Met Gala 2026 haqida bilishingiz kerak bo‘lgan hamma narsa

Bugun kechqurun yilning eng muhim moda voqealaridan biri bo‘lib o‘tadi. Keling, Met Gala 2026’dan nimalar kutish mumkinligini birga ko‘rib chiqamiz.

Met Gala 2026 4-may oqshomida Nyu-Yorkdagi Metropolitan Museum of Art muzeyida bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi tadbir allaqachon yilning eng ko‘p muhokama qilinadigan moda voqealaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Kostyum instituti ko‘rgazmasining mavzusi — Costume Art, rasmiy dress-kod esa — Fashion Is Art. Demak, bu yil asosiy e’tibor moda, san’at va performans o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qotadigan obrazlarga qaratiladi.

An’anaga ko‘ra, Met Gala keyingi bir necha oy davomida moda olamidagi asosiy suhbatlarga yo‘nalish beradi. Aynan shu kechada yulduzlar, dizaynerlar va stilistlar mavzuni eng dadil talqinlarda namoyish etadi, qizil yo‘lakdagi har bir chiqish esa darhol media va ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylanadi. 2026-yilda ayniqsa konseptual obrazlar kutilmoqda: haykaltaroshlikni eslatuvchi siluetlardan tortib, san’atga ochiq ishoralar va tanani tirik kanvas sifatida talqin qiluvchi jasoratli yechimlargacha.

Bu yil Met Gala’ga Beyoncé, Nicole Kidman, Venus Williams va Anna Wintour hamraislik qiladi. Albatta, asosiy e’tiborlardan biri Beyoncé’ga qaratiladi: xonanda Met Gala’da so‘nggi bor qariyb o‘n yil avval ishtirok etgan. Uning bu safargi qaytishi, ayniqsa hamrais maqomida, tadbirga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi. Met Gala 2026, shuningdek, Anna Wintour uchun American Vogue bosh muharriri lavozimidan ketganidan keyingi ilk Met Gala bo‘ladi. Biroq u Vogue’ning Global Editorial Director’i va Condé Nast’ning Chief Content Officer’i lavozimlarida faoliyatini davom ettirmoqda.

Beyoncé, 2016 Met Gala
Photo: Getty Images

Venus Williams, 2025 Met Gala
Photo: Getty Images

Nicole Kidman, 2025 Met Gala
Photo: Getty Images

Avvalgi yillardagidek, bu yil ham gala kechasining host committee tarkibi bo‘ladi. Unga Anthony Vaccarello, Zoë Kravitz, Adut Akech, Angela Bassett, Sinéad Burke, Sabrina Carpenter, Doja Cat, Gwendoline Christie, Misty Copeland, Alex Consani, Elizabeth Debicki, Lena Dunham, Paloma Elsesser, Rebecca Hall, LISA, Chloe Malle, Aimee Mullins, Amy Sherald, Tschabalala Self, Sam Smith, Teyana Taylor, Anna Weyant, Lauren Wasser, A’ja Wilson, Chase Sui Wonders va Yseult kiradi. Bundan tashqari, 2026-yilgi gala kechasi va ko‘rgazmaning bosh homiylari sifatida Jeff Bezos va Lauren Sánchez Bezos faxriy raislar sifatida ishtirok etadi.

Gala ochib beradigan ko‘rgazma ham kostyumni badiiy obyekt sifatida o‘rganishga bag‘ishlanadi. Shu sababli Met Gala 2026 shunchaki katta qizil yo‘lak voqeasi emas, balki moda zamonaviy san’at tilini qanday shakllantirishi haqida kengroq madaniy suhbatga sabab bo‘lishi kutilmoqda. Aynan shuning uchun bu tadbir yana nafaqat fashion-industriya vakillarini, balki pop-madaniyat, mashhurlar uslubi va kiyim, identitet hamda san’at o‘rtasidagi o‘zgarib borayotgan bog‘liqlikni kuzatadigan barchani bir joyga jamlaydi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles