Nozik yuzalardagi nafis naqshlar

Chinni naqqoshlik tarixi: Rimma Gazalieva va uning ijodi

Foto Rimma Gazaliyeva tomonidan taqdim etildi, fotograf Alla Gajeva

Сhinni naqqoshligi – chinni idishlar yoki buyumlarni bezash texnikasi bo‘lib, unda turli naqshlar, tasvirlar yoki dekorativ elementlar sirtga tushiriladi. U odatda bejirimlik va nafislik bilan bog‘liq. Chinni naqqoshligi orqali oddiy idish-tovoqlar yoki dekorativ buyumlar haqiqiy san’at asarlariga aylanib, interyerga nafislik va ko‘rk qo‘shishadi.

Tarixdan qisqacha

Chinni naqqoshligi qit’alar va asrlarni qamrab olgan boy tarixga ega bo‘lib, u o‘zida madaniy ta’sirlar va badiiy usullarni birlashtiradi.

Chinni naqqoshligining vatani – Xitoy. Yevropada esa bu san’at turi XVIII asrdan rivojlana boshlangan  va aynan shu davrdan boshlab ham uslub va mavzularning shakllanishi kuzatiladi. Xitoy chinnilari ko‘pincha o‘simlik motivlari bilan bezatilgan, dengiz otchalari, ajdarholar va baliq tasvirlari esa klassika sanalgan.

Min sulolasi chinnilariga firuza, sariq, yashil, binafsha va jigarrang sir (metal buyum va idish-tovoq sirtiga qoplanadigan shishasimon massa; emal)larning uyg‘unlashuvi bilan ajralib turadi. XVIII asrda imperator Yunchjen davrida esa chinni naqshlarining uslubi o‘zgargan. Pushti rangdagi emal paydo bo‘lib, pech ishi Szyansyan davridagi keramika bezaklarini butunlay yo‘q qilgan. Shu bilan birga, limonli-sariq va oq emal ishlatila boshlangan. Chinni buyumlar butun bir asr davomida shu tarzda bezatilib kelingan.

Toshlar, gullar va baliqlarning ranglari o‘zgargan – ular yanada rang-barangroq bo‘lgan. Naqshlar juda yiriklashib, atrofi och pushti geometrik naqshlar bilan o‘ralgan. XVIII asrda janrli va mifologik kartinalar urfga kirgan. Shu bilan birga, Yunchjen davriga xos bo‘lgan qora chiziqlar bilan chizish, shuningdek, o‘ymakorlikning zamonaviy tendensiyasi qayta tiklangan.

Bugungi kun chinni naqshlari

Bugungi kunda chinni buyumlarni bezashda asosan ikkita naqqoshlik texnika: ostki sirlash (underglaze) va ustki sirlash (overglaze) texnikalari qo‘llaniladi. Bularning barchasi kuydirish yo‘li bilan birlashtiriladi: ostki sirlash yuqori haroratda, ustki sirlash esa past haroratda.

 Sir osti naqshlari

Bugungi kunda bu usul juda kam uchraydi, chunki u to‘liq ranglar to‘plamidan foydalanishga imkon bermaydi. Naqsh sirlash va kuydirishdan oldin toza keramika yuzasiga tushiriladi. Bu texnikada chinni buyumlarni bo‘yash uchun mo‘yqalam, pat yoki maxsus sirli qalamdan foydalaniladi. Sirli qalam nisbatan yaqindagina qo‘llanila boshlandi.

Bu texnikaning murakkabligi rang tanlashdadir, chunki pigmentlar kuydirilgandan keyin  rangini o‘zgartirishi mumkin. Shu bilan birga, sir osti naqshlari yumshoq, silliq chiziqlar bian chizilganligi sababli katta afzallikka ega. Shuning uchun ular murakkab elementlarni chizish, chinnilarni o‘z qo‘llari bilan bezash uchun tanlanadi.

Sir usti naqshlari

Bu sirlangan yuzalarga naqsh solish texnikasidir. Bu texnikada ishlash osonroq bo‘lgani uchun aksariyat buyumlar aynan shu usulda bezatiladi. U bir qator afzalliklarga ega:

  1. Yakuniy kuydirish harorati past bo‘lganligi sababli dastlabki rang yo‘qolmaydi.
  2. Naqshni qayta ishlash va qayta chizish mumkin: hali kuydirilmagan qatlamlarni skipidar bilan olib tashlash mumkin.
  3. Oltin va kumushdan foydalanish mumkin.

Lekin bu usulning o‘z kamchiliklari ham bor: ishlov berilgan yuzaga rang surtish rasmning chidamliligini pasaytiradi, chunki rangli pigmentlar sirda erimaydi. Natijada, vaqt o‘tishi bilan, ayniqsa chinni idishlar tez-tez idish-tovoq yuvish mashinasi yordamida yuvilsa, rasm sirtdan yo‘qolishi mumkin.

Sir usti naqshini paypaslab aniqlash mumkin. Buning sababi shundaki, bo‘yoq sir ustiga notekis surkaladi. Natijada qalinroq surtmalar hosil bo‘ladi. Bu texnikadagi bo‘yoq metall oksidlari va flyusdan iborat. Birinchisi rangni aniqlaydi, ikkinchisi esa pigmentlarning sirga singishi uchun zarur.

Rimma Gazalieva

Foto: Rimma Gazaliyeva, fotograf Mukhiddin A Lee

Mamlakatimizda chinni rangtasviri bo‘yicha yuksak malakali mutaxassislardan biri – rassom Rimma Gazalievadir. Uning asarlari butun dunyoga mashhur. Rassomning rasmlari ko‘p qirrali: nozik buyumlardagi so‘zanalar, atlas laganlar va likopchalar, uning mashhur anor mavzulari hamda nafis syujetli naqshlar shular jumlasidandir.

Rimma Gazalieva O‘zbekistonda tug‘ilgan va shu yerda istiqomat qiladi. U bolaligidan rasm chizishni yaxshi ko‘rar va rassom bo‘lishni orzu qilardi. U Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini tamomlab, o‘qishini Toshkent davlat teatr va rassomlik institutida davom ettirgan.

Institutni tugatgandan so‘ng, Rimma, Quvasoy chinni zavodiga rassom bo‘lib ishga kiradi va u yerda uzoq yillar bosh rassom lavozimini egallab keladi. 

Rimma Gazaliyeva - O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Ijodiy uyushma a’zosi sifatida  ko‘plab ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelgan va 2004-yildan boshlab Toshkent shahrining turli galereyalarida bir qator shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazgan.

Rimma Gazalieva Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Xalqaro amaliy san’at biyennale (har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan san’at ko‘rgazma)sida faol ishtirok etip keladi. Uning asarlari butun dunyo bo‘ylab shaxsiy kolleksiyalarni bezatib kelmoqda.

Bugungi kunda Rimma asosan 800 gradusli kuydirish bilan sir usti naqshlari texnikasida ishlaydi.

"Zavodda ishlaganimda, juda ko‘p sir osti bo‘yoq va metall tuzlari (1400 daraja) bilan ishlaganman. Tuz bilan naqsh solish – xom chinni yoki fayans (sopol)ga yumshoq akvarel (suvdagi) chizmalarini tushirish kabidir. Bo‘yoq bir zumda shimiladi va hech narsani to‘g‘irlab bo‘lmaydi! Rang faqat kuydirgandan keyin ko‘rinadi," – deydi Rimma Gazalieva.

Foto: Roza Sayfullayeva

O‘z rasmlarini yaratishda rassom,  tashrif buyurgan muzeylar, ko‘rgazmalardan ilhom oladi.

Rassomlarning yangi avlodi hayratlanarli va qiziqarli asarlar yaratish uchun zamonaviy texnologiyalar, innovatsion materiallar va konsepsiyalardan foydalanadilar.

Rimma Gazalieva chinni bo‘yicha rassomlarning yangi ijodiy avlodiga quyidagi maslahatni berdi: "Sir usti bo‘yoqlarini aralashtirmang! Bu bo‘yoqlar mineral. Har biri o‘z xossasiga va ko‘pincha har xil harorat chegarasiga ega."

Ilhom – haqiqiy ijodni usiz tasavvur qilish qiyin bo‘lgan hodisa. Har bir ijodkorning o‘z ilhom manbai bor.

Bir vaqtlar Rimma Leningrad chinni zavodiga kelib qolgan va ustalarning ishlaridan ilhomlangan edi. Mualliflik uslubini esa u Ermitaj zaxiralari bilan shug‘ullanib topdi. Zallardagi dunyo kulolchiligi durdonalari (chinni – kulolchilikning turlaridan biri) uning iste’dodini o‘stirgan. Ushbu eksponatlarning diqqatga sazovorligi Rimma Gazalievaning iste’dodini tarbiyalashda yaxshi natija bergan.

Ayni paytda rassom o‘zining ijodiy faoliyati bilan juda faol shug‘ullanayapti va turli xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishga harakat qilyapti.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin