Louis Vuitton yozgi pop-up restorani bilan Saint-Tropezga qaytadi
Mashhur oshpazlar fransuz modalar Uyi uslubida oshpazlik asarlarini yaratadilar
Cheval Blanc Parij mehmonxonasining doimiy mashhur oshpazlari bo‘lmish Maxime Frédéric (Maksim Frederik) va Arnaud Donckele (Arno Donkele), mana ikki yildirki, har yozda Saint-Tropezedagi (San Trope) White 1921 mehmonxonasida, aynan Louis Vuitton (Lui Veton) yozgi restoranida oshpazlik asarlarini yaratib kelmoqdalar. Ularning Lazur sohillari ruhini eslatuvchi, ajoyib neo-gastronomik menyulari ushbu hududga xos bo‘lgan o‘zgacha ta’m va erkin turmush tarzini ifodalaydi.
Oshpazlarning haqiqiy oshxonaga bo‘lgan umumiy ishtiyoqini aks ettirgan holda, ular O‘rta Yer dengizi ta’mlarini ulug‘lab, klassik fransuz desertlarini yangi uslubda talqin qilmoqdalar.
40 o‘rinli ochiq havodagi restoran sentyabr oxirigacha ochiq bo‘ladi. U rotan mebellari bilan jihozlangan va makrame dekorlari bilan bezatilgan. Yozgi LV By The Pool kolleksiyasiga tegishli, yorqin marjon va pushti naqshlar bilan bezatilgan idish-tovoqlar gastronomik makonni ajoyib tarzda to‘ldirib turibdi.
Yozgi ta’tilni fransuz modalar uyi uslubidagi restoranda o‘tkazing. Tushlik choyida esa shirin notalar bilan uyg‘unlashgan desertlar va tetiklashtiruvchi ichimliklardan bahramand bo‘ling.