O‘zbekiston Expo-2025 ko‘rgazmasida pavilyonini ochdi

“Bilimlar bog‘i” Osakada taqdim etildi

Foto: UZNEWS.UZ

O‘zbekiston Osakada o‘tkazilayotgan Expo-2025 ko‘rgazmasida o‘z pavilyonini namoyish etdi. Taqdimot marosimida shahar hokimi, O‘zbekiston elchisi va Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari Gayane Umerova ishtirok etdilar.

“Bilimlar bog‘i” deb nomlangan pavilyon milliy an’analar va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unligini aks ettiradi. Germaniyaning Atelier Brückner byurosi tomonidan yaratilgan loyiha arxitekturasi O‘zbekistonning tarixiy merosidan ilhom olib, qurilishida yapon kedri va o‘zbek sopol buyumlari kabi ekologik toza materiallardan foydalanilgan.

Ko‘rgazma doirasida ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 18-may kuni O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri ishtirokida konsert va 1-sentyabr kuni Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan premyera bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, mamlakatning Venetsiya arxitektura biyennalesi va “Art of Tomorrow” konferensiyasida ishtirok etishi e’lon qilindi.
O‘zbekiston pavilyoni Expo-2025 tashrif buyuruvchilari uchun olti oy davomida faoliyat ko‘rsatadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles