar Sodiqov, festival haqida o‘z hayajonini shunday bildirdi: “Londonga o’zbegimning shox taomi - oshni tanitish mening orzuim edi, va men, Festival orqali bu orzuimni amalga oshirayotganimdan juda faxrlanaman”.
Buyuk Britaniyadagi o‘zbek diasporasi faoli Kamola Mahmudova, tadbir haqida shunday dedi: “Biz, ko’plab talablarga binoan yana bir bor o’tkazilayotgan bu festival tadbirimizda, o’zbek hamjamiyati nomidan londonliklar va Buyuk Britaniya mehmonlarini kutib olishdan juda xursandmiz. Tashrif buyurganlarni - faxrimiz bo’lgan Ipak Yo’li uzra Sharq va G’arbni bog’lab turgan boy an’analarimiz, madaniyatimiz va oshxonamiz bilan yaqindan tanishishga taklif qilib qolamiz!”
Festivalda Hakim Urunov (miniatyura), Samadjon Ikramov (temirchilik), Akmal Muhitdinov (yogo`och o`ymakorligi, miniatyura), Ma`mur Rahimov (zargarlik), Odiljon Asamov (yog`och o`ymakorlik)kabi hunarmadlar, hamda bolalar adabiyotining illustratori Nargis Karimova o`zining kitoblari bilan qatnashishadi.