Kutyurdan plyaj klublari
Bu yil yozda borishingiz kerak bo‘lgan lyuks brendlar pop-aplari
Jazirama yoz mavsumida ajoyib sohil bo‘yida dam olgingiz va dengiz havosidan bahramand bo‘lgingiz keladi. Bu yil ham moda uylari o‘z an’analariga sodiq qolgan holda, bir necha plyaj klublari uslubini o‘zgartirdilar. Elle O‘zbekiston bu yil yozda butun dunyo bo‘ylab borishingizga arziydigan brendlar pop-aplari bilan tanishib chiqishni taklif etadi.
Saint-Tropezdagi Jacquemus, Fransiya
Bu yil yozda fransuz brendi Jacquemus O‘rta yer dengizi sohilidagi kurort-shahar Saint-Tropezda joylashgan Indie plyajini o‘z uslubida bezadi. Simon bu safar shahar ko‘rinishiga brendning ko‘k va olov rang chiziqlarini olib kirdi. Yangi to‘plam, plyaj uchun aksessuarlar va klub qoshidagi La Renaissance restorani uchun yangilangan menyu taqdim etdi.
Modalar uyi brendlangan shezlong, soyabonlar, instalyatsiyalar va brendning kapsula to‘plamli butiklarini taqdim etdi. Shuningdek, klub hududida Jacquemus dizaynerlari tomonidan ishlab chiqarilgan turli aksessuarlar: plyaj raketkalari, domino, o‘yin kartalari, suvenirlar, magnitchalar va taklifnomalarni xarid qilish mumkin.
Los-Anjelesdagi Christian Dior, AQSH
Fransuz modalar uyi Christian Dior “farishtalar shahri” – Los-Anjelesdagi (AQSH) Beverly Hills gollivud mehmonxonasini bezatdi. Mehmonxona xizmatlari qatoriga Dior brendining maxsus muolajalar dasturini o‘z ichiga olgan spa-rezidensiyasi ham kiritildi. Xonalar brendning Toile de Jouy Soleil uslubidagi koral (qizg‘ish) rangda bezatilgan.
Sohilbo‘yi vohasi ham brend uslubidagi rafiy gulqog‘ozlar, bambukli bezaklar va tabiiy o‘lchamdagi dengiz chig‘anoqlari, hayvonlardan esa sherlar, yo‘lbarslar va jirafalar bilan bezatilgan. Mehmonxona hududida brend logotipi, shezlonglar va ramziy quyosh timsoli tushirilgan plyaj soyabonlari mavjud. Mehmonxonada brendning yangi Dioriviera to‘plami va byuti-mahsulotlar sotiladigan butik faoliyat ko‘rsatadi.
Kann shahridagi Miu Miu, Fransiya
Italiyaning kiyim va aksessuarlar brendi Miu Miu Kann shahrida o‘tkaziladigan kino festivalga bag‘ishlab Plage L'Ecrin kurortidagi plyaj klubini o‘z uslubida bezadi. Modalar uyi plyajni qizil vintaj chiziqlar va Miu Miu brendining ramziy logotipi bilan yasatib chiqdi. Barcha predmetlar: shezlonglar, soyabonlar, maxsus dekorativ panellar, sport aksessuarlari va oziq-ovqat aravachalari brendning avangard uslubida bezatildi.
Modalar uyi Kann festivali sharafiga Miu Miu brendining 2024-yil bahor va yoz eksklyuziv to‘plamini namoyish etdi. Shu asnoda, hordiq chiqarish uchun manzarali ko‘rinishga ega hamda yuqori moda va uslub ko‘rgazmasiga ega ajoyib bir maskan yaratilgan.
Kapri orolidagi Luisa Spagnoli, Italiya
Kapri orolidagi eng mashhur plyaj klublaridan biri Da Luigi ai Faraglioni bu yozda Italiyaning “Luisa Spagnoli” uslubida dam olishni taklif etadi. Orol butun yoz davomida brendning sariq va ko‘k ranglariga burkanadi. Plyaj hududidan tortib to restorangacha bo‘lgan har bir detal modalar uyi nafosatini o‘zida aks ettiradi.
Luisa Spagnoli plyaj klubiga qo‘shimcha ravishda La Canzone del Mareda brendning so‘nggi to‘plamlari taqdim etilgan vaqtinchalik eksklyuziv do‘konini ochdi. Mashhur Reina Olga brendi bilan hamkorlikda cho‘milish kiyimlarining kapsula to‘plami maxsus pop-up do‘koni uchun taqdim etildi.
Forte dei Marmidagi Salvatore Ferragamo, Italiya
Italiyaning Salvatore Ferragamo modalar uyi Forte dei Marmi dengiz kurortida joylashgan Twiga plyaj klubini uslublashtirishga kirishdi. Butun klub hududi: plyaj yotoqxonalari, kreslolar, yostiqlar va boshqa plyaj aksessuarlari brendga xos – moviy ranglarda bezatilgan.
Shuningdek, Salvatore Ferragamo brendi logotipi tushirilgan velotandem va klubda ochilgan yangi butikni taqdim etdi. Do‘kondan kapsulalar to‘plami, qizil rafiydan tayyorlangan Hug ekskluziv mini sumkasi va boshqa yozgi aksessuarlarni xarid qilishingiz mumkin.
Makaodagi Louis Vuitton, Xitoy
Louis Vuitton lyuks brendi odatiy yevropacha yo‘nalishni o‘zgartirib Xitoyga yo‘l oldi. Banyan Tree Macau mehmonxonasida LV brendining bu yilgi birinchi eksklyuziv do‘koni ochildi. Bundan tashqari, fransuz brendining monogrammasi basseyn poli, soyabonlar, kabinalar va muzqaymoqli maxsus velosiped kioskasini bezatdi hamda mehmonlarni Louis Vuitton dunyosiga olib kirdi.
Shuningdek, brend 2024-yilgi “LV by the Pool” nomli to‘plamining plyaj kolleksiyasi, sumkalar, oyoq kiyimlar, quyosh ko‘zoynaklari va boshqa aksessuarlarini taqdim etdi. Brend monogrammasi tushirilgan LVacation Tote va Bucket momiq sumkalari, Rush Bum va cho‘ntak organayzerlari eksklyuziv ravishda taqdim etilgan.