O‘zingizni va boshqalarni tushunish san’ati

Emotsional intellekt nima va uni qanday rivojlantirish kerak?

fotо: unsplash

Ayni lahzaning o‘zida his-tuyg‘ular va emotsiyalarni anglash hamda boshqarish, shuningdek, boshqa insonlar bilan muloqotda ushbu ko‘nikmalarni qo‘llash qobiliyati emotsional intellektning asosi bo‘lib hisoblanadi. Bu munosabatlar qurish va hayotda muvaffaqiyat qozonish qobiliyatimizga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. 

His-tuyg‘ular nazorati

O‘tgan asrning boshlarida butunjahon psixologlar hamjamiyatida ijtimoiy intellektning ahamiyati tobora ko‘proq tilga olina boshladi. Ushbu konsepsiya o‘zingizning va boshqalarning his-tuyg‘ulari hamda emotsiyalarini tahlil qilish, farqlash va ular haqidagi bilimlardan fikrlash hamda harakatlaringiz ustidan nazorat qilish yo‘lida foydalanish ko‘nikmasini o‘z ichiga oladi. 

Zamonaviy psixologiya ushbu nazariyaning to‘qqizta asosiy tarkibiy qismini farqlaydi: emotsional rag‘batlar, his-tuyg‘ularni tan olish, o‘zlikni anglash, o‘zingizni boshqarish, ijtimoiy xabardorlik, ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, o‘z o‘rningizni topish, boshqalarga o‘z o‘rinlarini topishga yordam berish va emotsional yakdillik.   

Muvaffaqiyat kaliti

Rivojlangan emotsional intellektga ega bo‘lgan shaxslar jamoalarni ilhomlantiradilar va rag‘batlantiradilar, insonlarning ehtiyojlarini tushunadilar, nizolarni samarali hal qiladilar va ishonchli munosabatlarni o‘rnata oladilar. Bu karyera va biznesda muvaffaqiyatga erishishga hissa qo‘shadi. Bunday insonlar rivojlangan empatiyaga ega bo‘ladilar va bu atrofdagilar bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatishga yordam beradi hamda shaxsiy munosabatlarda o‘zaro tushunish va qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan eshiklarni ochadi. 

Shuningdek, emotsional intellekt insonlarga kuchli va zaif tomonlarini aniqlashga yordam beradi. His-tuyg‘ularni to‘g‘ri boshqarish esa stress darajasini pasaytiradi va charchashning oldini olishga xizmat qiladi. Birgalikda, ushbu ko‘nikmalar hayotda muvaffaqiyatga erishish bilan bevosita bog‘liq, xoh u karyera pog‘onalarida o‘sish bo‘lsin, xoh ideal munosabatlar yoki qalb xotirjamligi.

fotо: unsplash

O‘zlikni anglashdan empatiyagacha bo‘lgan qadamlar

Boshlanishiga his-tuyg‘ularingizni kuzatishni va xatti-harakatlaringizni tahlil qilishni boshlang. O‘zingizga muntazam ravishda savol bering: «Hozir nimani his qilyapman?» Samaraliroq natijaga erishish uchun voqealarga nisbatan javoblaringiz va reaksiyalaringizni qayd qiling. Qiyin vaziyatlardan so‘ng, qanday munosabat bildirganingizni va keyingi safar nimani o‘zgartirish mumkinligini ko‘rib chiqing. 

Qiyin vaziyatlarni yaxshiroq yengib o‘tish uchun his-tuyg‘ularingizni qabul qilishga harakat qiling, ulardan qochmang. Shunda siz diqqatingiz qaratilgan markazni o‘zgartirish orqali ularni o‘sish uchun imkoniyatlarga aylantira olasiz. O‘zingizda empatiyani rivojlantiring va atrofingizdagi insonlarning his-tuyg‘ularini o‘rganing. His-tuyg‘ularingizni xotirjam va aniq ifoda etishni boshlang, shuningdek boshqalardan qayta aloqa olishni ham unutmang. Bu sizga o‘zingizni boshqa tomondan ko‘rishga va qaysi jabhada nimani yaxshilash mumkinligini tushunishga yordam beradi.

Yodingizda bo‘lsin, his-tuyg‘ularingizni anglash va emotsional intellektni rivojlantirish — vaqt talab etuvchi jarayon. Ruhiy salomatligingiz haqida g‘amxo‘rlik qiling va boshqalarning his-tuyg‘ulariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ling. Muntazam ravishda dam olish va tiklanish uchun vaqt ajrating hamda sizga quvonch bag‘ishlaydigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni ham unutmang.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin