Moda uylarining qahvaxonalari: did va uslub bir butunlik kasb etganda

Uslub va muhit uchun qayerga borish kerak?

28 Okt 2024
Foto: Instagram / Louis Vuitton

Moda kiyimdan ko‘ra ko‘proq narsaga aylangan dunyoda moda uylari nafaqat hashamatli kolleksiyalarni, balki mualliflik taomlari, ichimliklar va ularning uslubini aks ettiruvchi muhitdan bahramand bo‘lish mumkin bo‘lgan noyob joylarni ham taklif qiladi.  Moda uylaridagi qahvaxonalar va restoranlar – bu estetika, ta’m va brend tarixining sintezi. Biz nafaqat interyerda, balki taomnomada ham yuqori moda ruhi seziladigan eng yaxshi joylarni saraladik.

Ushbu maskanlarda har bir qultum qahva va har bir taom ta’mi brendning ruhi va madaniyati bilan yaqindan tanishish, ularning qadriyatlari va merosini his qilish imkonini beradi. Moda uylari urf ta’m, qulaylik va go‘zallikni birlashtirgan holda kundalik tajribaga aylanishining mukammal namunasidir.

Le Café V va Sugalabo V, Osaka 

Yaponiyaning Osaka shahridagi Louis Vuitton flagman butikining markazida ikkita noyob muassasa – Le Café V qahvaxonasi va Sugalabo V restorani joylashgan. Ushbu manzillarning ochilishi bir vaqtlar yuqori moda va gastronomiya dunyosida inqilob bo‘ldi. Axir, Louis Vuitton nafaqat moda dunyosini zabt etishga, balki o‘z ixlosmandlariga to‘laqonli vizual tajribani taklif qilishga intiladi.

 

Qahvaxonaning ichki qismi to‘lqinlar uzra suzib ketayotgan kemani eslatadi va sayohat muhitini yaratadi. Bu yerda hamma narsa ikir-chikirlarigacha puxta o‘ylangan: jimjimador manometrli nafis quvurlar va mis kastryulkalar kema oshxonasi muhitini eslatadi, moviy divanlar va nafis bar peshtaxtalari esa zamonaviy, sara joy tuyg‘usini beradi.

Muassasaning gastronomik kontseptsiyasi afsonaviy oshpaz Joel Robyushonning shogirdi Yosuke Sugi rahbarligida ishlab chiqilgan.

Le Café V butikning barcha mehmonlari uchun kun davomida ochiq va Sugalabo V restoraniga faqat oldindan joy band qilish orqali kirish mumkin. Kechqurunlari ishlaydigan bu restoran o‘zining yashirin eshigidan sirli kirish yo‘li bilan odamlarni o‘ziga jalb qiladi.

Vivienne Westwood Café, Shanxay

Shanxaydagi Vivienne Westwood qahvaxonasi tashrif buyuruvchilarni Britaniyaning boy madaniy qatlamlaridan ilhomlangan an’anaviy ingliz uslubining shinam dunyosiga olib kiradi. XVIII asr uslubidagi choyxona va fotostudiya ruhidagi ikki zamonaviy zonadan tashkil topgan ushbu maskan dizaynerning takrorlanmas imzosini o‘zida aks ettiradi. 

Taomnomada dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan ajoyib pishiriqlar, qahva va choyning keng tanlovi mavjud.

Shanxaydagi Vivienne Westwood qahvaxonasi brend uchun o‘ziga xos bo‘lib, Britaniya merosi elementlarini innovatsion talqinda namoyish etdi. Ko‘pgina brendlar Xitoydagi do‘konlarini yopgan bir paytda, Vivienne Westwood yangi auditoriyani jalb qila oldi. Qahvaxona nafislik va uslubning ramzi bo‘lib, Xitoy markaziga o‘ziga xos “Britaniya ekssentrikligi” muhitini olib kiradi.

Thomas’s Café, London 

Londondagi Vigo-stritda joylashgan Thomas’s Café Britaniya madaniyati va Burberry merosining haqiqiy timsoli hisoblanadi. Qahvaxonaning yorqin, keng interyeri brend uslubini anglatuvchi elementlar bilan bezatilgan: menyudagi klassik logotiplar, yumshoq ayiqchlar va nozik pastel ranglar.

Tashrif buyuruvchilarga eng yaxshi mavsumiy mahsulotlar asosida yaratilgan taomlar taklif etiladi: kuzgi rezavorlardan tayyorlangan jem surilgan uy nonlaridan tortib lobsterli tansiq nonushtalargacha.

Qahvaxona nafaqat mazali taomlarni taklif qiladi, balki sokin sharoitda vaqt o‘tkazish mumkin bo‘lgan tinchlantiruvchi muhitni ham taqdim etadi. Mehmonlar katta derazalardan Sakvill-strit manzarasidan bahramand bo‘lishlari yoki qahvaxonaning shinam burchaklarida tanho qolishlari mumkin. Bu yerda har bir element Burberry an’analarini eslatadi, qahvadan zavqlanish haqiqiy Britaniya jozibasi bilan uyg‘unlashadi.  

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin