Matsuhisa restorani: gastronomik kontrastlarning yaponcha san’ati

Yapon gastronomik an’analari va Peruning yorqin ta’mlari Parijdagi Matsuhisa restoranining o‘ziga xos mualliflik taomlarida yangicha talqin etiladi

22 Okt 2026
Photo: PR Matsuhisa Paris

Каждый предмет на этой странице был выбран редактором ELLE. Мы можем получать комиссионные за некоторые из товаров, которые вы решите купить.

Raffles Le Royal Monceau mehmonxonasida joylashgan Matsuhisa restorani yapon pazandachilik texnikalarining aniqligini Peru oshxonasining yorqin ta’mlari bilan uyg‘unlashtirib, zamonaviy gastronomiyaga o‘ziga xos yondashuvni taqdim etadi. Restoran konsepsiyasining asosida mashhur oshpaz Nobuyuki Matsuhisaning falsafasi yotadi. Uning masalliqlar va ta’mlar ustidagi izlanishlari o‘ziga xos mualliflik uslubining shakllanishiga asos bo‘lgan. Tokioda ko‘p yillik tahsil olganidan so‘ng, u professional faoliyatini Peruda davom ettiradi. Mahalliy mahsulotlar va gastronomik an’analar bilan tanishuv esa uning keyingi ijodiy izlanishlari yo‘nalishini belgilab beradi. Bugungi kunda uning oshxonasi ta’mlarning nozik muvozanati, turli teksturalar va tanish masalliqlarni yangicha usulda namoyon etish mahorati bilan ajralib turadi.

Photo: PR Matsuhisa Paris

Matsuhisa falsafasi bilan tanishuv dasturxonga ilk taom tortilishidan oldin boshlanadi. Mehmonlarni yapon madaniyatiga xos an’anaviy «Irasshaimase!» salomi bilan kutib olishadi. Bu ibora yapon mehmondo‘stligining o‘ziga xos ruhini ifodalaydi. Mazkur marosim yapon madaniyatining muhim tamoyilini aks ettiradi: insonga bo‘lgan e’tibor nafaqat xizmat ko‘rsatish sifati, balki umumiy taassurotni shakllantiradigan mayda detallarda ham namoyon bo‘ladi. Parij restoranining xalqaro muhitida ushbu an’ana uning oshxonasining madaniy ildizlarini eslatib turadi.

Menyu Matsuhisaning gastronomik qarashlarini turli qirralarda ochib beradi: nafis xom dengiz mahsulotlaridan tortib, qarsildoq teksturalar, boy souslar va olovda pishirishning o‘ziga xos iforiga ega taomlargacha. Taomlanishni jalapeño qalampiri hamda soya va yuzu sousi bilan tortiladigan sariq dumli baliq sashimisidan boshlash mumkin. Baliqning nozik ta’mi, sitrus mevalarining tetikligi va yengil achchiqlik bir-birini to‘ldirib, hech bir masalliq ustunlik qilmaydigan uyg‘un kompozitsiyani yaratadi. Ushbu taom yapon oshxonasiga xos vazminlik va Peru gastronomiyasining yorqin ohanglari o‘rtasidagi muvozanatni ifodalaydi.

Photo: PR Matsuhisa Paris

Yana bir o‘ziga xos tanlov — New Style uslubidagi losos sashimisi. Yupqa kesilgan baliq bo‘laklari zanjabil, ko‘k piyoz va kunjut bilan uyg‘unlashadi. Ustidan quyiladigan issiq, xushbo‘y yog‘ esa baliq yuzasini biroz isitib, masalliqlarning ta’mini yanada ochib beradi. Ushbu noodatiy usul lososning nozik teksturasini saqlagan holda ta’mga chuqurlik bag‘ishlaydi. Aynan shunday detallarda Matsuhisaning yondashuvi namoyon bo‘ladi: tanish gastronomik shakllar o‘ziga xos mualliflik kompozitsiyalariga aylanadi.

Yanada boy teksturalarni xush ko‘radiganlar uchun achchiq qaymoqli sous bilan tortiladigan tosh qisqichbaqalar tempurasi e’tiborga loyiq. Yengil va qarsildoq qobiq dengiz mahsulotlarining shiradorligini saqlab qoladi, o‘tkir ta’mli sous esa taomga yanada yorqin xarakter bag‘ishlaydi. Nozik qisqichbaqalar va qaymoqli sous o‘rtasidagi kontrast ushbu taomni sashimining yengil va musaffo ta’mlariga ajoyib qo‘shimchaga aylantiradi.

Asosiy taomlar orasida Black Cod Saikyo Yaki alohida ajralib turadi. Yapon misosida marinadlangan va grilda pishirilgan qora treska baliği shirador teksturasi hamda marinadning nozik shirinligi bilan taassurot qoldiradi. Pishirish jarayonida marinad yuzasida ishtahaochar karamellashgan notalar hosil bo‘ladi. Bu taomning jozibasi masalliqlar uyg‘unligi va tayyorlash texnikasining aniqligida namoyon bo‘ladi. Yanada to‘yingan ta’mlarni afzal ko‘radiganlar uchun esa sumiyaki texnikasi asosida, yog‘och ko‘mirida pishirilgan Black Angus mol go‘shti filetosini tanlash mumkin. Olovning tutunli ifori, qizargan yuza va go‘shtning mayinligi chuqur hamda boy ta’mlarni qadrlaydiganlar uchun o‘ziga xos gastronomik tajriba yaratadi.

Menyuda, shuningdek, yapon gastronomiyasining klassik ko‘rinishlari bo‘lgan maki va nigiri ham mavjud. Ushbu taomlarda guruch sifati, dengiz mahsulotlarining yangiligi va masalliqlar nisbatining aniqligi alohida ahamiyatga ega. Tashqi soddalik ortida har bir ingredientning harorati va teksturasiga bo‘lgan sinchkov e’tibor mujassam. Matsuhisada an’anaviy retseptlar mualliflik kompozitsiyalari bilan tabiiy uyg‘unlik hosil qilib, yapon pazandachiligi ildizlari bilan uzviy aloqani saqlab qoladi.

Photo: PR Matsuhisa Paris

Kechki taomni xarakteri jihatidan bir-biridan farq qiladigan ikki desertdan biri bilan yakunlash mumkin. Nafis Nuage shiso, fraise et framboise desertida qulupnay, malina va shiso — yangi, o‘tsimon notalarga ega yapon o‘simligi uyg‘unlashib, rezavor mevalar ta’miga noodatiy tus bag‘ishlaydi. Muqobil tanlov sifatida esa bodomli krambl va ekzotik sorbet bilan tortiladigan Nobu chizkeykini tanlash mumkin. Uning mayin, qaymoqli teksturasi qarsildoq bodom va mevalarning tetikligi bilan uyg‘unlashadi. Har ikkala desert ham ta’mlar va teksturalarning nozik uyg‘unligiga asoslangan restoran gastronomik konsepsiyasini davom ettiradi.

Matsuhisa yapon oshxonasiga odatiy tasavvurlar doirasidan tashqarida nazar tashlashga chorlaydi. Bu yerda an’analarga hurmat mualliflik talqinining erkinligi bilan uyg‘unlashadi, gastronomik kontrastlar esa restoranning o‘ziga xos uslubini belgilaydi.

Maqolani ulashish

Related articles