Olivier Mulen – mahorat va nafosatni o‘zida mujassamlashtirgan fransuz pianinochisi

Fortepiano sehri: orkestr bilan ijro etishni sevadigan pianinochi

Surat Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida 9-noyabr kuni mashhur bastakor Gabriel Forening vafotining 100 yilligiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi, unda fransuz pianinochisi Olivier Mulen ishtirok etdi.

“Washington Post” nashri tomonidan “yetuklik va nafosatni namoyish etuvchi yosh pianinochi” sifatida yuqori baholangan Olivier Mulen Liondagi Oliy milliy musiqa konservatoriyasini tamomlagan va u yerda taniqli ustalar Erik Xaydsik va Geri Mute rahbarligida eng yuqori baholar bilan birinchi mukofotga sazovor bo‘lgan.

Liondan so‘ng u Zalsburgdagi Motsarteum universitetida o‘qishni davom ettirib, Karl-Xayns Kemmerling va Klemens Xagendan ta’lim oldi hamda magistraturani imtiyozli diplom bilan tugatdi.

Uning ijodiga Aldo Chikkolini, Ivonna Lorio-Messian, Dominik Merle, Jak Ruvye va Serjio Pertikaroli kabi mashhur musiqachilar ta’sir ko‘rsatgan.

Nufuzli xalqaro tanlovlarda mukofotlarga sazovor bo‘lgan pianinochi sifatida u dunyoning yetakchi konsert zallari sahnalarida muntazam ravishda chiqishlar qiladi.

Olivier Mulen o‘z ijodidan tashqari, ma’rifiy faoliyatga ham katta e’tibor qaratadi. Fransiyadagi mintaqaviy musiqa muzeyida professor sifatida o‘z bilim va tajribasini yosh avlodga yetkazadi. Bundan tashqari, pianinochi Epinal shahridagi nufuzli xalqaro tanlovga rahbarlik qiladi.

Sizni musiqaga nima jalb qildi va qachon pianinochi bo‘lishni istab qoldingiz?

Men pianino bilan tug‘ilgan qishlog‘imdagi musiqa maktabida tanishganman va u yerda ko‘pchilik bolalar singari musiqa darslariga qatnay boshlaganman. Ota-onam musiqani juda sevishardi, meni bolaligimdan bu olamga olib kirishgan va tez-tez konsertlarga olib borishardi.

Esimda, ayniqsa uyimda tinglagan pianino yozuvlari meni sehrlab qo‘ygandi. Pianinochi bo‘lish istagi menda juda erta paydo bo‘lgan, bu yo‘l qanchalik qiyin bo‘lishini tushunishimga qaramay, bu haqiqiy orzu edi.

Sizning birinchi ustozingiz kim edi va u sizning musiqiy yo‘lingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Mening birinchi pianino saboqlarim taxminan yetti yoshimda boshlangan, bu cholg‘u chalishni o‘rganishni boshlash uchun juda odatiy hol. Birinchi ustozim Fransuaza Dyumaning o‘sha paytda menga juda murakkab tuyulgan asarlarni yengil ijro etgan mahorati menda qoldirgan taassurotni hozirgacha eslayman. O‘tmishga nazar solar ekanman, shubhasiz, musiqiy yo‘limni shakllantirishda muhim rol o‘ynagan birinchi ustozimga nisbatan chuqur hayrat tuyg‘usini his etganimni tushunaman.

Musiqiy karyerangizda kelajak uchun qanday rejalaringiz bor? Balki yangi loyihalar yoki albomlar?

Yaqin haftalarda 2024-yilda vafot etganining 100 yilligi nishonlanayotgan fransuz bastakori Gabriel Forega bag‘ishlangan konsertlar turkumini davom ettiraman. Bu konsertlar Mavrikiy va Vyetnamda bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, men 2025-yilgi dastur ustida ishlayapman, u yana ikkita buyuk fransuz bastakori – Moris Ravel va Erik Satiga bag‘ishlangan yakkaxon chiqishlar va to‘rt qo‘lli duetlarni o‘z ichiga oladi.

Kelgusi yil Ravel tug‘ilganining 150 yilligi va Sati vafotining 100 yilligi nishonlanadi. Men bu ikki bastakor ijodini taqqoslamoqchiman, chunki ularning o‘zaro munosabatlari XX asr boshlarida Parijda hukm surgan ijodiy yuksalishning o‘ziga xos muhitini aks ettiradi. G‘alati va bogem bastakor Sati 1890-yillarda badavlat oiladan chiqqan yosh pianinochi Ravel bilan tanishgan. Kelajakda ushbu dasturni yozib olishni ham rejalashtirmoqdaman.

Surat Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi

Siz yosh iste’dodlarni faol qo‘llab-quvvatlayapsiz. Bu sohadagi loyihalaringiz haqida gapirib bera olasizmi?

Ha, men Nensi konservatoriyasida fortepiano bo‘yicha dars beraman va Epinaldagi Xalqaro pianinochilar tanlovining prezidentiman. Men o‘z musiqachilik tajribamni pianinochilarning keyingi avlodiga yetkazishga chin dildan intilaman.

Konsert karyerasini boshlash ko‘pincha yosh musiqachilar uchun murakkab bosqichga aylanadi. Epinalda tanlovni tashkil etish bu yo‘lda yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sa’y-harakatlarimning bir qismidir. Tanlov o‘zini namoyon qilish, hakamlar hay’ati a’zolari va boshqa ishtirokchilar bilan muloqotda bebaho tajriba orttirish uchun qimmatli imkoniyat beradi, bu esa bilim almashish va kasbiy o‘sishga yordam beradi.

Bundan tashqari, g‘oliblar konsertlarda chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, bu ularning karyerasini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Kelajakda qaysi musiqachi bilan ishlashni xohlaysiz?

Yakkaxon karyeramni rivojlantirishdan tashqari, kamer musiqasi sohasida o‘z mahoratimni oshirishni davom ettirmoqchiman. Bu janr musiqa san’atiga o‘ziga xos qarashni taklif etadi, nafaqat ijrochilik mahoratini oshirish, balki hamkorlikdagi ijod orqali shaxslararo munosabatlar tajribasini boyitish imkonini ham beradi.

Men o‘qish paytida birga ijro etgan trubachi David Gerre bilan duetda chiqishlarimni davom ettirmoqchiman. Yaqinda u Berlin filarmoniya orkestrining birinchi trubachisi lavozimiga tayinlandi.

Yosh musiqachilarga, o‘z yo‘lini endigina boshlayotganlarga, qanday maslahatlar bera olasiz?

Men yosh musiqachilarga tanlovlarda qatnashishni maslahat berardim, chunki bu o‘zini namoyon etishning eng oson usullaridan biridir. Tanlovlar repertuarni kengaytirishga va qisqa muddatda ijro etilishi lozim bo‘lgan keng ko‘lamli asarlarni – yakkaxon dasturlardan tortib konsertlar va kamer musiqasigacha – tezda o‘zlashtirish qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradi.

Bu qobiliyat ijrochi hayotida juda muhim, chunki ko‘pincha turli konsert dasturlari o‘rtasida tez almashinishga to‘g‘ri keladi. Musiqachi martabasi ham mustahkam iroda va kuchli asablarni talab qiladi.

Pirovardida, men shaxsiy ijodiy yo‘lni shakllantirish va o‘z musiqiy vazifasini aniqlash uchun o‘zlikni anglashga vaqt ajratish nihoyatda muhim, degan fikrdaman. Ba’zilar ijrochilikning muayyan janrida, masalan, zamonaviy musiqada ajoyib qobiliyatlarini namoyon etadilar. Boshqalar esa kamer musiqasini rivojlantirishga yoki xonandalarni jo‘rlikda kuzatishga qiziqishlari mumkin.

Chiqishlaringiz uchun repertuarni qanday tanlaysiz?

Men repertuardan umumlashtiruvchi g‘oyani topib, konsertlarning mavzuli dasturlarini tuzishni juda yoqtiraman. Bular ma’lum bir bastakorga, muayyan mavzuga (masalan, suv yoki tunga) bag‘ishlangan chiqishlar yoki bir-biriga ta’sir ko‘rsatgan turli bastakorlarning asarlarini bog‘laydigan dasturlar bo‘lishi mumkin.

Sahnaga chiqishdan oldin sizda qandaydir marosimlar bormi?

Konsert kuni har doim alohida bo‘ladi. Odatda ertalab fortepiano va konsert zalining akustikasiga ko‘nikish uchun bir oz mashq qilaman. Keyin tushlik qilishni va shaharning muhitini, hidlarini, merosini va umumiy ruhiyatini his etish uchun chiqish bo‘layotgan shahar bo‘ylab sayr qilishni yaxshi ko‘raman.

Konsertdan oldin biroz dam olishni ma’qul ko‘raman va ilhom hamda tasodifiylikni saqlab qolish uchun chiqish kunida ortiqcha mashqlardan qochaman. Yana banan va shokolad quvvat hamda diqqatni jamlashga yordam beradi.

Qaysi bastakorlar va asarlar sizni ko‘proq ilhomlantiradi?

Men Listning musiqasini, ayniqsa, uning XIX asr fortepiano san’atining cho‘qqisi deb hisoblangan fortepiano sonatasini juda qadrlayman. Shuman, Brams, Raxmaninov, Fore, Debyussi va Ravel asarlari ham menga juda yaqin.

O‘zbek bastakorlari va pianinochilarining ijodi bilan tanishmisiz?

Yaqinda o‘zbek pianinochisi Behzod Abduraimovni eshitish baxtiga muyassar bo‘ldim. U haqiqatan ham musiqa va pianino nuqtayi nazaridan ajoyib musiqachi. Uning so‘nggi yozuvi esa meni o‘zbek bastakori Dilorom Saidaminovaning “Qadimiy Buxoro devorlari” asari bilan tanishtirdi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin